Nogironligi bo‘lgan shaxslar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda qanday imtiyozlarga ega?

Huquqiy munosabat

Bugungi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlari uchun bir qator imtiyozlar sohaviy qonunchilik asosida yaratib berilmoqda. Jumladan, nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun davlat to‘lovi undirilmaydi. 

Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu bo‘yicha quyidagicha tushuntirish berdi: 

–641-sonli qonunning 40-moddasiga asosan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida abituriyentlarni qabul qilish umumiy sonining 2 foizi miqdorida qo‘shimcha qabul kvotasi belgilab qo‘yilgan. 

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha kvota asosida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish kirish imtihonlari natijalari bo‘yicha amalga oshiriladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ajratilgan qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha o‘qishga qabul qilinmagan abituriyentlar to‘plagan ballari bilan ta’limning ushbu yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda umumiy asoslarda ishtirok etadi. 

Nogironligi bo‘lgan abituriyentlarning oliy ta’lim muassasalariga kirishlari uchun belgilangan 2 foizlik kvota I va II-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslargagina tatbiq etiladi. 

Bunda III-guruh nogironligi bo‘lgan abituriyentlarga nisbatan bu imtiyoz qo‘llanilmaydi. 

Nogironligi bo‘lgan abituriyentlar oliy ta’lim muassasalariga onlayn yoki oflayn shaklda hujjat topshirishlari mumkin bo‘ladi. 

Nogironligi bo‘lgan abituriyent oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga topshirishda, quyidagi hujjatlarga ega bo‘lishi talab etiladi. 

Jumladan, abituriyentning pasporti yoki ID kartasi, abituriyentning o‘zi o‘qigan ta’lim muassasasi tomonidan berilgan attestati yoki o‘zi bitirgan kollejning diplomi, I - II guruh nogironlik holatini tasdiqlovchi hujjat hamda abituriyentning o‘zining nomiga rasmiylashtirilgan telefon raqami kerak bo‘ladi. 

Nogironligi bo‘lgan abituriyent oliy ta’lim muassasasida tashkil etilgan qabul komissiyasiga yuqorida keltirilgan hujjatlarni taqdim etgandan keyin u o‘qishga hujjat topshirishi bo‘yicha oliy ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza bilan murojaat qilishi talab etiladi. 

Nogironligi bo‘lgan shaxslar onlayn shaklda My.uzbmb.uz sayti orqali o‘z hujjatlarini topshirishlari mumkin. Bu quyidagi tartibda amalga oshiriladi: My.uzbmb.uz.uz saytiga kirib, hosil bo‘lgan oynada pasport seriya raqami, shaxsiy identifikasion raqam, telefon raqam, parol kiritilib, shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanishga rozilik bildirish bilan bog‘liq flajok belgilanib, ro‘yxatdan o‘tish tugmasi bosiladi. 

Undan keyin kiritilgan telefon raqamga sayt orqali kod yuboriladi. Yuborilgan kod dasturga kiritilib, ma’lumotlar tasdiqlanadi. Oliy va professional ta’lim muassasalari qabul bo‘limiga kirib, xizmatdan foydalanish tugmasi bosiladi. Hosil bo‘lgan oynada yozilishi kerak bo‘lgan ma’lumotlar abituriyent tomonidan to‘ldiriladi. 

Ariza topshirish bo‘limida test topshirish hududi, ta’lim tili, test topshirish alifbosi tanlanadi. Keyin test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi aniqlanadi. Agarki, abituriyent tanlagan fanlar majmuasida chet tili mavjud bo‘lsa, tegishli chet tilini ham tanlashi shart. Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar maydonchalari to‘ldirilganidan keyin saqlash tugmasi bosiladi. Shundan so‘ng, abituriyentning telefon raqamiga SMS xabarnoma orqali kod yuboriladi. Kodni dasturga kiritish orqali ma’lumotlar tasdiqlanadi. 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA

Powered by GSpeech