Migratsiya agentligiga qo‘shimcha vakolat berilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida muvofiqlikni baholash organlarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda mahsulotlarni o‘z ixtiyori bilan chaqirib olgan tadbirkorlarga yengillik berishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi bilan Fuqarolik kodeksi, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi va “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunlarga muvofiqlikni baholash organlari mas’uliyatini oshirish hamda tadbirkorlik sub’ektlarini tegishli talablarga nomuvofiq bo‘lgan mahsulotlarni o‘z ixtiyori bilan savdodan chaqirib olishni rag‘batlantirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. 

Muhokamalarda fraksiya a’zolari qonun loyihasida belgilanayotgan ayrim normalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalarini bildirdi. Ayrim normalar bo‘yicha savollar o‘rtaga tashlandi. Qonun loyihasining ahamiyati e’tirof etilib, ma’qullandi. 

Bundan tashqari, fraksiya a’zolari migratsiya va uning qonuniy asoslarini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qildi. Qayd etilganidek, keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun noqonuniy to‘lovlar xorijda ish qidirayotgan shaxslardan undirilishi natijasida xususiy bandlik agentliklari tomonidan fuqarolarning ishonchini suiiste’mol qilish holatlari odatiy holga aylanib qolmoqda. 

Loyihaga ko‘ra, xususiy bandlik agentliklariga xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarni kasb-hunarga va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish hamda ushbu jarayonga hamkor xorijiy ish beruvchilarni jalb qilish huquqini berish nazarda tutilmoqda. 

Shuningdek, Migratsiya agentligiga xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy ta’sir choralarini qo‘llash vakolati berilmoqda. 

Yig‘ilishda kun tartibidagi yana bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi. 

Muhtarama Komilova, O‘zA

Powered by GSpeech