So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari yuksak minbarlardan dunyo hamjamiyati e’tiborini millionlab insonlar hayotiga xavf tug‘dirayotgan ekologik muammolarga qaratmoqda.
Yaqindagina Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasida ham mintaqamiz yetakchilari yana bir bor xalqaro hamjamiyatni ogohlantirib, muz erishi jarayoni tezlashishi natijasida millionlab odamlar uchun suv va oziq-ovqat tanqisligi tahdid solayotganidan ogoh etdi.
Darhaqiqat, mintaqa hayotini asosan tog‘larda to‘plangan muzliklar ta’minlaydi. Afsuski, so‘nggi yillarda tabiat muvozanati buzildi. Iqlim isib, tog‘ muzi tez eriyapti. Yog‘in-sochin avvalgidek emasligi bois, zaxiraning o‘rni to‘lmay, suv kamaymoqda. Bu muammo Qozog‘istonni, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonni birdek tashvishga solmoqda. Prezidentlarimiz Assambleya minbariga chiqib, xavf solayotgan inqirozning oldini olish bo‘yicha samarali choralar ko‘rish, xalqaro forumlar o‘tkazishdan tortib, yangi institutlar yaratishgacha bo‘lgan keng ko‘lamli tashabbuslarni ilgari surdilar.
Muzliklar erib, tahdid kuchaymoqda
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Orol dengizi qisqarishi oqibati doim jahon hamjamiyati diqqat markazida bo‘lishi kerakligini ta’kidlar ekan, mamlakatda quruq dengiz tubiga, jami ikki million gektar sho‘r yerga chidamli o‘simliklar ekilganini ma’lum qildi.
Qozog‘iston yetakchisi Qosim-Jomart Tokayev Markaziy Osiyoda havo isishi tezligi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki barobar yuqoriligini ta’kidladi. Uning aytishicha, “Olatov” tog‘i muzi erishi “millionlab odamlar uchun suv va oziq-ovqat xavfsizligiga tahdidni kuchaytiradi”. Mintaqamiz asosiy suv zaxirasi joylashgan Tojikiston rahbari Emomali Rahmon esa mamlakatdagi 14 000 muzlikdan 1300 ga yaqini butunlay yo‘q bo‘lib ketgani xususidagi ma’lumotni keltirdi. Tabiat jadal o‘zgarishi suv, energiya va oziq-ovqat ta’minotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan toshqin, qurg‘oqchilik va chang bo‘roniga sabab bo‘lishi, natijada aholi hayoti qiyinlashishiga urg‘u berdi.
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ayniqsa qurg‘oqchilik, kamayib borayotgan suv resursi ushbu tog‘li mamlakat qishloq xo‘jaligi va biologiya xilma-xilligiga tahdid solayotgani haqida tashvish bilan gapirdi.
Ichki dengizlar fojiasi
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari mintaqadagi eng yirik suv havzalari bilan bog‘liq ekologik ofatlarga alohida e’tibor qaratdi.
Xususan, Qozog‘iston Prezidenti Kaspiy dengizi shiddat bilan qisqarayotganidan ogohlantirib, bu holatni “global signal” deb atadi. Turkmaniston yetakchisi Serdar Berdimuhammedov esa mamlakati Kaspiy atrof-muhitni muhofaza qilish tashabbusiga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
Konferensiya va forumlar
Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha keng ko‘lamli takliflar taqdim etdi.
Masalan, O‘zbekiston Jahon suv forumiga tayyorgarlik ko‘rayotganini e’lon qilib, innovatsion suv texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqishga chaqirdi. Qozog‘iston 2026 yil aprel oyida Ostona shahrida BMT ko‘magida mintaqaviy ekologik sammitga mezbonlik qilishini aytdi. Qirg‘iziston barcha a’zo davlatlarni 2027 yil tog‘li hududlarni barqaror rivojlantirishga bag‘ishlangan “Bishkek+25” sammitida ishtirok etishga chorladi. Tojikiston ham bu borada yirik anjumanga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qildi. Ya’ni, Dushanbe 2028 yil BMT Suv konferensiyasi uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan Oliy darajadagi xalqaro anjumanni o‘tkazadi.
Turkmaniston navbatdagi Kaspiy ekologik forumini 2026 yil uyushtirish taklifi bilan chiqdi.
Yangi institutlar va mintaqaviy dasturlar
O‘zbekiston rahbari BMT bilan hamkorlikda Mintaqaviy yashil texnologiya markazi ishga tushirilishi, Markaziy Osiyoda suvdan foydalanish va ko‘kalamzorlashtirish dasturlari amalga oshirilishi g‘oyasini ilgari surdi. Eng muhim, mazkur tashabbuslar davlatimiz tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi. Turkmaniston Prezidenti o‘z nutqida cho‘llanishga qarshi kurash mintaqaviy markazi tashkil etishni taklif qildi.
Qozog‘iston Prezidenti Bosh Assambleyani 22 aprel – Xalqaro sayyora ekish unini belgilash va 2026 yil – Barqaror rivojlanish uchun xalqaro ko‘ngillilar yilini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Iqlim diplomatiyasi
O‘zbekiston rahbari oliy minbarda turib, jahon hamjamiyatini iqlim migratsiyasi bo‘yicha Global shartnoma tuzishga chorlarkan, bu borada yagona xalqaro mexanizm mavjud emasligini yana bir bor eslatdi. Qirg‘iziston “tog‘dan okeangacha” tabiiy tizim o‘zaro bog‘liqligini ta’kidladi va har yili 3 trillion dollarlik harbiy xarajatni hayot sifatini yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish va toza havoga yo‘naltirish zarurligini qayd etdi.
Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyo yetakchilari bir ovozdan bugungi kunda qat’iy choralar ko‘rilmasa, mintaqaviy ekologik muammolar global inqirozga aylanishini tashvish bilan ta’kidlamoqda. Ular barchani mazkur tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, bo‘lajak tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqirar ekan, yuqorida tilga olingan muammolarni hal etish masalasi naqadar dolzarbligini jahon hamjamiyatiga qayta-qayta eslatishga harakat qilmoqda.
O‘zA, Saidmurod Rahimov
- Qo'shildi: 16.10.2025
- Ko'rishlar: 201
- Chop etish