20 fevral kuni mamlakatimizda 20 fevraldan – 28 fevralga qadar davom etadigan “Inson huquqlari haftaligi” doirasida “Inson huquqlari bolalar nigohida” Respublika tanloviga start berildi. Mazkur tanlov Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Tong yulduzi”, “Klass!” gazetalari tahririyatlari bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ta’kidlaganidek, 2023 yil 10 dekabr kuni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi “Hamma uchun qadr-qimmat, erkinlik va adolat” shiori ostida keng nishonlanadi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi – noyob hujjat bo‘lib, dunyo halokatli voqealarni boshdan kechirayotgan qaltis davrda, ya’ni 1948 yili ushbu Deklaratsiyada umuminsoniy huquqlar belgilab berildi va har bir insonning teng qadr-qimmati tan olindi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi “Tong yulduzi” va “”Klass!” gazetalari tahririyatlari bilan hamkorlikda ushbu muhim xalqaro sana hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi munosabati bilan bolalar va o‘smirlar o‘rtasida “Inson huquqlari – bolalar nigohida” Respublika ko‘rik-tanlovini o‘tkazishga qaror qildi. Tanlov 4 ta nominatsiya:
– “Eng yaxshi maqola”;
– “Eng yaxshi she’r”;
– “Eng yaxshi rasm”;
– “Eng yaxshi videorolik” nominatsiyalari bo‘yicha 2 bosqichda tashkil etiladi.
Birinchi bosqich 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida yakunlanadi. Ikkinchi bosqich g‘oliblari esa 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni aniq bo‘ladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.02.2023
- Ko'rishlar: 4482
- Chop etish