O‘tgan yetti yilda mamlakatimizda universitetlar soni 219 taga yetdi

Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan o‘rganilgan tahlil natijalarida ma’lum qilindi.

Unga muvofiq, 2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekistonda 72 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2023/2024 o‘quv yilida ularning soni 219 taga yetgan. Bu 304 foizlik o‘sishni tashkil etadi. Shu jumladan, xorijiy oliy ta’lim muassasalari soni ham qariyb 4,5 barobarga ko‘payib, 31 taga yetgan. 

Qo‘shni mamlakatlarda 2024 yil holatiga ko‘ra, Qozog‘istonda 113 ta, Qirg‘izistonda 61 ta, Tojikistonda 27 ta va Turkmanistonda 23 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritadi. 

Shuningdek, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reytinglardagi ishtiroki kengaymoqda. 2025 yilda mamlakatimizdagi 23 ta oliy ta’lim muassasasi QS xalqaro reytingining Markaziy Osiyodagi eng yaxshi universitetlar ro‘yxatiga kiritildi. 

“Times Higher Education Impact Rankings” 2024 yilgi natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondagi 53 ta oliy ta’lim muassasasi ushbu global reytingda qayd etilgan. Ulardan 7 tasi “Top–1000” universitetlar qatoriga kiritilgan. Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 26 ta, ulardan 3 tasi “Top-1000”da joy olgan.

2024/2025 o‘quv yili boshiga kelib, 18-23 yoshli aholi o‘rtasida oliy ta’lim bilan qamrab olish 47,7 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2017 yilda 8,3 foiz bo‘lgan. 2024 yilda O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talabalar soni 12,5 ming nafarga yetdi. 2017/2018 o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 1,3 ming nafarni tashkil etgan. Bu 9,6 barobar o‘sish demakdir. Talabalar orasida Hindiston (6 502), Turkmaniston (1 430), Pokiston (1 250) va Rossiya (732) fuqarolari ko‘pchilikni tashkil etmoqda. 

2024 yilda talabalar uchun 27,3 ming o‘rinli turar joylar qurildi. Ularni joylashtirish jarayoni to‘liq raqamlashtirilib, onlayn band qilish imkoniyati yaratildi. 

Oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qituvchilar soni ham oshgan. Agar 2017/2018 o‘quv yilida ular 25,1 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2023/2024 o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 45,4 ming nafarga yetdi. Shu jumladan, professorlar soni 1 078 nafardan 2 074 nafarga, dotsentlar soni esa 4 091 nafardan 7 108 nafarga oshgan. 

2024 yilda 7 ta oliy ta’lim muassasasining 39 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi. Bu dasturlar bo‘yicha berilgan diplomlar boshqa davlatlar tomonidan ham tan olinadi. 2025 yilda xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim dasturlari sonini 45 taga yetkazish rejalashtirilgan. 

Prezidentning 2022 yil 7 martdagi farmoniga muvofiq, davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari davlat byudjeti hisobidan qoplab berilmoqda. Shu maqsadda har yili kamida 200 milliard so‘m ajratish belgilangan. 

N.Ziyodullayeva tayyorladi,

O‘zA

Powered by GSpeech