Bolalar – sayyoramiz miqyosida majburan ko‘chib yashayotgan 100 milliondan ortiq shaxslarning 41 fozini tashkil etmoqda. Shuning uchun bugungi kunda bolalar qaerda yashashlaridan qat’i nazar, ularning huquqlarini himoya qilish masalasi nihoyatda dolzarbdir.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 92-sessiyasida shunday bayonot berdi.
BMT Oliy komissari ta’kidlaganidek, keyingi davrda butun dunyoda bolalarning huquqlarini himoya qilish borasidagi vaziyat keskin yomonlashdi. Avvalo, COVID-19 pandemiyasi ularning ta’lim olish huquqini barbod etdi. Iqlim o‘zgarishi esa navqiron avlodning buguni va istiqboliga tahdid solmoqda.
Jahonning turli mintaqalaridagi mamlakatlarda istiqomat qilayotgan aksariyat bolalar harbiy harakatlar davom etayotgan hududlarda yoki gumanitar halokat yuz bergan og‘ir sharoitlarda kun kechirishga majbur bo‘lmoqdalar. Bu kabi barcha inqirozlar birinchi navbatda aynan bolalarning manfaatlariga zarar yetkazmoqda.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi ma’lumotlariga qaraganda, ayni vaqtda inqiroz domida qolgan 15 ta mamlakatda qariyb 40 million bola oziq-ovqat tanqisligidan azob chekmoqda. Afsuski, BMTning oziq-ovqat xavfsizligiga oid oxirgi ma’ruzasi sayyoramizning navqiron avlodi sog‘lom va xavfsiz bolalik davrini munosib yashashini ta’minlash borasidagi ishlar ortga ketayotganini ko‘rsatmoqda.
Oliy komissar Folker Tyurkning qayd etishicha, BMTga a’zo davlatlarning inson huquqlari, shu jumladan, bola huquqlari bo‘yicha zimmalariga olgan shartnomaviy majburiyatlarini to‘liq bajarish yo‘lidagi sa’y-harakatlar ijobati bu borada barqaror moliyaviy ta’minot amalga oshirilishini taqozo etadi.
BMT Oliy komissari BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining navbatdagi majlisi joriy yil 10 mart kuniga belgilanganini qayd etar ekan, ayni tadbirda ilk bor dunyoning turli mintaqalaridan bolalar ishtirok etishlarini e’lon qildi. Majlisda navqiron avlod vakillarining raqamli muhitdagi faoliyati bilan bog‘liq huquqlarini amalga oshirish asnosida uchrayotgan muammolar yuzasidan munozara olib boriladi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida mamlakatimizda bola huquqlarini ta’minlashdek ulug‘ maqsadga erishish yo‘lida eng dolzarb va samarador vazifalar belgilab berilgani juda muhim. Shu vazifalardan ayrimlariga to‘xtalamiz.
Birinchidan, endi boshlang‘ich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Hozirgi vaqtda ular xalqaro ekspertizadan o‘tib, mamlakatimizda sinovdan o‘tkazilmoqda. Lekin, ochiq aytish kerak, shu darsliklar asosida maktablarimizda berilayotgan ta’lim va tarbiya sifati, o‘qituvchilarning bilimi va mahoratini hali talab darajasida, deb bo‘lmaydi.
Ikkinchidan, bolalarimiz maktabdan ona tili va chet tillarini puxta o‘zlashtirib, kompyuterda ishlashni o‘rganib chiqishlariga erishmog‘imiz darkor. Farzandlarimizni kasb-hunarlarga, san’at va madaniyatga qiziqtirishimiz lozim. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “O‘quvchilarda erkin va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish zarur. Mana, maktablarimizga qanday muhit kirib kelishi kerak”.
Uchinchidan, 2023 yildan maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilish boshlandi. Bu ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, yangi darsliklarni ishlab chiqish, ilg‘or ta’lim standartlari va metodikalarini joriy etish uchun alohida ilmiy institut va laboratoriyalar tashkil qilinmoqda. Milliy o‘zligimiz timsoli, ma’naviyatimiz asosi bo‘lgan ona tilimizga e’tibor yanada kuchaytirilayotir.
Binobarin, bu borada Prezident maktablarida 130 ta mamlakatda ma’qullangan “A-level” ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yilgani o‘z samarasini bermoqda. Ayni jarayonda har bir o‘quvchi o‘zining qobiliyatiga qarab, aniq yo‘nalishlar bo‘yicha chuqur o‘qitilayotgani, shubhasiz, farzandlarimiz dunyoning nufuzli oliygohlariga kirib o‘qishlari bilan bog‘liq imkoniyatlarni kengaytiradi.
To‘rtinchidan, 2023 yili mamlakatimizda 70 ta yangi maktab quriladi, 460 ta maktab kengaytiriladi. Xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanadi, kelgusi besh yilda ularning soni 1 mingtaga yetkaziladi.
Beshinchidan, 2022 yil boshidan Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 285 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yilgani hisobiga bu borada yetarli tajriba orttirildi. Yangi o‘quv yilidan ushbu amaliyot qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etiladi.
Oltinchidan, yoshlarning zamonaviy kasb-hunar egallashi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida 2023 yildan boshlab yangi dastur amalga oshiriladi. Har bir viloyatda 1 tadan texnikumda Yevropa kasbiy ta’lim standartlari joriy etiladi. Kelgusi besh yilda barcha kollej va texnikumlar ushbu tizim bilan qamrab olinadi.
Davlatimiz rahbari uqtirganlaridek, “Maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo‘lmasdan kirib kelayotgani hammamizni o‘ylantirishi kerak”. Shu bois, 700 dan ortiq kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar imkoniyatidan samarali foydalanish zarur.
Yettinchidan, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kengaytiriladi. Kimyo sanoati, elektr texnikasi, transport va energetika sohalarida nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan birga, alohida Muhandislik maktablari tashkil qilinadi. Bu tizim bizda hozirgacha bo‘lmagan. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “yangi zamon injenerlari tayyorlash tizimini yaratamiz”.
Sakkizinchidan, kelgusi besh yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish uchun 600 ming yangi bog‘cha o‘rni tashkil etishdek ulkan marrani zabt etishimiz shart. Shuning uchun bog‘chalar sonini ko‘paytirish, ulardagi ta’lim va tarbiya sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha besh yillik dastur qabul qilinadi. Bog‘cha qamrovini kengaytirish bo‘yicha xususiy sektorga qo‘shimcha sharoitlar yaratiladi.
Bu haqda so‘z borganda, Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbuslari asosida so‘nggi olti yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 27 foizdan 70 foizga yetishi natijasida bugungi kunda 2 millionga yaqin bola bog‘chaga borayotganini alohida ta’kidlash maqsadga muvofiqdir. Yaqinda Toshkent shahrida o‘tkazilgan YuNESKOning Maktabgacha ta’lim bo‘yicha Umumjahon anjumanida ham ayni sohadagi islohotlarimiz samaralari yuksak e’tirof etilgani bejiz emas.
To‘qqizinchidan, keyingi yillarda yurtimiz oliygohlari soni 2,5 barobar ko‘payib, 198 taga yetgani, ularning qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshganini e’tirof etgan holda, istiqbolda bu raqamlarni yanada ko‘paytirish yo‘lida izchil amaliy ishlar olib borilayotgni ta’kidlash ayni muddaodir. Shuning barobarida, ayni sohada ta’lim sifatini yuksaltirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda.
Buning uchun, avvalambor, mamlakatimizdagi oliygohlarning 41 tasiga akademik va moliyaviy mustaqillik berilgani, ularda transformatsiya ofislari ochilganini qayd etish lozim. O‘z navbatida, oliygohlar rektorlari, professor va o‘qituvchilar bu jarayonlarda faol bo‘lishlari, yangi, ilg‘or metodikalarni joriy qilishlari kerak.
Yana bir muhim dalil: 2023 yilda oliygohlar talabalari uchun imtiyozli ta’lim kreditlariga resurslar 2 barobar ko‘paytirilib, 1,7 trillion so‘m ajratiladi.
O‘ninchidan, o‘tgan yili ilm-fan va innovatsiyalarga 1,5 trillion so‘m yo‘naltirildi. Bu – 2017 yilga nisbatan qariyb 6 barobar ko‘p, degani. Olimlarning ish haqi ham 4,5 barobar oshirildi.
Bularning barchasi hisobidan nano va biotexnologiyalar, raqamli geologiya kabi 18 ta yangi ilmiy yo‘nalish tashkil etildi. Joriy yilda ilm-fan va innovatsiyalarga 1,8 trillion so‘m ajratiladi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “aholimiz 36 milliondan oshdi. Har yili safimizga qariyb 900 ming yangi avlod qo‘shilmoqda. O‘zbekiston deb atalmish katta va inoq oilaning har bir a’zosi tinch va farovon hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish yo‘lida tinimsiz izlanyapmiz”.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 19.01.2023
- Ko'rishlar: 4184
- Chop etish