Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari muhokama etildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamalar markazida bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasida mehnat munosabatlaridagi huquqiy kafolatlar, mehnat muhofazasi va ishchilarning manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan normalar nazarda tutilgan. Ishchi-xodimlar manfaatlari, qonuniy haq-huquqlarini himoyalashga qaratilgan normalar deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilinib, takliflar berildi.

Shuningdek, yig‘ilishda nizolarni taraflarning o‘zaro kelishuvi asosida hal qilish, ya’ni mediatsiya institutini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ham atroflicha muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda sudlarda ish hajmi ortib bormoqda. Jumladan, 2023 yilda fuqarolik sud ishlari 2021 yilga nisbatan 46 foizga oshgan. Bu esa sud organlariga ish yuklamasini oshirishi barobarida aholiga ham ortiqcha vaqt va ovoragarchilik bilan bog‘liq muammolarni tug‘diryapti.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Amerika va Yevropa davlatlarida nizolarni mediatsiya yo‘li bilan sudgacha hal qilish umumiy ishlarning 80 foizini tashkil qiladi. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich fuqarolik ishlarida 0,2 foiz, iqtisodiy ishlarda esa atigi 1,8 foizni tashkil qiladi.
Mazkur qonun loyihasida mediatsiya tartib-taomillarini qo‘llash uchun rag‘batlantiruvchi normalar, mediatorlarga oid talablar va mediativ kelishuvlarni ijro etish qoidalari nizolarni muqobil hal etish mexanizmlaridan biri sifatida belgilanmoqda.
Loyihaning qabul qilinishi nizolarni samarali va tezkor hal etishga, mediatsiya tartib-taomillarining hamma joyda qo‘llanilishini rag‘batlantirish orqali sudlardagi yuklamani maqbullashtirishga xizmat qiladi.
M.Komilova,
O‘zA
- Qo'shildi: 10.06.2025
- Ko'rishlar: 279
- Chop etish