23 fevral kuni Farg‘ona viloyati, Rishton tumani, Zohidon qishlog‘idagi 3-o‘rta ta’lim maktabida “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari” mavzusida turkum ma’rifiy-huquqiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ushbu tadbirlar mamlakatimizda 20 fevraldan – 28 fevralga qadar davom etadigan “Inson huquqlari haftaligi” doirasida tashkil etildi.
Dastlab maktab jamoasi bilan uchrashuv bo‘ldi. Unda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor M.Tillaboev, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori M.Turg‘unov, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor M.Mamasidiqov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2023 yil 7 fevraldagi Qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so‘zlab berdilar.
Shundan so‘ng ushbu maktabda uzoq yillar ishlab nafaqaga chiqqan faxriy ustoz va murabbiylarga hamda fidoyi o‘qituvchilarga sovg‘alar berildi. Faol o‘quvchilarga Milliy markaz nomidan tashakkurnoma va esdalik nishonlari topshirildi.
Maktab kutubxonasiga inson huquqlari yo‘nalishida nashr etilgan yangi kitoblar taqdim etildi.
Mehmonlar ta’lim muassasasidagi o‘quv jarayoni bilan ham tanishdilar.
Tadbirlarda Rishton tumani hokimi S.Soliev va tuman prokurori R.Madaliev ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 23.02.2023
- Ko'rishlar: 3998
- Chop etish