22 fevral kuni Farg‘ona shahrida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi boshlandi. Ushbu mashg‘ulotlar mamlakatimizda 20 fevraldan – 28 fevralga qadar davom etadigan “Inson huquqlari haftaligi” doirasida tashkil etildi va jadval asosida yil davomida yurtimizning barcha hududlarida o‘tkaziladi.
O‘quv kursi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida o‘tkazilmoqda. Unda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ichki ishlar tizimi xodimlari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Azizbek Ikromov o‘quv kursi ochilishi munosabati bilan video-murojaat yo‘llab, ma’ruzachi va tinglovchilarni qutladi. O‘quv mashg‘ulotlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2023 yil 7 fevraldagi Qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturiga asosan o‘tkazilayotgani alohida ta’kidlandi.
Mashg‘ulotlar avvalida insonni qiynoqqa solishdan maqsad uning shaxsi va sha’nini oyoqosti qilish, or-nomusi va qadr-qimmatini toptash hamda xo‘rlashdan iborat ekaniga e’tibor qaratildi. Shuning uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning teng huquqli a’zosi hisoblanuvchi O‘zbekiston ham qiynoqlarni muayyan odamlar tomonidan boshqalarga nisbatan qo‘llanadigan eng g‘ayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab keladi.
Xalqaro huquqqa ko‘ra, qiynoqlar – insoniyatga qarshi jinoyatdir. Bu borada qabul qilingan barcha hujjatlarda qiynoqlar qat’iyan taqiqlanadi hamda qiynoqqa solish holatini oqlashga hech qachon va hech qanday asosda yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi talabiga ko‘ra, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa turdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
Bu haqda so‘z borganda, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1997 yilda 26 iyun – Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni deb e’lon qilinganini alohida ta’kidlash lozim. Mazkur xalqaro sanada dunyo miqyosida qiynoqlarga butunlay barham berish hamda BMTning Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiyasi yanada samarador ishlashini ta’minlashga qaratilgan turli tadbirlar o‘tkaziladi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquqlari va erkinliklari kafolatini yanada kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Xususan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida izchil va keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Bu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 iyunda qabul qilingan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini alohida ta’kidlash lozim. Xuddi shu qaror tufayli 26 iyun – Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni yurtimizda milliy va xalqaro darajadagi tarixiy ahamiyatga molik sana sifatida nishonlanishi yaxshi an’anaga aylandi.
Aslida, tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish borasidagi tashabbus ham dastavval ayni shu qarorda o‘z aksini topgandi.
Natijada 2021 yil 17 noyabrdan – 17 dekabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan Ichki ishlar vazirligi tizimida faoliyat olib boruvchi 1200 nafarga yaqin tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun o‘quv kursi o‘tkazildi. Navbatdagi mashg‘ulotlar esa prokuratura tizimi xodimlari uchun tashkil etildi.
Prezidentimizning 2023 yil 7 fevraldagi Qarori qiynoqqa qarshi kurash yo‘nalishidagi o‘quv mashg‘ulotlariga yangi ruh bag‘ishladi. Qarorga muvofiq, endilikda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari doimiy ravishda tashkil etiladi.
O‘quv kursining birinchi kunida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Mirzatillo Tillaboev, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori Murodjon Turg‘unov, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Muzaffarjon Mamasidiqov, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar Akademiyasi “Jazoni ijro etish faoliyati” kafedrasi dotsenti, podpolkovnik Quvonch Qodirov ma’ruzalari tinglandi.
Mashg‘ulotlarda, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining “Yuridik fanlar” kafedrasi boshlig‘i, yuridik fanlar nomzodi, dotsent Mehmonali Suvonqulov, ushbu institut o‘qituvchisi, podpolkovnik Jahongir Yaqubov va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar nomzodi, dotsent F.Hayitboev o‘z ma’ruzalari bilan qatnashmoqda.
Shuni ham ta’kidlash joizki, mazkur o‘quv kursi BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda o‘tkazilmoqda. Mashg‘ulotlar qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirish sohasida tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining xalqaro amaliyot va milliy tajriba asosidagi amaliy ko‘nikmalarini oshirishga mo‘ljallangan.
O‘quv kursi mashg‘ulotlari 23 fevralda yakunlanadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.02.2023
- Ko'rishlar: 3867
- Chop etish