Nogironlar huquqlari: yangi milliy va xalqaro hujjatlar

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ekspertlari nogironligi mavjud shaxslarning oliy sudlovda qatnashishini ta'minlash bo'yicha birinchi qoidalar to'plamini ishlab chiqdi va nashr qildi. Ushbu to'plam «Imkoniyatlari cheklangan shaxslarning oliy sudlovda erkin ishtirok etishini ta'minlash printsiplari va rahbariy nizomi» deb nomalangan bo'lib, BMTning Nogironlar huquqlarini himoya qilish bo'yicha maxsus ma'ruzachisi, sohaviy qo'mitasi va Tashkilot Bosh kotibining Maxsus elchisi tomonidan ishlab chiqilgan, deyiladi BMT Axborot xizmatining xabarida.

«Hozirda ijtimoiy va jismoniy to'siqlar ularning oliy sudlovda ishtirok etishiga ko'pincha to'sqinlik qiladi. Sud binolari yoki politsiya mahkamalarida nogironlar uchun sharoitlar yetarli darajada emas. Ayrim davlatlarda suddagi mansabdor shaxslar yoki politsiyachilar nogironligi bo'lgan kishilarning sud muhokamalarida qatnashishi yoki advokat bilan maslahatlashuv qilishiga shubha bilan qaraydi. Biz ushbu mamlakatlarga muammolarni bartaraf qilish va inson huquqlarining poymol bo'lishiga yo'l qo'ymaslik borasida ko'mak bermoqchimiz», deydi BMTning Nogironlar huquqlarini himoya qilish bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Katalina Devandas Agilar.

Hujjatda nogironligi bo'lgan shaxslarning oliy sudlovdagi ishtirokini ta'minlash bo'yicha 10 ta asosiy jihat keltirilgan:

Oliy sudlovda ishtirok etishda hech kimga nogironligi bo'lgani uchun rad javobini berish mumkin emas.

Bino va xizmatlar borasida ham hammaga birdek sharoit yaratilishi lozim va insonning nuqsonlari kamsitilishiga yo'l qo'yilmasligi zarur.

Nogironlar, jumladan, imkoniyati cheklangan bolalar tegishli protsessual moslashuvni amalga oshirishi shart.

Imkoniyati cheklangan kishilar boshqalar bilan bir qatorda yuridik bildirishnomalar va erkin axborot olish huquqiga ega.

Nogironlar xalqaro huquqda tan olingan barcha asosiy va protsessual kafolatlarni olishi, boshqalar bilan teng huquqli bo'lishi, davlat ularning huquqlari ta'minlanishi yuzasidan sharoitlar yaratilishini ta'minlashi zarur.

Nogironlar bepul va barcha uchun erkin yuridik yordam olish huquqiga ega.

Imkoniyati cheklangan shaxslar boshqalar bilan bir qatorda oliy sudlovda ishtirok etish huquqiga ega.

Nogironligi bo'lgan shaxslar inson huquqlarining toptalishi yoki jinoyatlar yuzasidan shikoyat qilishi, sud surishtiruvi o'tkazilishini talab qilishi mumkin, ularning shikoyati huquqiy himoyaning samarali vositalari bilan tergov qilinishi lozim.

Imkoniyati cheklangan shaxslarning odil sudlovda ishtirok etishi samarali va ishonchli mexanizmlar orqali qo'llab-quvvatlanishiga muhim o'rin beriladi.

Odil sudlov tizimida ishlaydiganlar imkoniyati cheklangan kishilarning o'zlariga taalluqli huquqlar haqida xabardorligini ta'minlashi va o'quv dasturlarini ularga yetkazib berishi zarur.

Hujjat nogironlar huquqlari bo'yicha ekspertlar, imkoniyati cheklangan kishilar va yuristlarning tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Ushbu qoidalar Nogironlar xalqaro al`yansi va Xalqaro yuristlar komissiyasi tomonidan tasdiqlangan.

«Biz ko'plab mamlakatlar endi imkoniyati cheklangan odamlar va ularning vakillari guruhi bo'yicha o'z qonunchiligiga va yuridik jarayonlarga o'zgartirishlar kiritishi, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda adliya organlarida bu borada ta'limni yo'lga qo'yishiga ishonamiz», deyiladi Xalqaro yuristlar komissiyasining ekspertlari xulosasida.

2019 yil iyul` oyida BMTning Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan O'zbekistonga kelgandi. U o'z ma'ruzasida qayta ta'mirlangan sud binolaridagi sharoitlar nogironlar uchun yetarli darajada emasligini qayd etgan. Garsiya-Sayanning so'zlariga ko'ra, u suhbatlashgan odamlar sudlarda, ayniqsa, shaharlardan uzoqda joylashgan binolarda nogironlar uchun sharoitlar yo'qligini bildirgan.

BMT vakili sud tizimida nogironlar uchun surdotarjimonlar yetarli emasligi, xususan, sud qarorlari sensor, intellektual yoki psixosotsial yetishmovchiligi bo'lgan insonlarga yetkazilishi uchun hujjatlar ishlab chiqilmagani haqida ham o'z fikrlarini bildirgan, deb xabar bermoqda daryo.uz sayti.

Ma'lumot uchun: O'zbekiston Prezidentining 2017 yil 1 dekabrda qabul qilingan “Nogironligi bo'lgan shaxslarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoniga muvofiq, hukumat tomonidan tegishli vazirlik va idoralar ishtirokida “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Loyiha 2020 yil 22 iyul` kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ikkinchi o'qishda qabul qilindi. Bu, o'z navbatida, BMTning Nogironlar huquqlar to'g'risidagi konventsiyasini ratifikatsiya qilish borasida qo'yilgan yana bir muhim qadam bo'ldi.

Qonunning asosiy xususiyatlaridan biri nogironligi bo'lgan shaxslarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash bilan birga, nogironlik belgisiga ko'ra kamsitilishga yo'l qo'ymaslik, insonning huquq va erkinliklarini amalga oshirishdagi imkoniyatlar tengligini ta'minlashdir. Shu asosda nogironligi bo'lgan shaxslarning qadr-qimmati, ularning shaxsiy mustaqilligi, tanlash erkinligini hurmat qilish kabi muhim printsiplar alohida moddalarda ochib berilgan.

Nogironligi bo'lgan shaxs – barqaror jismoniy, aqliy, sensor, ya'ni sezgi yoki ruhiy nuqsonlari mavjudligi oqibatida hayot faoliyati cheklanganligi munosabati bilan ijtimoiy yordam va himoyaga muhtoj bo'lgan shaxsdir.

Nogironligi bo'lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish – hayot faoliyatiga doir cheklovlarni yengib o'tish, bu cheklovlarning o'rnini qoplash, ya'ni kompensatsiya qilish uchun nogironligi bo'lgan shaxslarga shart-sharoitlarni ta'minlaydigan hamda ularga jamiyat va davlatning ijtimoiy-siyosiy hayotida teng ravishda ishtirok etish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan, davlat tomonidan kafolatlangan iqtisodiy, ijtimoiy va huquqiy chora-tadbirlar tizimidir.

 Shu o'rinda haqli savol tug'iladi: Bugungi kunda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 800 mingga yaqin nogironligi bo'lgan shaxslar uchun ob'ektlar va xizmatlarning qulayligi ta'minlanyaptimi?

Afususki, ayrim ijtimoiy infratuzilma ob'ektlarida hattoki nogironlik aravachasida harakatlanayotgan shaxs uchun oddiygina panduslar ham qilinmagan. Amaldagi qonunchilikka ko'ra, bunday tashkilot va tadbirkorlik sub'ektlariga ma'muriy javobgarlik belgilangan. Lekin, bu bilan ish bitmaydi. Bu o'rinda nogironligi bo'lgan shaxslarga nisbatan munosabatni o'zgartirish masalasi birinchi o'ringa chiqadi.

Shunday yo'l tutilmas ekan, nogironligi bo'lgan shaxslarning binolardan, inshootlardan, transportdan, axborotdan va aloqa vositalaridan, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va tizimlaridan, shuningdek boshqa ob'ektlardan va aholiga ko'rsatiladigan xizmatlardan boshqa fuqarolar bilan teng ravishda foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratish masalasiga loqayd qarashlar davom etaveradi.

Oqibatda esa bunday insonlar nogiron bo'lgani sababli emas, aksincha, mavjud to'siqlar tufayli jamiyat va davlatning ijtimoiy-siyosiy hayotida to'la huquqli tarzda ishtirok etolmaydilar. Inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblangan bir paytda bunga aslo yo'l qo'yib bo'lmaydi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur qonunning qabul qilinishi nogironligi bo'lgan shaxslarning huquq va erkinliklarini ta'minlash, davlat tomonidan kafolatlangan barcha imtiyozlardan foydalanish imkoniyatini qonuniy mustahkamlash bilan birga, O'zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o'rnini yaxshilashga xizmat qiladi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech