Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlament va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligi mustahkamlanadi

2023-yilning 23-fevral kuni Toshkent “Parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va aholining xabardorligini oshirishdagi o‘rni” mavzusida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini va aholining bu boradagi xabardorligini oshirish, jamiyatda inson huquqlari va barqaror rivojlanish madaniyatini shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan onlayn va oflayn shaklda xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Mazkur xalqaro tadbir O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Barqaror rivojlanish markazi, NNT, Fridrix Ebert nomidagi jamg‘arma (Germaniya) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Xalqaro davra suhbatida Oliy Majlisi Senat Raisi, O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi hamraisi Tanzila Narbayeva, senator va Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari va akademik hamjamiyat, mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Qayd etish lozimki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2022-yil 14-dekabrdagi sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga asosan ishlab chiqilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolutsiya bir ovozdan ma’qullangandi.

2022-yil 29-dekabrda esa, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining mazkur rezolutsiyani amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma qarori qabul qilindi. Qo‘shma qaror bilan 13 ta yo‘nalish bo‘yicha 50 dan ziyod aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Mazkur Qo‘shma qaror Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan “inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish” tamoyili bilan uyg‘undir.

Oliy Majlis Senati Raisi o‘z so‘zida barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda manfaatlar muvozanatining samarali mexanizmi yaratilgani, sohada parlament nazorati o‘rnatilgani, xususan, milliy maqsad va vazifalarning amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi tuzilgani va uning faoliyatiga to‘xtalib o‘tdi.

— O‘tgan davr mobaynida Parlament komissiyasi tomonidan 10 ta milliy maqsad va uning 51 ta vazifasi hamda 81 ta indikatori bo‘yicha hududlarda barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning bajarilishi holati o‘rganildi.

O‘rganish yakuni yuzasidan Parlament komissiyasi majlislarida 28 nafar vazirlik va idora, shu jumladan Muvofiqlashtiruvchi kengash rahbarining axboroti eshitilib, tegishli qarorlar qabul qilindi, — deb ta’kidladi Senat Raisi.

Ma’ruza va muhokamalar mobaynida ekspertlar tomonidan davlatimiz rahbari so‘nggi yetti yil ichida BMT Bosh Assambleyalarida umumbashariy muammolar yechimiga oid 10 dan ziyod tashabbuslar bilan chiqqani va eng muhimi mazkur tashabbuslarning barchasi Bosh Assambleya tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlandi va tegishli rezolutsiyalar qabul qilinganligi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo‘lga qo‘yish, bu masalada muntazam ravishda parlament va jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish masalasiga e’tibor qaratildi.

Davra suhbatining yakunida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2022-yil 14-dekabrdagi “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolutsiyasini amalga oshirish choralari to‘g‘risidagi parlament palatalari Kengashlarining qo‘shma qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik memorandumlarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATI

Powered by GSpeech