Mas’uliyatni kim o‘z zimmasiga oladi?

Sirdaryo viloyatida nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 2025 yil 1 avgust holatiga ko‘ra 39 297 nafarga yetdi.

 Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 4 053 nafarga ko‘p bo‘lib, 12 foizga o‘sdi.
Tumanlar kesimida eng yuqori o‘sish Sayxunobodda qayd etildi — 21,3 foiz. Xovosda — 16,1%, Yangiyerda — 13,9%, Boyovutda esa — 13,6%.

Asosiy holatlar qon aylanish tizimi kasalliklari (19,4%), suyak-mushak tizimi kasalliklari (14,8%), tug‘ma nuqsonlar (11,4%) va xavfli o‘smalar (7,9%) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ayniqsa, Sirdaryo, Sayxunobod, Guliston va Oqoltin tumanlarida ko‘rsatkichlar yuqori.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan sog‘liqni saqlash tizimi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda bu vaziyat jiddiy muhokama qilindi.

— Qon aylanish tizimi va ruhiy kasalliklar hanuz yetarli darajada profilaktika qilinmayapti. Bu nogironlik holatlari va kasallik ko‘rsatkichlarining ortishiga sabab bo‘lmoqda, — dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxtiyor Boyzoqov. 

— Asosiy mas’uliyat Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va uning davolash-profilaktika muassasalari zimmasiga tushadi. Erta tashxis va profilaktika tadbirlari to‘g‘ri tashkil qilinsa, vaziyatni nazorat qilish mumkin. Ammo bu borada tizim yaxshi ishlamayapti. 

Yig‘ilishda belgilangan taklif va vazifalar aholi salomatligini muhofaza qilish, nogironlik holatlarining ortib borishini oldini olish va tizimli profilaktika choralarini amalga oshirishda muhim qadam sifatida baholandi.

G‘ulom Primov, O‘zA

Powered by GSpeech