Mansabdorlar harakati tufayli yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha qonun qabul qilinadi

Qonun bilan yetkazilgan zararning o‘rnini kompensatsiya qilish, hududiy kompensatsiya jamg‘armasi hisobidan qoplab berilgan mablag‘larni keyinchalik aybdor deb topilgan davlat organining mansabdor shaxsidan to‘liq miqdorda regress tartibida undirib olish, hududiy kompensatsiya jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish tartibi belgilanadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida davlat organi yoki mansabdor shaxslarning qonunga xilof qarori yoki harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyaning 55-moddasiga muvofiq, har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlangan. Har kim davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga ega.

 

Qayd qilinishicha, bugungi kunda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va xizmatchilarining qonunga xilof deb topilgan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) oqibatida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan va sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan zararlar va ma’naviy ziyonlarni qoplashni tartibga solish yagona qonun hujjati bilan tartibga solinmagan edi.

Mazkur qonun loyihasi bilan yetkazilgan zararning o‘rnini kompensatsiya qilish, hududiy kompensatsiya jamg‘armasi hisobidan qoplab berilgan mablag‘larni keyinchalik aybdor deb topilgan davlat organining mansabdor shaxsidan to‘liq miqdorda regress tartibida undirib olish, hududiy kompensatsiya jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish tartibi belgilanadi.

Qonun tashabbuskorlari ushbu hujjat fuqarolarning davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashga hamda aybdor mansabdor shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga qaratilganini ta’kidladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Kun.uz

Powered by GSpeech