Odam savdosi eng jirkanch va og‘ir jinoyatlardan biri bo‘lib, inson huquqlari va erkinliklarini poymol qiladi, hayoti va kelajagiga tahdid soladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘yicha yuz minglab inson turli va’dalar, aldovlar yoki majburlash orqali mehnat va jinsiy ekspluatatsiya qurboniga aylanar ekan. Xalqaro migratsiya tashkiloti tahlillariga ko‘ra, har uchinchi jabrlanuvchi bola, har beshinchi kishi esa xalqaro tranzit orqali savdo qurboniga aylanadi hamda jabrdiydalar orasida ko‘p hollarda ayollar, bolalar va mehnat muhojirlari ustunlik qiladi.
Ma’lumki, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan “Biz odam savdosiga qarshimiz!” huquqiy targ‘ibot oyligi o‘tkazilmoqda. Mazkur oylik doirasida Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazida “Odam savdosiga qarshi kurashda hamkorlikning yangi istiqbollari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda Xalqaro migratsiya tashkiloti maslahatchilari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlari, partiya vakillari, Ichki ishlar vazirligiga qarashli odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha kichik komissiya mutaxassislari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mas’ullari, Reabilitatsiya markazi rahbariyati, “Istiqbolli avlod” NNT va boshqa jamoatchilik organlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda inson huquqlarini himoya qilish, odam savdosining oldini olish, jabrdiydalarni tezkor aniqlab, samarali reabilitatsiya qilish orqali jamiyatga qaytarish borasidagi hamkorlikni kengaytirish, mazkur illatga qarshi kurashishdagi istiqbolli yechimlar va yangicha yondashuvlar muhokama qilindi.
Davra suhbatida Markaz direktori Muqaddam Rasulova odam savdosi oqibatlarini bartaraf etishda tuzilmaning asosiy vazifalari, jabrdiyda shaxslar bilan ishlashdagi yondashuvlari, psixosotsial yordam mexanizmlari va ularning reabilitatsiya jarayonidagi samarasi haqida ma’lumotlar berdi:
— Reabilitatsiya markazimiz O‘zbekistonda mazkur toifadagi shaxslarga mo‘ljallangan yagona davlat muassasasi bo‘lib, bugungi kunda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida faoliyat yuritmoqda. Markazning asosiy vazifasi — odam savdosidan jabrlangan va jabrlangan deb hisoblangan shaxslarga ijtimoiy, psixologik, tibbiy va huquqiy yordam ko‘rsatish, ularni jamiyatga qayta moslashtirish, kasb-hunarga o‘qitish, shaxsiy hujjatlarni tiklashda ko‘maklashish va barcha xizmatlarni shaxsiy maxfiylik tamoyili asosida amalga oshirishdan iborat. Markaz 30 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, barcha xizmatlar bepul taqdim etiladi. Jabrdiydalarga ikki kishilik xona, dam olish va ovqatlanish xonalari, uch mahal issiq ovqat, turar joy shart-sharoitlari bilan ta’minlangan muhit yaratiladi. Shu bilan birga, kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam, professional psixolog maslahati, huquqiy va ijtimoiy xizmatlar ham ko‘rsatiladi. Markazda qolish muddati odatda 30 kunni tashkil etadi, zarurat tug‘ilganda 3 oygacha uzaytirilishi mumkin.
Ta’kidlash joizki, odam savdosining oldini olish faqat qonuniy choralar bilan emas, balki kuchli ijtimoiy hamkorlik, ma’rifiy ish olib borish va aholining huquqiy ongini oshirish bilan ham bog‘liqdir. Shunday ekan, bu illatga qarshi kurashishda o‘zaro hamkorlikda ish olib borishimiz muhim ahamiyat kasb etadi, — dedi Markaz direktori.
Tadbirda “Adolat” SDP Siyosiy kengashi raisi Robaxon Mahmudova partiya tomonidan o‘tkazilayotgan “Biz odam savdosiga qarshimiz!” oyligi doirasida amalga oshirilgan ishlar, targ‘ibot tadbirlariga alohida to‘xtaldi. Odam savdosiga qarshi kurashish faqatgina jazo choralarini kuchaytirish bilan cheklanmasligi, bunda jamiyatda huquqiy immunitetni shakllantirish, har bir fuqaroning huquqiy ongini yuksaltirish zarurligini ta’kidladi. Mazkur yo‘nalishdagi qonunchilik, ijtimoiy himoya, reabilitatsiya va yordam ishlarini kengaytirish va samaradorligini oshirish partiya va deputatlik birlashmalarining diqqat e’tiborida bo‘lishini qayd etdi.
Davra suhbati yakunida ishtirokchilar Markaz faoliyati, uning imkoniyatlari va ko‘rsatilayotgan xizmatlar bilan yaqindan tanishdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 25.07.2025
- Ko'rishlar: 189
- Chop etish