10 dekabr kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Raqamli iqtisodiyot, inson huquqlari sohasida ta'lim va tadqiqotlar” tanlovi g'oliblarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi. Ushbu tantanali marosim "Yangi O'zbekiston va inson huquqlari" mavzuidagi turkum xalqaro tadbirlar doirasida tashkil etildi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi 2020 yil – Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yiliga doir Davlat dasturi hamda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida «Raqamli iqtisodiyot, inson huquqlari sohasida ta'lim va tadqiqotlar» mavzusida respublika tanlovini e'lon qilgandi.
Joriy yil oktyabr-dekabr oylarida o'tkazilgan ushbu tanlovning maqsadi inson huquqlari sohasidagi ta'lim va tadqiqotlarni rivojlantirish, shuningdek mamlakat aholisi o'rtasida inson huquqlari madaniyatini rivojlantirishdir. Tanlov o'n ikkita nominatsiya bo'yicha tashkil etildi.
Tanlovda 80 nafar ishtirokchi o'z ijodiy ishlari bilan faol qatnashdi. Ishtirokchilar tavsiya etgan materiallar nufuzli hay'at tomonidan ko'rib chiqildi. Shu asosda g'oliblar aniqlandi.
Taqdirlash marosimini O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ochib berdi. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi Jon MakGregor tanlov ishtirokchilarini qutladi.
Tanlov g'oliblariga tegishli diplomlar va qimmatbaho sovg'alar topshirildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.12.2020
- Ko'rishlar: 3878
- Chop etish