Mehr-muruvvat va xayr-saxovat ayyomi

Mamlakatimizda ma’rifiy jabhalardagi yangilanish jarayonlari shiddat bilan kechmoqda. Ramazon oyining mehr va muruvvat, xayr va saxovat ayyomi sifatida nishonlanishi fikrimizning yorqin dalilidir. Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kabi muborak maskanlarning bunyod etilishini bu boradagi amaliy ishlarning yana bir namunasi, deyish mumkin.

Ushbu savobli tashabbuslarning ahamiyati, mohi Ramazon, Hayit bayramining xalqimiz hayotidagi o‘rni haqida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik  akademiyasi professori, tarix fanlari doktori Ne’matullo Muhammedov o‘z munosabatini bildirdi:

–  Xalqimizning muqaddas e’tiqodi – Islom tinchlik, ma’rifat va mehr-muruvvat dini sifatida barcha insonlarni ezgulikka, yaxshilikka da’vat qilib kelmoqda. Ayniqsa, uning qadriyatlari va fazilatlari hayit kunlarida o‘zgacha fayz bilan qalblarimizni munavvar etadi. Zero, iyd Ramazon kunlarida kasalmand, muhtoj kishilar, keksalar holidan xabar olib, ularning ko‘nglini ko‘tarish, yoru birodarlar, qavmu qarindoshlarni ziyorat qilish, hayitliklar ulashish ulug‘ savobli amallardan hisoblanadi.

Ramazon hayiti islom manbalarida “Iyd al-Fitr”  deyilib,  bir oy ro‘za ibodatining intihosi, ya’ni yakuni sanaladi. O‘z navbatida Ramazon hayiti ma’naviy poklanish, qalblar quvonchi va shukronalik bayramidir. U gunohlar mag‘firat qilinishi, ro‘zadorlarning taqdirlanishi, silai rahm (qarindoshlar holidan xabar olish), faqirlarga yordam berish va jamiyatda mehr-oqibatni mustahkamlaydigan ulug‘ ayyom, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ramazon hayitining asosiy fazilatlarini sanaydigan bo‘lsak, avvalo, shukrona va xursandchilik kuni, ayniqsa, masjidlarda hayit namozi jamoat bo‘lib o‘qilishida musulmonlarning birdamligi, hamjihatligi va shodligi namoyon bo‘ladi. Gunohlarning mag‘firat (kechirilishi) qilinishi, Ramazon hayiti namozidan oldin fitr sadaqasi berish vojib bo‘lib, bu bilan kam ta’minlangan va yordamga muhtojlarning bayramda xursand bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Ramazon hayiti kunlarida oila a’zolari, qarindoshlar va qo‘shnilar bilan ko‘rishish, silai rahm (qarindoshchilik) qilish, ularning holidan xabar olish, yo‘qlash va hayitlik, sovg‘alar ulashish kabi mehr-muruvvat va xayr-saxovat ko‘rsatilishi asrlar davomida qadriyatga aylangan.

Mehr-shafqat, fayz-baraka, rushd-hidoyat kunlari bo‘lgan Ramazon oyi ham oxiriga yetmoqda. Mamlakatimizda inson qadri, huquq va manfaatlarini ta’minlash, jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, aholi, ayniqsa, ehtiyojmand toifalarni ijtimoiy himoya qilish borasidagi islohotlarimiz tufayli muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyati, o‘zaro ahillik, saxovat va shukronalik g‘oyalari ostida kam ta’minlangan 3,5 million aholiga moddiy ko‘mak va yordamlar ko‘rsatildi. Shuningdek, mahallalar, joylardagi turli tashkilotlar tomonidan ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shunday muborak Ramazon kunlarida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiya markazining ochilishi ijtimoiy-ma’naviy hayotimizda muhim voqeaga aylandi. Jannatmakon yurtimiz  qadimdan jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lgan. Ajdodlarimiz tafakkuri va dahosi bilan yaratilgan eng qadimgi toshyozuv va bitiklar, xalq og‘zaki ijodi namunalaridan to bugun kutubxonalarimiz xazinasida saqlanayotgan ming-minglab qo‘lyozmalar, ularda mujassamlashgan tarix, adabiyot, san’at, siyosat, axloq, falsafa, tibbiyot, matematika, mineralogiya, kimyo, astronomiya, me’morlik, dehqonchilik va boshqa sohalarga oid qimmatbaho asarlar – xalqimizning buyuk ma’naviy boyligi deyish mumkin.

Kuni kecha O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishida Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek,  “Uch ming yildan ziyod shonli tariximizni Yangi O‘zbekiston bilan bog‘laydigan, inson va xalq qadrini ulug‘laydigan aql-tafakkur markazi tashkil etildi”.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘zining mahobati, maydoni va qamroviga ko‘ra, dunyoda islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini o‘rganish hamda targ‘ib etishga qaratilgan yirik majmualardan biri hisoblanadi.

Aynan shu muqaddas zaminda tug‘ilgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamaxshariy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ko‘plab allomalarimiz islom ta’limoti va  nazariyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shganlar.

Muhimi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida olamshumul kashfiyotlar, fundamental asarlarning aksariyati aynan yurtimiz allomalari tomonidan yaratilgani har bir yurtdoshimiz qalbida faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.

Prezidentimiz “ushbu Markaz ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi faoliyatimiz uchun fundamental baza bo‘ladi. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari yuqori kurslarni shu yerda o‘qiydi, o‘qituvchi-domlalar esa o‘z bilim va malakasini oshiradi” deb alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Endilikda Akademiya talabalari “Islom tarixi”, “Islom madaniyati va san’ati”, “Qur’onshunoslik”, “Hadisshunoslik”, “Fiqh”,  “Kalom”, “Tasavvuf tarixi”, “Movarounnahr allomalari ilmiy merosi” kabi  qator fanlarni bevosita markazda o‘tish imkoniyatlariga ega bo‘ladi. Shuningdek, talabalarning malakaviy amaliyot mashg‘ulotlari ham markazda tashkil etilishi yoshlarning bilim va malakalarini oshirishga xizmat qiladi.

Umuman olganda, Islom sivilizatsiya markazi xalqimizning uch ming yillik tarixi, jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasi, buyuk ajdodlarimizning madaniy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish va keng ommalashtirish uchun imkoniyatlar eshigi ochildi.

O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.

Powered by GSpeech