Yangi O‘zbekiston oiladagi zo‘ravonlikka qarshi

Poytaxtimizda «Yangi O‘zbekiston oiladagi zo‘ravonlikka qarshi: holati, muammo va yechimlar» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda gender tengligiga erishish va xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash borasida muhim qadamlar qo‘yildi. Jumladan, 2019 yilda «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Ushbu qonun adolat tizimining xotin-qizlar va qizlar huquqlariga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirdi hamda unda belgilangan yangi kafolatlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha aniq harakatlar belgilab berildi. 

Konferensiya 4 ta sessiya asosida o‘tkazildi. Oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashish va uning oldini olish, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabat va zo‘ravonlik holatlariga qarshi murosasiz kurashish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni zo‘ravonlikdan himoya qilish kabi sessiyalarda muhokama etilgan mavzular dolzarbligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.  

Konferensiyada «Oilaviy zo‘ravonlikning oldini olishda davlat organlarining roli: muammo va yechimlar», «Markazlarga murojaat qilayotgan xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar samaradorligi: muammo va yechimlar», «Bolalarga nisbatan shafqatsiz yondashuvning oldini olishga qaratilgan tizimni shakllantirishning dolzarb vazifalari», «Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun inklyuziv jamiyat barpo etish mexanizmlari» kabi 20 ga yaqin ma’ruza tinglandi.  

Anjumanda 100 ga yaqin soha vakillari – doktorantlar, OAV xodimlari hamda 12 nafar xalqaro tashkilot vakili ishtirok etdi. Mazkur xalqaro konferensiyada tinglangan ma’ruzalardan so‘ng ishtirokchilar tomonidan qizg‘in bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi.  

 

N.Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA 

Powered by GSpeech