2023-yil 17-fevral kuni Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisida navbatdagi yalpi majlis masalalari dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining mamlakatimiz tomonidan inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish holati to‘g‘risidagi axboroti ko‘rib chiqildi.
Muhokama chog‘ida O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va ularga rioya etish masalalari ustuvor ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Inson huquqlari bo‘yicha mamlakatimizning Milliy strategiyasi doirasida respublikamiz fuqarolarining siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligi va huquqiy amaliyotini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida BMT va Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) qator konvensiyalari ratifikatsiya qilingan.
Prezidentimiz qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlangani yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Shu bilan birga, senatorlar inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni samarali qo‘llash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga to‘sqinlik qilayotgan qator muammolar hamon saqlanib qolayotganini ta’kidladilar.
Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining inson huquqlari sohasidagi bilim va ko‘nikmalari yetarli darajada shakllanmaganligi huquq-tartibot organlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.
Ijtimoiy infratuzilma obyektlari (yo‘llar, maktablar, universitetlar, poliklinikalar, shifoxonalar) nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yetarli darajada moslashtirilmaganligini ko‘rsatgan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosi monitoringi natijalari senatorlarni alohida tashvishga solib, Brayl alifbosidagi darsliklarning yetishmasligi ham ta’kidlandi.
Qo‘mita majlisida o‘tkazilgan har tomonlama va ochiq muhokama yakunlari bo‘yicha tegishli qaror va tavsiyalar qabul qilindi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
- Qo'shildi: 17.02.2023
- Ko'rishlar: 4542
- Chop etish