Noshirlik va kutubxona yo‘nalishida o‘zbek–ozar hamkorligining yangi istiqbollari muhokama qilindi

Bugun AOKAda O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda noshirlik-matbaa hamda axborot-kutubxona sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

 

Agentlik direktori o‘rinbosari G‘ayrat Bozorov o‘zbek-ozar adiblarining sara asarlarini tarjima qilish va chop etish, ikki davlat noshirlari, muharrirlari, axborot-kutubxona, matbaa mutaxassislari o‘rtasida doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, axborot-kutubxonalarda ikki mamlakat asarlari burchaklarini tashkil etish borasida taklif-mulohazalarini bildirdi.

 

O‘z o‘rnida, Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Akif Marifli sifatli tarjima va nashrni tashkil etish uchun ikki mamlakat ijodkorlari bilan adabiy kechalar tashkil qilish,Ozarbayjonda o‘tkaziladigan xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkalarida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillarining maxsus milliy ekspozitsiya bilan ishtirok etishi va hamkorlikdagi yangi istiqbolli loyihalar bo‘yicha tashabbuslarini ilgari surdi.

 

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat o‘rtasida adabiy aloqalarni yanada mustahkamlash, kitobxonlikni targ‘ib qilish, kelgusida qo‘shma loyihalarni ishga tushirish orqali o‘zbek va ozar noshirlari hamda ijodkorlarining yaqin hamkorligini yo‘lga qo‘yish takliflarini o‘rganib chiqishga kelishildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rasmiy kanali

Powered by GSpeech