Oilaviy nizolarga oid sud ishlarida ayollar, bolalar huquq va manfaatlari ta’minlanishiga e’tibor qaratiladi

2025 yil 9 apreldagi “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun amaliyotda qanday qo‘llaniladi?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi Oybek Qodirov shu bo‘yicha hamda oila institutining jamiyatda tutgan o‘rni haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi: 

– Oilani mustahkamlash, uni muqaddas dargoh sifatida e’zozlash kabi fazilatlar xalqimizga azaldan xos bo‘lib, bu oiladagi farovonlik muhiti barqaror bo‘lishiga xizmat qiladi. 

Yangi O‘zbekiston siyosatida oilaning farovonligiga, xotin-qizlarning huquq va manfaatlari kamsitilmasligiga, oilada er-xotin ma’naviy barkamol, jismoniy sog‘lom yosh avlodni tarbiyalashi lozimligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Konstitutsiyaning 76-moddasiga ko‘ra, oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda u jamiyat va davlat muhofazasida. Nikoh O‘zbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanadi. Davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratadi. 

Oila kodeksida ham oilani mustahkamlash, onalik, otalik va bolalikni davlat tomonidan muhofaza qilish bo‘yicha normalar belgilangan. 

Sudlar oilani saqlab qolish, er-xotinni yarashtirish choralarini ko‘rishda taraflarning yoki ulardan birining iltimosiga yoxud o‘z tashabbusiga ko‘ra ishning ko‘rilishini boshqa vaqtga qoldirib, er-xotinga yarashishlari uchun Oila kodeksining 40-moddasida ko‘rsatilgan doirada, ya’ni olti oygacha bo‘lgan muhlat tayinlashga haqli.

Biroq, shunday holatlar ham bo‘ladiki, er-xotin o‘rtasida munosabat batamom barbod bo‘lgan, ular uzoq yillardan buyon birga yashamaydi, boshqa-boshqa oila qurib, farzandli ham bo‘lishgan yoxud ko‘p yillar mobaynida farzand ko‘ra olmaganliklari oqibatida boshqa oila qurishga qaror qilishgan. Yoki oiladagi boshqa keskin ixtiloflar tufayli bir-birini kechirib bo‘lmaydigan vaziyatga kelib qolishadi. Shunda, sudlar ishdagi maqbul dalillar va yarashtirish komissiyasining xulosasiga asosan er-xotinga muhlat tayinlamasdan ham nikohdan ajratadi.

Afsuski, jamiyatda ayollarning oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikka uchrash holatlari ham kuzatilmoqda. Bu holatlarning oldini olish maqsadida qonunchilikka oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikni sodir qilganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilangan. 

2025 yil 9 apreldagi “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Oila kodeksi va Uy-joy kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Qonunda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarning huquqlarini himoya qilishni yanada kuchaytirish hamda bunday holatlar takrorlanishining oldini olishga qaratilgan normalar belgilandi. Jumladan, endilikda nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilayotganda sud oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsning talabiga ko‘ra yarashish uchun muhlat tayinlamaydi. 

Bundan tashqari, qonun bilan Uy-joy kodeksining 32-moddasi to‘ldirildi. Chunonchi, turar joydan foydalanish haqidagi nizolar ko‘rib chiqilayotganda, sud taraflarning kelishuviga asosan, mulkdorning tashabbusiga ko‘ra, turar joyga majburiy tartibda kiritilayotgan tarafni mulkdorga tegishli mutanosib sharoitlarga ega bo‘lgan boshqa turar joyga kiritish yoki ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqini to‘lash majburiyatini mulkdorning zimmasiga yuklatishi mumkin.

Albatta, ushbu normaning amaliyotga joriy etilishi tazyiq va oilaviy zo‘ravonlik holatlari mavjud bo‘lgan oilalarda huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir bo‘lishining oldini oladi. Xususan, xotin-qizlarning huquqlarini yanada mustahkamlashga, turar joy masalalarini qonuniy hal qilishga xizmat qiladi.

Mazkur qonun qabul qilinganidan keyin Oliy sud rahbariyatining tashabbusiga ko‘ra, Oliy sud plenumining ayrim qarorlariga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish ham belgilandi.  

Sudlar tomonidan moddiy va protsessual huquq normalari bir xilda qo‘llanilishiga erishish maqsadida plenum qarori loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etgan ishchi guruhning bir a’zosi sifatida mazkur qonundagi yangi normalar jamiyatimizning muhim bo‘g‘ini hisoblangan oilalarni mustahkamlashga, ularning xavfsizligi va farovonligi darajasini oshirishga, shuningdek, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi rolini kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tish joiz. 

Zero, asosiy maqsadimiz oilalarni mustahkamlash, ularda o‘zaro hamjihatlik, bir-biriga yordam berish, sog‘lom muhitni vujudga keltirish, yangi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda xotin-qizlarning manfaatlarini qo‘riqlash, voyaga yetmagan bolalarni himoyalashdan iborat. 

Norgul Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech