Ochiqlik indeksida qanday natijalar qayd etildi?

Ochiqlikni ta’minlash – korrupsiyaning oldini olishning zaruriy shartlaridan biri. Shu bois, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik qanday ta’minlanayotgani begilangan mezonlar asosida o‘rganib boriladi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 14 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan joriy etilgan Ochiqlik indeksi  davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida axborotlarni joylashtirish va elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish, jamoatchilik oldida hisobdorlik tizimining yo‘lga qo‘yilishi, byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlashga oid ma’lumotlarning rasmiy veb-saytda joylashtirilishi, korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishda ochiqlik tamoyillaridan foydalanish, jamoatchilik kengashining faoliyati samaradorligini baholash kabi mezonlar asosida aniqlanadi. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligidan ma’lum qilishlaricha, ochiqlikni ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash komissiyasi idora va tashkilotlarning shu yo‘nalishdagi faoliyatini o‘rgandi. 

Baholashda o‘tgan yilga nisbatan «yashil» toifada baholangan davlat idoralari ko‘lami 21 foizga ko‘payib, «qizil» toifadagilar 15 foiz (ijobiy o‘sish ko‘rsatkichlari bo‘yicha)ga kamaygani ma’lum bo‘ldi. 

Eng yuqori samaradorlik ko‘rsatkichlarini “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati (91 ball), Soliq qo‘mitasi (90 ball), «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati (89 ball) va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati (89 ball) qayd etgan. 

Eng yuqori ijobiy o‘sish “Uzbekistan airways” aksiyadorlik jamiyati (+42 ball), Transport nazorati inspeksiyasi (+46 ball), Sport vazirligi (+47 ball), Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (+52 ball) tomonidan qayd etilgan.

Ochiqlik indeksi 84 baholash mezonidan tarkib topgan 8  indikator asosida shakllantiriladi. Bu yilgi baholashda jami 98 ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari – vazirlik, qo‘mita, agentlik, inspeksiyalar va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati qamrab olindi.

Baholash natijalariga ko‘ra, 50 davlat organi «yashil», 35 tasi «sariq» va 13 tasi «qizil» samaradorlik ko‘rsatkichlarini qayd etdi.

E’tirof etish kerakki, Ochiqlik indeksi fuqarolarning axborotni erkin izlash va olishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. 

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech