Amaldagi qonunchiligimizda nodavlat notijorat tashkilotlarning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik hamda jamoatchilik nazorati natijasi bo‘yicha davlat organlariga kiritilgan yakuniy hujjatni belgilangan muddatda ko‘rib chiqmaslik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik choralari o‘rnatilmagan.
Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari talablarini buzganlik uchun ma’muriy jarima miqdorlari yuqoriligicha saqlanib qolyapti. Bu esa fuqarolik jamiyati institutlarining asosli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida nodavlat notijorat tashkilotlarning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik, jamoatchilik nazorati sub’ektlari tomonidan jamoatchilik nazorati natijasi bo‘yicha davlat organlariga kiritilgan yakuniy hujjatni belgilangan muddatda ko‘rib chiqmaslik uchun mansabdor shaxslarga ma’muriy javobgarlikni belgilash, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy undiruvlarni o‘rtacha to‘rtdan bir qismiga kamaytirish belgilanmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilingan mazkur hujjat bo‘yicha deputat N.Tilavoldiyev batafsil ma’lumot berdi. Uning aytishicha, nodavlat notijorat tashkilotlarining jamoatchilik oldida faoliyati shaffofligi va hisobdorligi oshirilyapti. Ya’ni, nodavlat notijorat tashkilotlar xorijiy manbalardan olgan pul mablag‘lari va mol-mulk hamda ulardan foydalanish to‘g‘risidagi axborotni jamoatchilikka e’lon qilishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, loyihada homiylik va xayriya faoliyatining manzilliligini ta’minlash, jamoat fondlari faoliyatiga aholining ishonchini yanada mustahkamlash maqsadida o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish yoxud firibgarlik jinoyatlarini sodir etgani uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslar tomonidan jamoat fondlari tashkil eta olmasligi aks etmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 16.04.2025
- Ko'rishlar: 156
- Chop etish