Mikroplastik xavfi: insoniyat va sayyora taqdiri uchun global chaqiriq

Shu kunlarda BMTga a’zo 176 davlat delegatlari, nodavlat tashkilotlar, olimlar va sanoatchilar Jenevada yig‘ilib, global miqyosda plastik ishlab chiqarishni qisqartirish bo‘yicha muzokaralar olib borishmoqda.

– Biz shoshilinch choralar ko‘rishimiz kerak, - dedi mikroplastmassalar bo‘yicha qilgan ishlari uchun “Time's” jurnalining eng nufuzli 100 kishisi ro‘yxatiga kiritilgan Plimut universiteti professori Richard Tompson. – Buni faqat chiqindilarni boshqarish yo‘li bilan hal qilib bo‘lmaydi. Ba’zi davlatlar moliyaviy oqibatlardan xavotirda, ayniqsa, ular plastmassa uchun uglerodning asosiy manbai bo‘lgan neft va gazni ko‘p eksport qiladigan mamlakat bo‘lsa

Muzokaralarda ishtirok etgan Yevropa komissiyasi plastmassaning ishlab chiqarishdan tortib, utilizatsiya qilishgacha bo‘lgan butun hayotiy siklini qamrab oladigan shartnoma tuzishga chaqirmoqda. Shuningdek, ular inson salomatligi va atrof-muhit uchun zararli bo‘lgan ayrim plastmassalardan bosqichma-bosqich voz kechishni qo‘llab-quvvatlashdi.

Tompson yig‘in ishtirokchilarini “keyingi avlodning ko‘ziga qarash”lari uchun chora ko‘rishga davat etdi. 

– Plastik ifloslanish global ekologik muammodir. Plastmassa mahsulotlari sayyoramizdagi eng chuqur okeanlarimizdan tortib to eng baland tog‘larimizni ham tom ma’noda ifloslantiradi. Bilsangiz, u Arktika dengizidan ekvatorgacha bo‘lgan muzlarda mavjud, -dedi u. 

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab har yili 460 million tonna plastmassa ishlab chiqariladi va u mahsulotlarning 81 foizi bir yildan kamroq vaqt ichida chiqindilarga aylanadi.

Ushbu chiqindilarning atigi 9 foizi qayta ishlanadi, 20 foizi yoqib yuboriladi, 20 foizdan ortig‘i tabiat qo‘yniga tashlab ketiladi.

Professor Tompsonning fikricha, tuzilajak shartnoma plastik buyumlar dizayni uchun barqarorlik mezonlarini belgilashi shart, ular qayta ishlatilishi yoki uzoqroq vaqtga xizmat qilishi kerak.

Muharrama Pirmatova tayyorladi.

O‘zA

Powered by GSpeech