O‘zgalar huquqlariga rioya etish – umuminsoniy qadriyatlarning ajralmas qismidir

Andijon iqtisodiyot va qurilish institutida viloyat sudi raisi hamda sudyalarining talabalar bilan uchrashuvi o‘tkazildi. “Inson huquqlari” haftaligi doirasida tashkil etilgan muloqotda mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash orqali fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, xalqimizning odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlar xususida so‘z yuritildi.

Ma’lumki, shu yil 7 fevral kuni davlat rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu bejiz emas, albatta. Ayni chog‘da 2020 — 2024 yillarda inson huquqlari sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi amalga oshirilmoqda.

 Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda ayni yo‘nalishdagi ta’limni yanada takomillashtirish, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosini ta’minlash, shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish masalalari dolzarb vazifadir.

Chunki inson huquqlari sohasidagi ta’lim har bir fuqaroning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta’minlashda o‘ziga xos ahamiyat kasb etib, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda ham muhimdir.

 Muloqotda viloyat sudi raisi Tal’atjon Meliboev, viloyat sudi sudyasi Alisher Abdurahmonov yuqoridagi hujjatning ahamiyati, shuningdek, inson huquqlari borasidagi bilimlarni mustahkamlash va bu boradagi tamoyillarga rioya etishning har bir talaba uchun nechog‘li zarur ekanligi haqida hayotiy misollar asosida tushunchalar berdilar.

Uchrashuvda kun tartibidagi mavzu bo‘yicha savol-javoblarda faol qatnashgan talabalarga huquqiy mavzudagi kitoblar tuhfa qilindi.

Aniq.uz

 

Powered by GSpeech