Odam savdosi jinoyatini sodir qilganlar 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin. Biroq, bu illatga qarshi aholi orasida muntazam tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramay haligacha qonunbuzarliklar sodir bo‘lmoqda.
Toshkent viloyati IIBB, DXX viloyat boshqarmasi hamda Ohangaron shahar IIB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda fuqaroning odam savdosi qurboni bo‘lishining oldi olindi.

Navbatdagi tezkor tadbirda Yangiyo‘l shahrida yashovchi 1990 yili tug‘ilgan ayol (Sh.Ch.) oson pul topish maqsadida o‘ziga tanish bo‘lgan Sergeli tumanida yashovchi 33 yoshli ayol (M.A.)ni aldab, mo‘may daromad topishga ishontirgan. U tanishini Toshkent xalqaro aeroporti orqali Rossiya Federatsiyasining Moskva shahriga fohishalik uchun jo‘natayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlandi.
Shundan so‘ng holat yuzasidan bu shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 135-moddasi (Odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

A.Musayev, O‘zA.
- Qo'shildi: 08.07.2025
- Ko'rishlar: 239
- Chop etish