20 fevral kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda shu mavzuda davra suhbati o‘tkazildi.
Videokonferensiya tarzidagi ushbu tadbir Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2023 yil 7 fevradagi Qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturiga asosan 20 fevraldan – 28 fevralga qadar davom etadigan “Inson huquqlari haftaligi” doirasida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov davra suhbatini ochar ekan, shu kunlarda 75 yilligi nishonlanayotgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingandan so‘ng xalqaro hamjamiyat inson huquqlari va asosiy erkinliklariga ustuvor e’tibor bera boshlaganini qayd etdi. Mazkur huquqlardan biri – ta’lim olish huquqi – barcha inson huquqlaridan foydalanishga keng yo‘l ochadi.
Ta’lim olish huquqi – inson huquqlari bo‘yicha ta’limni o‘z ichiga olib, ushbu huquqlarni o‘rganish, shuningdek, jamiyatimizda inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish usullari, vositalarini ham qamraydi. Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya inson hayoti mobaynida davom etadigan va turli yoshdagilarga tegishli bo‘lgan jarayondir.
O‘z navbatida, 2004 yil 10 dekabrda BMTning Bosh Assambleyasi tomonidan Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi e’lon qilindi. Jahon ta’lim dasturi doimiy amalga oshiriladigan uzluksiz bosqichlardan iborat tashabbus hisoblanadi.
O‘tgan davrda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining uchta bosqichi dunyo miqyosida amalga oshirildi. Ushbu jarayonlarda davlatlar tomonidan boshlang‘ich va o‘rta maktab, oliy ta’lim tizimida, o‘qituvchi va targ‘ibotchilar, davlat xizmati, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va barcha darajadagi harbiylar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari o‘rtasida inson huquqlari bo‘yicha ta’lim berish bilan bog‘liq ma’rifiy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Hozirgi vaqtda Jahon ta’lim dasturining 2020-2024 yillarga belgilangan to‘rtinchi bosqichi davom etmoqda. Joriy bosqich yoshlarni tenglik, inson huquqlariga amal qilish va kamsitimaslik ruhida tarbiyalash, inklyuziv, tinch va osoyishta jamiyat yaratishga imkon beruvchi sifatli ta’lim berishga yo‘naltirilgan.
O‘zbekistonda inson huquqlarini rag‘batlantirish, himoya qilish
va bu huquqlarga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini ta’minlash borasida maqsadli chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Eng asosiysi, yurtimizda inson huquqlari sohasida ta’limni takomillashtirish yuzasidan uzviy qadamlar qo‘yilmoqda. Xususan, O‘zbekiston parlamenti palatalari kengashlari tomonidan 2019 yil 15 iyulda BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar dasturi qabul qilindi hamda tegishli «Yo‘l xaritasi» asosida uning ijrosi to‘la ta’minlandi.
Prezidentimizning 2023 yil 7 fevralda imzolangan qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Milliy ta’lim dasturi mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosini ta’minlash, shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida qabul qilinganini alohida ta’kidlash lozim.
Qaror va Dasturda ayni maqsadga erishish uchun bir qator muhim vazifalar belgilangan bo‘lib, bu boradagi chora-tadbirlarni amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi. Xususan, kuni kecha O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya tomonidan 2023 yil 20-28 fevral kunlari “Inson huquqlari haftaligi”ni o‘tkazish bo‘yicha Dastur tasdiqlandi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Abdumannop To‘laganov “Inson huquqlari: tarix va kelajak” mavzusida ma’ruza qildi. Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonovaning “Yoshlar huquqlari – davlat himoyasida” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi.
Jonli muloqotlar “Inson huquqlari haftaligi”ni o‘tkazish bo‘yicha Dasturda ko‘zda tutilgan navbatdagi qiziqarli tadbirlarga ulanib ketdi.
Davra suhbati doirasida, jumladan, 2022 yil dekabrida yakunlangan “Inson huquqlari sohasida ta’lim va tadqiqotlar” tanlovi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha boshqarmasi bilan yaqin hamkorlikda tashkil etilganini alohida qayd etish lozim.
Bundan tashqari, “Inson huquqlari bolalar nigohida” Respublika tanloviga start berildi. Mazkur tanlov “Tong yulduzi”, “Klass” gazetalari tahririyatlari bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
- Qo'shildi: 20.02.2023
- Ko'rishlar: 4319
- Chop etish