Farg‘onada qiynoqqa qarshi kurash bo‘yicha o‘quv kursi davom etmoqda

23 fevral kuni Farg‘ona shahrida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi mashg‘ulotlari davom etdi. Mamlakatimizda e’lon qilingan “Inson huquqlari haftaligi”  doirasida tashkil etilgan mazkur mashg‘ulotlarda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ichki ishlar tizimi xodimlari ishtirok etdi.

Mashg‘ulotlarning ikkinchi kuni “Voyaga yetmaganlar va ayollarga oid xalqaro va milliy standartlar”, “Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari”, “Qiynoqqa solish jinoyati uchun javobgarlik masalalari”, “Kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, xabar berishga oid xalqaro standartlar va O‘zbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qo‘llanishi” mavzularidagi ma’ruzalar tinglovchilar e’tiboriga havola etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech