Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
O‘ttiz to‘rt yil, bu – nafaqat yaqin tariximizdagi ulkan bosqich, balki Yangi O‘zbekistonning poydevori mustahkamlangan, iqtisodiy va siyosiy mustaqillik amalda ta’minlangan davrdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Biz tarixning eng mas’uliyatli burchagida turibmiz” va bu burch har birimizdan faollik, yangicha fikrlash va vatanparvarlikni talab etadi.
Bu yil O‘zbekiston davlat mustaqilligi e’lon qilinganiga o‘ttiz to‘rt yil to‘ladi. “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezident qarorida ta’kidlanganidek, mazkur sana – tarixiy xotirani asrash, milliy o‘zlikni mustahkamlash va istiqlol g‘oyalarini avlodlar qalbida mustaqillik madhiyasiga aylantirishda muhim ahamiyatga ega.
So‘nggi o‘ttiz to‘rt yil, ayniqsa, oxirgi sakkiz yil, mamlakatimiz hayotida tub burilishlar va keng ko‘lamli islohotlar davri bo‘ldi. Yangi O‘zbekiston konsepsiyasi izchil tatbiq etildi: davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, fuqarolar huquq va erkinliklarini kengaytirish, tashqi siyosatda diversifikatsiya va qo‘shni davlatlar bilan do‘stona hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha yirik qadamlar amalga oshirildi.
Yangi imkoniyatlar…
Mamlakatimizda iqtisodiy sohada bozor mexanizmlarini erkinlashtirish, tadbirkorlik va xususiy mulkni rivojlantirishga qaratilgan keng islohotlar amalga oshirildi. Soliq tizimi soddalashtirilib, investitsiya muhitini yaxshilash maqsadida xorijiy kapital uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi. Energetika, transport va infratuzilma sohalarida yirik loyihalar amalga oshirilib, mamlakatning mintaqaviy logistika markaziga aylanishiga zamin yaratildi.
1991 yilda O‘zbekiston YAIM hajmi 11 milliard AQSH dollari bo‘lgan, 2024 yilda bu ko‘rsatkich ilk bor 110 milliard dollardan oshib, 10 baravarga o‘sdi. “Yashil iqtisodiyot” va muqobil energiya manbalari bo‘yicha dasturlar jadal rivojlandi. 2023-2024 yillarda Navoiy, Buxoro va Jizzaxda quvvati 2,5 GVt.dan ortiq qo‘shma fotoelektrik stansiyalar ishga tushirildi. Neft-gaz sektorida modernizatsiya ishlari olib borilib, gaz-kimyo va neftni qayta ishlash sohalarida xorijiy investitsiyalar hajmi 15 milliard dollardan oshdi.
Inson qadri...
Darhaqiqat, yangilangan Konstitutsiyada inson qadri, huquq va erkinliklari oliy qadriyat sifatida mustahkamlandi. 2017-2024 yillarda 2,2 millionta yangi ish o‘rni yaratildi, kambag‘allik darajasi sezilarli darajada pasaydi. Ijtimoiy yordam tizimida “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar” orqali 3,5 milliondan ziyod fuqaroga moddiy va huquqiy ko‘mak berildi. Mamlakatda 130 dan ziyod millat va elat vakillari hamda 16 ta diniy konfessiya erkin faoliyat yuritmoqda. 2024 yilda O‘zbekiston xalqaro Interfaith Harmony indeksida yuqori o‘rinni egalladi.
Ijtimoiy sohada aholining hayot sifatini oshirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Yangi universitetlar, kasb-hunar markazlari va zamonaviy klinikalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ta’lim va ilm-fan...
Sir emaski, 1991 yilda maktabgacha ta’lim qamrovi 20 foiz bo‘lsa, 2017 yilda 27 foizga, 2024 yilda esa 77 foizga yetdi. Bu natijalar 6 500 dan ziyod yangi bog‘cha va maktabgacha ta’lim muassasasi qurilishi, shuningdek, xususiy sektorning faol ishtiroki tufayli amalga oshdi.
Oliy ta’lim qamrovi 1991-2017 yillarda 7-9 foiz darajasida bo‘lsa, 2024 yilda 42 foizga yetdi. 2017 yildan buyon oliy ta’lim muassasalari soni 77 ta bo‘lib, bugun 200 dan oshib ketdi, jumladan, 33 ta xorijiy universitet filiallari ochildi.
Ilm-fan sohasiga davlat byudjeti ulushi 2017 yilda YAIMning 0,13 foizidan 2024 yilda 0,8 foizga ko‘tarildi. Fanlar akademiyasi va ilmiy institutlar modernizatsiya qilinib, yangi ilmiy natijalar qo‘lga kiritilmoqda.
2017-2024 yillarda “Yoshlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” shiori doirasida yoshlarga qaratilgan keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirildi. Bu davrda 1,5 million yosh IT texnologiyalariga o‘qitildi, 500 ming yosh o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. “Yoshlar daftari” orqali imtiyozli kreditlar va grantlar berildi, ta’lim, kasb-hunar va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari kengaytirildi. Bu choralar yoshlarni Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylantirishga xizmat qilmoqda.
“Parij – 2024” Olimpiadasi va Paralimpiadasida O‘zbekiston sportchilari ilk bor kuchli 15 ta davlat qatoriga kirdi. Futbol bo‘yicha U-17 o‘smirlar terma jamoasi hamda milliy terma jamoa jahon chempionatiga yo‘llanma oldi, bu – mamlakat tarixida birinchi marta sodir bo‘ldi.
Xalqaro hamkorlik...
O‘zbekiston so‘nggi yillarda tashqi siyosat sohasida ochiqlik, o‘zaro manfaatli hamkorlik va tinchlikparvarlik tamoyillariga asoslangan yo‘lni izchil davom ettirmoqda.
Mamlakat Markaziy Osiyoda integratsiya jarayonlarini faol qo‘llab-quvvatlab, qo‘shni davlatlar bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash yo‘lida sezilarli natijalarga erishdi.
2017-2024 yillarda O‘zbekistonning Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,5 baravarga oshdi. O‘zbekiston xalqaro miqyosda ham faol ishtirokchi sifatida tanilib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti kabi nufuzli tuzilmalar doirasida qator tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Jumladan, BMT minbarida Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish, Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish va transchegaraviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha takliflar bildirildi.
Mamlakatimizning xalqaro maydondagi faoliyati nafaqat iqtisodiy manfaatlarni, balki mintaqada tinchlik, barqarorlik va o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlashni ham maqsad qiladi. Bu yo‘nalishda olib borilayotgan “qo‘shnilar bilan do‘stlik va hamkorlik” siyosati keyingi yillarda Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasida transport, energetika va savdo aloqalarini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Mustaqillik tajribasi shuni ko‘rsatadiki, taraqqiyot yo‘li, bu doimiy mehnat, sabr-toqat va milliy birdamlik yo‘lidir. Shu yo‘lda xalqimiz mardlik va olijanoblik timsoli bo‘lib kelmoqda.
Bahrom ABDUHALIMOV,
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi
vitse-prezidenti, tarix fanlari doktori,
professor.
O‘zA
- Qo'shildi: 18.08.2025
- Ko'rishlar: 169
- Chop etish