Mahalla xodimlarining gender zo‘ravonligiga qarshi kurashish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari mustahkamlanmoqda

O‘zbekistonda gender zo‘ravonlikka qarshi kurash borasida olib borilayotgan islohotlar, ijtimoiy me’yorlarni ta’minlash sa’y-harakatlari doirasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) O‘zbekiston mahallalari uyushmasi bilan hamkorlikda “Mahallada gender tengligi: huquqiy, diniy va psixologik yondashuvlar” mavzusida uch kunlik trening o‘z ishini boshladi.

Treningda mamlakat bo‘ylab 40 nafar hududiy koordinator va “yettilik” vakillari ishtirok etmoqda. Seminar mahalliy darajadagi salohiyatni mustahkamlash va gender zo‘ravonligining oldini olishda ko‘p qirrali hamda madaniy kontekstga mos yondashuvni ilgari surishga qaratilgan. 

– Mahallalar O‘zbekistonda ijtimoiy birdamlikning birinchi chizig‘i hisoblanadi, – dedi UNFPAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakili o‘rinbosari Matluba Umurzoqova. – “Mutaxassislarni stereotiplarni aniqlash, jabrlanganlarga yo‘naltirilgan yordam ko‘rsatish va inklyuziv yetakchilikni rivojlantirishga o‘rgatish orqali biz gender tengligi sohasidagi milliy islohotlarni har bir oilaning kundalik hayotiga tatbiq qilmoqdamiz. 

Bunday yondashuvni qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Jovdatxon Inog‘omov UNFPAning yurtimizdagi vakolatxonasi bilan davomli hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahallalarning gender tengligini targ‘ib qilish va zo‘ravonlikning oldini olishdagi rolini kuchaytirish tomonlarning umumiy ustuvor yo‘nalishidir. 

– Mazkur trening mahalliy yetakchilarimizni barchaga xavfsiz va inklyuziv muhit yaratish uchun zarur bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlash yo‘lida yana bir muhim qadamdir, – dedi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Jovdatxon Inog‘omov. 

Trening 2025 yil fevral oyida o‘tkazilgan seminarning mantiqiy davomi bo‘lib, unda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish va gender tengligini ilgari surishda mahallalarning asosiy roli ta’kidlangan edi. Huquqiy, diniy va psixologik yondashuvlarni uyg‘unlashtirgan ushbu yangi dastur har bir mahalla ayollar va qizlar uchun xavfsiz va inklyuziv muhitga aylanishini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. 

Mazkur tashabbus Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi bilan hamkorlikda, Buyuk Britaniyaning Xalqaro xavfsizlik jamg‘armasi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. 

Uch kun davomida ishtirokchilar gender tushunchalari bo‘yicha bilimlarini chuqurlashtiradi va ish joyidagi eskicha qarash va yondashuvlarni aniqlashni o‘rganadi. Tenglikni targ‘ib qiluvchi va zo‘ravonlikni rad etuvchi diniy tamoyillar bilan tanishadi. Ayollar huquqlarini himoya qiluvchi milliy va xalqaro huquqiy asoslarni ko‘rib chiqadi. Genderga sezgir inson resurslari boshqaruvi va inklyuziv yetakchilik usullarini o‘zlashtiradi. Gender zo‘ravonligiga qarshi kurashishda jabrlanuvchiga yo‘naltirilgan yondashuv amaliyotini mustahkamlaydi. 

Tashabbus 2024 yil 15 martdagi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Mahalla yettiligi” tizimi hamda gender tengligini barqaror taraqqiyotning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan “O‘zbekiston–2030” milliy strategiyasining amaliyotga joriy etilishiga xizmat qiladi. 

Shuni ham aytish kerakki, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi mamlakat bo‘ylab 9 ming 452 ta mahalla ishini muvofiqlashtiradi. Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 7 mart Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida bu yil mahallalarda ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun qo‘shimcha 3,3 trillion so‘m ajratilishi ta’kidlandi. Xususan, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida yana 100 million dollar beriladi. Bunga qo‘shimcha ravishda tijorat banklari ham 100 million dollar jalb qilib, mahallalarda o‘zini o‘zi band qilgan xotin-qizlarga 50 million so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratadi. Albatta, O‘zbekiston Prezidentining bu kabi tashabbuslari mamlakatda gender tenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan katta qadamlardandir.

O‘zbekiston gender tengligi va mahalliy hamjamiyatlar barqarorligiga ustuvor ahamiyat berayotgan bir paytda, ushbu trening kabi tashabbuslar uzoq muddatli o‘zgarishlarga olib boruvchi muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi. Mahalliy yetakchilikni rivojlantirish hamda madaniy va huquqiy yondashuvlarni uyg‘unlashtirish orqali UNFPA va uning hamkorlari har bir mahallani nafaqat boshqaruv markazi, balki har bir inson uchun qadriyat, xavfsizlik va imkoniyatlar tayanchiga aylantirishga intilmoqda. 

N.Usmonova, O‘zA

Powered by GSpeech