Poytaxtimizdagi “Turkiston” san’at saroyida “Vatan manzumasi” deb nomlangan adabiy-ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini izchillik bilan amalga oshirish, ulg‘ayib kelayotgan avlodning ongi, tafakkurini to‘g‘ri shakllantirish, yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. “Inson qadri va sifatli ta’lim yili” deb nom olgan joriy yilda bu boradagi amaliy ishlarni zamon bilan hamnafas tashkil etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

bugungi murakkab globallashuv davrida yoshlarni turli yot va zararli, o‘tkinchi g‘oyalardan ishonchli himoyalash, ular qalbida vatanparvarlik, yurtga sadoqat, o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurt kelajagi uchun mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkam qaror toptirish endilikda har qachongidan ham dolzarblik kasb etmoqda.
Kechada Vatanni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar, otashnafas shoirlarning she’rlari yangradi. Mamlakatimizdagi tinch va osoyishta, xavf-xatardan xoli hayot, ijtimoiy barqarorlik, hamjihatlik, to‘kislik va farovonlik, oqibat, o‘zaro mehr va muruvvat muhiti oliy qadriyat ekani yorqin va betakror musiqiy dastur orqali yana bir karra o‘z ifodasini topdi.

Yurtimizdagi tinchlik va totuvlikni, ahillik va hamjihatlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash nainki harbiy soha vakillari, balki barcha hamyurtlarimiz, ayniqsa, yoshlarning muqaddas burchi ekani rang-barang musiqiy chiqishlar vositasida yana bir karra namoyon bo‘ldi.
Samimiy ruhda o‘tgan tadbir poytaxt yoshlarida katta taassurot qoldirdi.
“Vatan manzumasi” nomli adabiy-ma’rifiy kechada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov ishtirok etdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 22.02.2023
- Ko'rishlar: 4406
- Chop etish