11 fevral – Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar xalqaro kuni
YuNESKO Bosh direktori Odre Azule 11 fevral – Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar xalqaro kuni munosabati bilan yo‘llagan murojaatnomasida ushbu g‘oyani yana bir bor qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Uning qayd etishicha, “bilimlar va iste’dodlarning barcha manbalaridan birdek foydalana olsak, o‘shandagina ilm-fanning salohiyatini to‘la namoyon etishga va yangi davr oldimizga qo‘ygan muhim maqsadlarga erishishga tom ma’noda musharraf bo‘lamiz”.
Ma’lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2015 yil 22 dekabrdagi rezolyusiyasiga muvofiq, 11 fevral – Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar xalqaro kuni deb e’lon qilingan. Ushbu xalqaro sana butun dunyoda ayollar va qizlarning ilm-fan bilan to‘laqonli shug‘ullanishlariga teng imkoniyatlar yaratish, shuningdek, xotin-qizlarning huquqlarini kengaytirish maqsadida ta’sis etilgan.
Shu munosabat bilan 2023 yil 10 fevral kuni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham bayonot berib, ilm-fan sohasida xotin-qizlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, bundan ilm-fan shunchalik ko‘p yutishini ta’kidladi. Bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, “Ayollar va qizlar ilmiy tadqiqot faoliyatiga xilma-xillik olib kiradi, ilm-fan asosiy kasbi bo‘lgan fidoyilar safini kengaytiradi va ilmiy-texnikaviy sohani yangicha qarashlar hisobiga boyitadi”.
Bayonotda yer yuzida ayollar va qizlarning ta’lim olishlari cheklangan yoki to‘la taqiqlangan joylar hali ham ko‘pligi tashvishlanarli ekani aytilgan. Xotin-qizlar o‘z salohiyatini namoyon etishlariga hayotda uchrayotgan tengsizlik va kamsitish omillari hanuz xalal berishda davom etmoqda. Sun’iy intellekt muammosi bilan shug‘ullanayotgan professional tadqiqotchilarning beshtasidan atigi bittasigina ayoldir, deydi Antoniu Guterrish.
Shuning uchun BMT Bosh kotibi xotin-qizlarning ilm-fanga bo‘lgan huquqini qat’iy turib himoya qilishga, bu yo‘ldagi har qanday qotib qolgan yondashuvlar, eskicha qarashlar va turli g‘ov-to‘siqlarga barham berishga da’vat etdi. A.Guterrish qayd etganidek, “Biz barchamiz sinfxonalar, laboratoriyalar va kabinetlarni xotin-qizlar orasidan yetishib chiqqan olimalar bilan to‘ldirish evaziga – dunyomizda mavjud bo‘lgan, lekin shu paytgacha foydalanilmay kelayotgan beqiyos iste’dodlarga qanot bag‘ishlash uchun o‘z munosib ulushimizni qo‘shgan bo‘lamiz”.
Haqiqatan ham, YuNESKOning yangi ma’ruzasida ta’kidlanganidek, bugungi kunda xotin-qizlar dunyodagi olimlar sonining atigi uchdan bir qismini tashkil etmoqda. YuNESKO Statistika instituti ma’lumotlariga qaraganda, oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan talabalarning 35 foizigina ilm-fan, texnika-texnologiyalar, muhandislik va matematika sohalari bo‘yicha tahsil olayotgan xotin-qizlardan iborat.
XXI asrda yashayotganimizga qaramay, hatto hozirgi kunda ham ilm-fan bilan bog‘liq sohalarda xotin-qizlarning chetda qolayotgani ochiq-oydin kuzatilmoqda. Dunyo jamiyatlarining qon-qoniga singib ketgan bunday gender notenglik illatlari, ayniqsa, iqtidorli va yuksak salohiyatli qizlar ko‘pincha o‘zlarini ilm-fan sohalaridan chetga olishlariga to‘g‘ri kelayotgani misolida sezilib qolmoqda.
Binobarin, xotin-qizlarning ilm-fanning barcha sohalarida o‘z munosib o‘rni bor. Ular ilmiy taraqqiyot jarayonlarida faol ishtirok etish huquqiga ega. Buni ayollar va qizlar chuqur anglab yetishlari kerak.
Shuning uchun YuNESKO sayyoramizda ilm-fan bilan shug‘ullanadigan xotin-qizlar safini kengaytirish yo‘lida izchil ish olib bormoqda. Bu borada 2021 yilda YuNESKOning Ochiq ilm-fan bo‘yicha tavsiyalari barcha a’zo-davlatlar tomonidan qabul qilingani katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ammo, hozircha jahonda, ayniqsa, sanoati rivojlangan mamlakatlardagi ilm-fan sohasida erkaklarning son jihatdan ustunligi odatiy hol hisoblanadi. Shu ma’noda, dunyo hamjamiyatining keyingi yillarda ilm-fan sohasida gender tenglikka erishish yo‘li bilan "raqamli inqilob" samaralaridan ayollar va erkaklar teng foydalanishini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratayotgani juda muhim.
Yana bir muammo shuki, xotin-qizlar zamonaviy texnologiyalarga taalluqli sohalarda ishlasa-da, mansab pillapoyalaridan ko‘tarilib borishda jiddiy to‘siqlarga duch kelmoqda. Masalan, kimdir homilador bo‘lgani uchun ta’tilga chiqib ketsa, yana kimdir rahbariyatning noxolis muomala-munosabatidan aziyat chekadi.
Keyingi yillarda korporativ dunyoda xotin-qizlarga nisbatan munosabat bir qadar o‘zgarayotgani kuzatilmoqda. Binobarin, ishchi kuchini diversifikatsiya qilish – daromadni oshirishning qulay yo‘li ekanini aksariyat kompaniyalar yetakchilari tushunib yetmoqda.
Biroq xotin-qizlarning ilm-fan sohasida jadal sur’atlarda ilgarilashi yo‘lida hali-beri to‘siqlar bisyor. Shunday g‘ovlardan biri – zarur darajada ta’lim olish imkoniyatining cheklanganligidir.
YuNESKO ekspertlarining fikricha, xotin-qizlar raqamli iqtisodiyotning uzviy bir qismiga aylanishlari darkor. Toki, To‘rtinchi industrial inqilobda gender tengsizlik kabi nomaqbul an’anaga o‘rin qolmasin.
Ilm-fan sohasida jinsiy mansublik bilan bog‘liq kamsitishlarga qarshi kurashning muhim choralaridan biri – bu olimalarga bo‘lgan talabni hisobga olgan holda, tegishli ma’lumotlar bazasini yaratishdir. Hozirda ushbu ma’lumotlar ustida ishlayotgan tashkilot o‘z tarkibida 500 nafar olimani jamlagan. Ular, bir tomondan, xotin-qizlarga ta’lim olish va ishga joylashishda ko‘maklashayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, muayyan natijaga erishganlarni rag‘batlantirish bilan izchil shug‘ullanmoqda.
Afsuski, xotin-qizlar ilm-fanda va kompyuter, informatika, texnologiyalar sohalarida haligacha yetarli darajadagi mavqega ega emas. Bu holatni ayollarning “ojiza”ligi yoki bola-chaqa va ro‘zg‘or tashvishlariga o‘ralashib qolishi kabi omillar bilan bog‘lab talqin qiladiganlar uchun hayotiy bir misol keltiramiz.
Astronomiya sohasining erkak mutaxassislari e’tirofiga qaraganda, o‘ta kuchli sabr-toqatni talab qiladigan ushbu fan mayda ishlarga juda puxta bo‘lgan xotin-qizlarning ilmiy izlanishlari natijador bo‘lishi uchun ayni muddao ekan. Shu nuqtai nazardan, astronomiyaga oid ba’zi katta kashfiyotlar boshida aynan ayollar turgani bejiz emas.
Masalan, birinchidan, galaktikalar ichida noma’lum, qorong‘i modda aniqlangan. Ana o‘sha qorong‘i moddani 1970 yillarda Vera Rubin aniqlagan. Bu amerikalik ayol yosh bolasi borligi uchun yarim stavkada ishlagani holda, shunday olamshumul kashfiyot qilishga muvaffaq bo‘lgan.
Ikkinchidan, yana bir amerikalik ayol – Andreya Mia Gez astronomiya sohasida Nobel mukofotini olgan. Somon yo‘li galaktikasi markazida joylashgan 4 million quyosh massasiga teng o‘ta og‘ir qora o‘ra mavjudligini aniqlagani uchun Andreya Gez ushbu nufuzli mukofotga sazovor bo‘lgan.
Uchinchidan, neytron yulduzlari ilk bor angliyalik ayol olima Joselin Bell tomonidan 1967 yilda topilgan. Demak, ayollar olamshumul kashfiyotlar qilishlari uchun ularga jinsiy mansubligi, oilali ekani yoki farzand tarbiyasi bilan bandligi kabi holatlar, aslida, xalal bermaydi.
Darvoqe, yurtimizda astronom olimalar bormi? O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti Nazariy astrofizika bo‘limi mudiri, fizika-matematika fanlari doktori, professor Bobomurod Ahmedov O‘zA muxbiri bilan suhbatida ushbu savolga javob berar ekan:
“Ayol shogirdlarim juda ko‘p. Afsuski, ularning ko‘plari xorijlik olimlar bilan chet el universitetlarida faol ishlab kelmoqda. Viktoriya Morozova mening rahbarligimda 2010 yilda 23 yoshida falsafa doktori ilmiy darajaga ega bo‘ldi va Germaniyaga xizmat safariga borib o‘sha yerda iqtidorli olim Davide Radiche ismli yigitga turmushga chiqib, hozirda Pensilvaniya universitetida ishlamoqda. Valeriya Kagramanova ham Germaniyada dissertatsiyasini himoya qildi. Madina Boboqambarova boliviyalik kursdoshi bilan oila qurib, o‘sha yerda faoliyat yuritmoqda. Yana bitta shogirdim Malika Xudoyberdieva hozir O‘zbekiston Milliy universitetda doktoranturani tugatdi. Dissertatsiyasi deyarli tayyor. Bir-ikki oy ichida yoqlaydi”, deb qayd etgan. (Qarang: https://uza.uz/uz/posts/ozbekistonda-astronom-olimlar-yuqori-maosh-olayotgani-rostmi_446779).
Shu o‘rinda mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani natijasida oilaga, ayol zotiga bo‘lgan munosabat tobora yuksalib, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish hayotimizning ma’no-mazmuniga, asosiy maqsadiga aylanganiga e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir. Bugun O‘zbekiston ayollari turli jabhalarda o‘z o‘rni va munosib mavqeiga ega bo‘lib bormoqda.
Bularning barchasi so‘nggi yillarda gender tenglikni ta’minlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish borasidagi tizimli ishlarning samaralaridir. Ayni sohadagi ishlar, xususan:
- ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish;
- ayollarni himoya qilishning institutsional asoslarini takomillashtirish;
- aholining gender tenglik va ayollar huquqlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish;
- huquqni qo‘llash amaliyotida ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash uchun mas’ul mansabdor shaxslarni tegishli huquqiy normalar asosida o‘qitish kabi muhim yo‘nalishlarda olib borilmoqda.
Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash alohida e’tibor markazida turibdi. Shu maqsadda «Ayollar daftari» tizimi joriy etilib, Davlat byudjetidan har yili 300 mlrd so‘m mablag‘ ajratib borish yo‘lga qo‘yildi.
Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarning o‘qish to‘lovlarini qoplab berish tizimi joriy etildi. Oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni ikki baravarga ortdi.
O‘zbekistonda olima ayollarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar uchun ilm-fan bilan shug‘ullanishlari borasida yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘z borganda, jumladan, “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini qayd etish mumkin. Ushbu muassasa tomonidan xotin-qizlarni fan sohasiga yanada keng jalb etish, olima ayollar safini kengaytirish, ular faoliyatini rivojlantirish, gender tengligini ta’minlash bo‘yicha izchil ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Ayni mavzularda risola, qo‘llanma va monografiyalar yaratilmoqda. Yaqinda, jumladan, “Oqila ayollar – farovon oila tayanchi”, “Gender ekspertiza o‘tkazishning huquqiy metodologik asoslari”, “Oila va mahallada nogiron bolalarni to‘laqonli ijtimoiy hayotga moslashtirishning mobil yechimlari”, “Oilada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash – sog‘lom turmush asosi” hamda “Oilalar barqarorligini ta’minlashda mehnat migratsiyasining ta’siri” kitoblarining taqdimoti o‘tkazildi.
Bularning barchasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida xotin-qizlarimiz alohida o‘rin tutishini yaqqol anglatib turibdi. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ta’kidlaganidek, “Meni kishilarimizning ongida paydo bo‘lgan stereotip ko‘p o‘ylantiradi. Odatda biz ayolni avvalambor ona, oila qo‘rg‘onining qo‘riqchisi sifatida hurmat qilamiz. Bu, shubhasiz, to‘g‘ri. Ammo bugun har bir ayol oddiy kuzatuvchi emas, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisi ham bo‘lishi kerak”.
Bugungi kunda O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayollarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida to‘laqonli ishtirok etishiga erishish, gender tenglik va reproduktiv salomatlikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosatini jahon hamjamiyati e’tirof etmoqda. Bu borada qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimiz BMT, Xalqaro mehnat tashkiloti, YuNISEF, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan yuqori baholanmoqda.
Xulosa o‘rnida YuNESKO ilm-fan sohasida xotin-qizlarning o‘rniga doir salbiy qarashlarga qarshi faol va izchil kurashayotganini yana bir bor ta’kidlashni istardik. Bu yo‘ldagi ma’naviy-ma’rifiy jarayonlar, jumladan, olimalarga nufuzli mukofotlar taqdim etish ko‘rinishida ham davom etmoqda.
Shunday mukofotlardan biri – "Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlarga" deb nomlanadi. Mazkur mukofot L'Oreal-YuNESKO Dasturi tomonidan ta’sis etilgan. Shu tariqa YuNESKO 25 yildan buyon olimalarga turli mukofotlar topshirish va tadqiqotchi qizlar uchun stipendiyalar taqdim etish bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda.
L'Oreal-YuNESKO Dasturining "Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlarga" mukofoti har yili 11 fevral – Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar xalqaro kuni munosabati bilan topshiriladi. Hozirgi kunga qadar yer yuzidagi 120 nafardan ziyod mashhur olima ushbu mukofot bilan taqdirlangan bo‘lib, ularning orasida 5 nafar Nobel mukofoti sovrindorlari ham bor.
G‘ulom Mirzo
- Qo'shildi: 10.02.2023
- Ko'rishlar: 5428
- Chop etish