20-28 fevral – “Inson huquqlari haftaligi”
Ta’lim tizimini shakllantirish, ta’lim sifatini oshirish va barcha sohalarda sifatli ta’limga bo‘lgan talabni qondirish – bugungi kunda har qachongidan ham muhim vazifalardandir. Mamlakatimizda ayni yo‘nalishga bo‘lgan e’tibor ham izchil oshmoqda.
Inson huquqlari sohasidagi ta’lim – ta’limning turlaridan biri. Bu sohadagi sifatli ta’lim insonning huquqiy bilim va tajribasini shakllantirishga xizmat qilib, jamiyatda zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda muhim ahamiyatga egadir.
Shu ma’noda, joriy yil 7 fevralda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani ulkan voqea bo‘ldi. Qarorda mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirishga oid dolzarb vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab berildi.
Ana shu muhim vazifalarning har biri inson huquqlari madaniyatini shakllantirish, yoshlarni tenglik, inson huquqlariga amal qilish va kamsitmaslik ruhida tarbiyalash hamda inklyuziv, tinch va osoyishta jamiyatni yaratishga imkon beruvchi ta’lim berishga qaratilgan. Shu maqsadda tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi 5 bobdan iborat.
Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturining asosiy maqsadi:
- Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalari va Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish;
- shuningdek, aholi barcha qatlamlarining inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi milliy va xalqaro standartlar to‘g‘risida xabardorligini, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada kuchaytirishdir.
Bugungi kunda aksar yoshlar huquq va erkinliklarini bilmaganlari sabab o‘z yo‘llarini topishda, mukammal bilim egasi bo‘lishda intilishlari ortga surilmoqda. Ushbu Dastur esa ularning huquqiy bilimlarini yanada boyitishga xizmat qiladi.
Albatta, yoshlarning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xabardorligini oshirish, bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish nihoyatda ulkan ahamiyatga ega. Ayni chog‘da, Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturida ayni yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham qamrab olingan.
Shu ma’noda Milliy ta’lim dasturi ijrosi bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da ko‘plab amaliy tadbirlar ko‘zda tutilgani diqqatni tortadi. Xususan, “Inson huquqlari haftaligi” doirasidagi vazifalar – inson huquqlari mavzusiga oid darsliklar tayyorlash, o‘quvchi va talabalar uchun innovatsion tanlovlar, viktorinalar, yozgi maktablar tashkil etish, ijtimoiy tadqiqotlar o‘tkazish juda muhim.
Bularning barchasi, shubhasiz, har bir yurtdoshimizning inson huquqlari ta’limi yo‘nalishida sifatli bilim olishida qo‘l kelsa, ikkinchi tomondan, jamiyatimizda bevosita huquqiy savodxonlikni oshirishga xizmat qiladi. Shuning uchun Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturiga nisbatan jamoatchiligimizning qiziqishi bejiz emas.
Tabiiyki, yoshlarning huquqiy bilimini rivojlantirish uchun avvalo pedagog kadrlarning salohiyati, bilimi va tajribasi yangi davr talablari darajasida shakllangan bo‘lishi kerak. Dasturda bu masalaga ham urg‘u berilgan. Xususan:
- pedagog kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimida inson huquqlari bo‘yicha o‘quv kurslarini joriy qilish;
- huquqshunos-pedagoglar tayyorlash ta’lim yo‘nalishini tashkil etish;
- «Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq» magistratura mutaxassisligini joriy etish;
- inson huquqlari ixtisosligi bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’limni takomillashtirish;
- inson huquqlarining dolzarb masalalari bo‘yicha amaliy, fundamental va innovatsion ilmiy loyihalar tanlovlarini o‘tkazish;
- inson huquqlarining dolzarb masalalari bo‘yicha xorijiy oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarning bakalavriat, magistratura va doktoranturasida mutaxassislarni o‘qitish hamda malakasini oshirish tizimini joriy etish masalalariga jiddiy e’tibor qaratilgan.
Dasturning yana bir ahamiyatli jihati: unda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarining inson huquqlari sohasida xabardorligini oshirishga oid muhim vazifalar belgilangan. Bu o‘rinda, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazish, ayollar va bola huquqlari bo‘yicha o‘quv kurslari joriy qilish, migrantlar huquqlari bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari xodimlari uchun o‘quv kurslari tashkil qilish masalalari haqida so‘z bormoqda.
Shubhasiz, ushbu vazifalar ijobatiga qaratilayotgan e’tibor inson huquqlari sohasidagi isifatli ta’lim bilan jamiyatni to‘la qamrab olish yo‘lidagi asosiy qadamlardan hisoblanadi. Chunki barcha tizimu sohalarda huquqiy bilim va savodxonlikning oshirilishi mavjud muammolarning oldini olish, kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish, turli zo‘ravonliklarning kelib chiqmasligi uchun mustahkam asos bo‘ladi.
Dasturda yana bir ahamiyatli jihat bor. Bu ham bo‘lsa, zamonaviy texnologiyalar, badiiy asarlar, ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya berish tizimining samaradorligini oshirishga qaratilgan e’tibordir.
Bu bejiz emas. Chunki, ayni vaqtda ba’zi ommaviy axborot vositalari xodimlarining huquqiy savodxonligi va bilim darajasini juda ham yaxshi deb, baholay olmaymiz. Shuning uchun Dasturda axborot xizmatlari xodimlari va jurnalistlar uchun inson huquqlari bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil qilish borasida ham aniq vazifalar belgilangan.
Albatta, tizimda bu kabi vazifalarning joriy etilishi ommaviy axborot vositalari xodimlarining huquqiy bilim, savodxonligi, tajribasini shakllantiradi. Muhimi esa, axborot to‘g‘ri va aniq yetkazilishiga yanada keng yo‘l ochadi.
Binobarin, Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturining qabul qilinishidan asosiy maqsad – aholining, ayniqsa, yoshlarning inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirish, jumladan, bu borada axborot tarqatishdir.
Bu maqsad, o‘z navbatida:
- inson huquqlari sohasida sifatli ta’lim berish faoliyatini yanada takomillashtirish;
- jamiyatda inson huquqlari madaniyatini yuksaltirish;
- inson huquqlari sohasidagi ta’limning asosiy tamoyillari va uslublarini o‘zlashtirishga ko‘maklashish;
- aholining turli guruhlari tomonidan inson huquqlari, erkinliklari, gender tenglik mazmun-mohiyatini tushunishga erishish;
- davlat organlari xodimlarining inson huquqlarini amalda qo‘llash borasidagi bilim va ko‘nikmalari to‘laqonli shakllanishiga e’tibor qaratish;
- inson huquqlari sohasida ilmiy-tadqiqot va o‘quv jarayonini takomillashtirish kabi bir-biridan muhim vazifalarni o‘zida qamraydi.
Shunday qilib, inson huquqlari sohasida sifatli ta’lim berish aholi, ayniqsa, yoshlarimizning bu boradagi zamonaviy bilimlarini shakllantirish, qolaversa, jamiyatimizda huquqiy madaniyatni oshirishning ustuvor omili hisoblanadi. O‘z navbatida, Prezidentimiz Qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi ana shu ezgu amallarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Sevara IShMURATOVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining Umumiy bo‘limi boshlig‘i
- Qo'shildi: 20.02.2023
- Ko'rishlar: 5875
- Chop etish