Bu, mamlakatingizda davlat rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar, demokratik jarayonlarni rivojlantirishdagi sa’y-harakatlar yuksak baholanayotganini ham ko‘rsatadi.
Joriy yil 5-9 aprel kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasi munosabati bilan poytaxtimizga tashkilotga a’zo davlatlar parlamentlari vakillari va nufuzli mehmonlar tashrif buyurishni boshladi.
Mamlakatimizga Parlamentlararo ittifoq ijroiya qo‘mitasi a’zosi, Zambiya Milliy Assambleyasi spikeri Nelli Kasumba tashrif buyurdi.
– Bu mening O‘zbekistonga ilk tashrifim, – dedi N.Kasumba. – Bu yerda bo‘lish men uchun sharaf. Parlamentlararo ittifoqning muntazam ravishda yig‘ilishlar o‘tkazishi esa juda muhim.
Biz yiliga ikki marotaba bu kabi uchrashuvlarni tashkil etamiz. Ushbu assambleyaning asosiy mavzusi – taraqqiyot va ijtimoiy adolatni rivojlantirishdir. Chunki parlamentlarning vazifasi – faqat qonunlarni qabul qilish va nazoratni amalga oshirish emas, balki parlament diplomatiyasi orqali global jarayonlarga ta’sir o‘tkazish hamdir.
Parlament a’zolari xalq nomidan so‘z yuritadi. Shu bois, ularning ovozi kuchli. Ular esa, bu mas’uliyatni chuqur his etishlari kerak. Bu galgi anjuman ham dunyo miqyosida o‘z ta’siriga ega bo‘lgan muhim muhokamalarga boy bo‘ladi.
Umuman olganda, bu yerda bo‘lishdan xursandman. O‘zbekiston – juda go‘zal yurt ekan. Samolyotdan qaraganda ham uning betakror go‘zalligini ko‘rdim.
Aytib o‘tish kerakki, bunday keng ko‘lamli tadbirni o‘tkazishdan oldin Parlamentlararo Ittifoq vakillari kelib, barcha sharoitlarni o‘rganadi. Eng muhimi, anjuman o‘tadigan mamlakatda erkin va demokratik muhit uchun xavfsiz sharoitlar yaratilgan bo‘lishi lozim.
Shu nuqtai nazardan, tinchlik barqaror O‘zbekiston har tomonlama munosib manzil (lokatsiya) sifatida tanlandi. Bu, mamlakatingizda davlat rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar, demokratik jarayonlarni rivojlantirishdagi sa’y-harakatlar yuksak baholanayotganini ham ko‘rsatadi.
Men ijroiya qo‘mitasi a’zosi sifatida uchrashuvlar samarali o‘tishiga ishonaman. Biz parlament a’zolari sifatida global masalalar yuzasidan o‘z pozitsiyamizni bildiramiz va ularni tinch yo‘l bilan hal qilishga hissa qo‘shamiz.
Sir emaski, dunyo bo‘ylab ko‘plab ziddiyatlar mavjud. Shunday bo‘lsada, biz a’zo davlatlarning yetakchilarini muloqot qilishga undaymiz. Chunki, faqat muloqot orqali har ikki tomon manfaatlarini hisobga olgan holda kelishuvga erishish mumkin.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston Prezidentining turli xalqaro minbarlardagi chiqishlarida har doim mamlakatlarni tinchlikka, birdamlikka chaqirishini aytib o‘tishim kerak.
Biz buni Markaziy Osiyoda davlatingiz rahbarining qo‘shni davlatlar bilan do‘stona siyosat olib borayotganidan va aloqalarni mustahkamlayotganidan ham ko‘rishimiz mumkin.
Mojarolar va urushlar oqibatida eng ko‘p aziyat chekkanlar – bolalar va ayollar. Shu bois, biz tinchlik yo‘lida birgalikda faol harakat qilishimiz zarur.
Bu galgi asosiy muhokamalar ham aynan shunga qaratiladi. Ishonchim komilki, faqat hamkorlik va tinch muloqotlar qilish orqali biz ko‘proq natijalarga erisha olamiz. Chunki, urush bor joyda taraqqiyot bo‘lishi mumkin emas. Tinchlik bor joyda esa rivojlanish amalga oshadi. Buni O‘zbekiston misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Norgul Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 02.04.2025
- Ko'rishlar: 290
- Chop etish