Niderlandiyaliklar G‘azodagi zo‘ravonliklarni to‘xtatishni talab qilmoqda

Yakshanba kuni Gaaga shahrida o‘n minglab odamlar ko‘chaga chiqdi. Ular hukumatni Isroilga bosimni kuchaytirishga va G‘azodagi zo‘ravonliklarni to‘xtatishga chaqirmoqda.  Ular qarshilik ramzi sifatida qizil liboslar kiyib ko‘chalarga chiqishgan. Mahalliy aholi Niderlandiya hukumatining G‘azo sektoridagi harbiy amaliyot bilan bog‘liq siyosatiga qarshi ekanliklarini shu tarzda namoyish etishmoqda.

Ushbu hududda bunday norozilik tadbiri ikkinchi marta bo‘lib o‘tmoqda. Oldin ham may oyida Isroilning G‘azo sektoridagi nizosiga qarshi namoyish bo‘lgan edi, lekin bu safar namoyishga oldingidan ko‘ra juda ko‘p kishi yig‘ilgan. 

Namoyishchilar Gaaga markazidan 5 km yo‘lni bosib o‘tib, ramziy ma’nodagi “qizil chiziq”ni belgilashdi. Ularning fikricha bu chiziq hukumatni G‘azo bilan bog‘liq masalalarda keskin va amaliy chora ko‘rishga undashi kerak. Ramziy chiziq esa endi boshqa kutish mumkin emasligini bildiradi. 

Xabarlarda ta’kidlanishicha, norozilik yig‘ini inson huquqlari va insonparvarlik tashkilotlari hamda Chegara bilmas shifokorlar tashkiloti tomonidan uyushtirilgan. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, tadbirda 150 mingdan ortiq kishi ishtirok etgan. 

– Men G‘azoda sodir etilayotgan jinoyatlarga sherik bo‘lishni xohlamayman va shuning uchun namoyishga kelib o‘z pozitsiyamni bildiryapman, -deydi namoyishchilardan biri.

Ayni paytda qo‘shni Belgiyada ham kamida 75 ming kishi ko‘chaga chiqqan. Ko‘pchilik ekspertlar bo‘layotgan voqealarni Niderlandiya rasmiylariga “aniq belgi” sifatida baholamoqda. Ularning fikricha, hukumat Isroilga bosimni kuchaytirish uchun milliy va xalqaro miqyosda shoshilinch choralar ko‘rishi kerak.

Shu bilan birga, BMTning qator agentliklari va gumanitar tashkilotlar Isroil tomonini insoniyatga qarshi jinoyatlar, jumladan, Falastin aholisini etnik tozalashda ayblamoqda. 

O‘tgan hafta BMTning Falastin hududlari bo‘yicha mustaqil xalqaro tergov komissiyasi tahlilchilari Isroilni insoniyatga qarshi jinoyat sodir etganlikda ayblab, “qirg‘in qilish” va maktablar, diniy muassasalarda boshpana topgan tinch aholini qasddan nishonga olganlikda ayblagan hisobot e’lon qildi. 

K.Bekjonov, O‘zA

Powered by GSpeech