“VATAN TAYANCHI” KO‘KRAK NISHONI TOPSHIRILDI

«G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasida umumta’lim maktablarida tashkil etilgan «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatining

400 ga yaqin a’zosiga «Vatan tayanchi» ko‘krak nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiev,  davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

2022 yil 2 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan edi. Bu, o‘z navbatida, yurtimizda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining mutlaqo yangicha yo‘nalishi bo‘lib, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning o‘ziga xos shakli hisoblanadi.

Qarorda davlat umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan 10-11-sinf o‘quvchilari orasidan vatanparvar, eng intizomli va bilimli, tashabbuskor bo‘lgan 20 nafar  yoshni saralab olish orqali «Vatan tayanchi» otryadlarini tashkil etish belgilangan. Shundan kelib chiqib, bugungi tadbirda ham Toshkent shahridagi 15 ta otryad a’zolariga «Vatan tayanchi» harakatining nishonlari topshirildi.

Shuningdek, qarorda harakat faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli idora va tashkilotlarga vazifalar, otryad a’zolarining oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlari uchun imtiyozlar ham nazarda tutilgan.

Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar harakat a’zolariga samimiy tilak bildirar ekan, kelgusida o‘z tengdoshlari orasida haqiqiy vatanparvar, yetakchi va tashkilotchi bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

 

Sherzod ShARIPOV, «Vatanparvar»

Vatanparvargazetasi 2023 yil 10 fevral 6 -son

Powered by GSpeech