O‘zaro manfaatli sheriklik uchun tinch va xavfsiz Afg‘oniston kerak
Insoniyat taraqqiyotining hozirgi bosqichida Afg‘onistondagi vaziyatning barqarorligi nafaqat mintaqaviy, balki global xavfsizlikni ta’minlashning muhim shartlaridan biriga aylandi.
Bu mamlakatdagi har qanday beqarorlik yoki inqiroz Markaziy Osiyodan tortib, butun Osiyo qit’asi, hattoki jahon miqyosida ham salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan izchil tashqi siyosat tamoyillaridan kelib chiqib, Afg‘oniston muammosiga alohida va ustuvor e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston afg‘on muammosini nafaqat uning ichki muammosi, balki Markaziy Osiyo, Osiyo qit’asi va umuminsoniy masala sifatida jahon minbarlariga olib chiqmoqda. BMT Bosh Assambleyasining 80 sessiyasi, SHHT, MDH, TDT, IHT sammitlari bundan mustasno emas. Asrlar davomida bizga yon qo‘shni bo‘lgan ko‘pmillatli Afg‘oniston xalqini bugungi murakkab muammolari qarshisida yolg‘iz qoldirib bo‘lmaydi. Ushbu mamlakatni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga faol jalb etish barqaror taraqqiyotimizning ajralmas va zaruriy shartidir.
O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan 137 kilometrlik umumiy chegarasi mavjud. Bu degani, Afg‘onistondagi har qanday notinchlik O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasining xavfsizligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid soladi. Terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilik kabi global tahdidlar Afg‘onistondagi beqaror vaziyatdan qulay imkoniyat sifatida foydalanishi mumkin. Shu bois, O‘zbekiston uchun Afg‘onistonning barqaror va tinch bo‘lishi mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashning birinchi galdagi shartidir.
Boshqa tomondan, iqtisodiy manfaatlar va transport koridorlari Afg‘onistonda tinchlik bo‘lishini taqozo etadi. O‘zbekiston quruqlikdagi mamlakat bo‘lib, janubiy dengiz portlariga chiqish uchun Afg‘oniston hududi muhim tranzit yo‘lagi hisoblanadi. Afg‘onistonning barqarorligi “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘li kabi transafg‘on transport koridorlarini yaratish va rivojlantirish uchun zarur sharoitdir. Bunday koridorlar Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bozorlari bilan bog‘lab, mintaqadagi barcha davlatlar, jumladan, O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Prezidentimiz ilgari surgan “Markaziy va Janubiy Osiyo o‘zaro bog‘liqligi” g‘oyasining asosida ham Afg‘onistonning tranzit salohiyati yotadi.
O‘zbekiston Afg‘oniston xalqining tarixiy qo‘shnisi sifatida ularning taqdiriga befarq qaray olmaydi. Mamlakatdagi gumanitar inqirozning oldini olish, aholiga yordam berish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash O‘zbekistonning insoniy va qo‘shnichilik burchidir. Bu, o‘z navbatida, mintaqada qochqinlar oqimining oldini olishga ham yordam beradi. Shu bois O‘zbekiston Afg‘oniston muammosiga doir xalqaro yondashuvlarni shakllantirishda faol ishtirok etib kelmoqda. Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasi, SHHT, TDT kabi xalqaro minbarlardan turib, Afg‘oniston muammosini keng muhokama qilish, ushbu mamlakatni yakkalab qo‘ymaslik va uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish zarurligini doimiy ravishda ta’kidlab kelmoqda. O‘zbekistonning bu boradagi tashabbuslari, masalan, Toshkentdagi xalqaro konferensiyalar, xalqaro hamjamiyatni Afg‘oniston atrofida birlashishga undadi.
O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shish maqsadida bir qator aniq loyihalarni amalga oshirmoqda. Masalan, “Mozori Sharif – Hayraton” temir yo‘li: Bu loyiha 2011 yilda O‘zbekiston tomonidan qurilgan va Afg‘onistonning shimolini O‘zbekiston temir yo‘l tarmog‘i orqali xalqaro bozorlar bilan bog‘laydi. Bugungi kunda u Afg‘onistonga gumanitar va tijorat yuklarini yetkazib berishda asosiy arteriyalardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda. “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” (UTP) temir yo‘li loyihasi. Bu O‘zbekistonning mintaqaviy ahamiyatga molik strategik loyihasidir. Uning amalga oshirilishi Markaziy Osiyodan Janubiy Osiyoga eng qisqa yo‘l ochib, mintaqaning tranzit salohiyatini keskin oshiradi va savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtiradi. Loyiha texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlar faol olib borilmoqda. “Termiz xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabi” Afg‘onistonga gumanitar yordam yetkazishda muhim markaz hisoblanadi. Bu yerda BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning gumanitar yuklari to‘planib, Afg‘onistonga jo‘natilmoqda. “Surxon – Puli Xumri” elektr uzatish liniyasi ham hamkorlikdagi muhim loyihalardan. O‘zbekiston Afg‘onistonning shimoliy hududlarini elektr energiyasi bilan ta’minlab kelmoqda. “Surxon – Puli Xumri” yangi elektr uzatish liniyasining qurilishi Afg‘onistonning energetika mustaqilligini oshirishga va aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga yordam beradi. Bu loyiha hamkorlik va o‘zaro ishonchning yorqin namunasidir.
O‘zbekiston Afg‘oniston bilan savdo aylanmasini oshirishga intilmoqda. Chegaraoldi savdo markazlarini yaratish, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish va qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Termiz shahridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish markazida afg‘on yoshlari uchun turli yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlanmoqda. Bu loyiha Afg‘oniston uchun zamonaviy kadrlar yetishtirishga, uning kelgusi rivojlanishiga hissa qo‘shishga qaratilgan. O‘zbekiston Afg‘onistonga muntazam ravishda oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur mahsulotlardan iborat gumanitar yordam yuborib kelmoqda, bu esa og‘ir vaziyatda qolgan afg‘on xalqiga katta ko‘makdir. Joriy yilning may oyida Kobul va Mozori Sharif shaharlarida O‘zbekiston savdo uylari ochildi. Iyun oyida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Chegaraoldi savdo va tegishli infratuzilmani yanada rivojlantirish, qazib chiqarish, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlarida, qurilish materiallari tarmoqlarida, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga 2025 yil dekabr boshidan mamlakatimiz hukumati O‘zbekistonni Afg‘oniston bilan bog‘laydigan, 1980 yillar boshida O‘zbekiston rahbari bo‘lgan Sharof Rashidov Amudaryo ustida qurilganidan so‘ng ochgan “Hayraton” ko‘prigi orqali fuqarolarni o‘tkazish punktlarini qayta ochdi. Fuqarolarni o‘tkazish chegara punktlari 2021 yilning 15 avgustida Tolibon harakati Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olganidan keyin xavfsizlik nuqtai nazaridan yopilgandi. Ayritomdan 75 km. masofada joylashgan Mazori Sharifga yetib borish uchun tadbirkorlar Tojikiston orqali bir kunlik aylanma yo‘ldan foydalanishga majbur bo‘lgan. Endilikda bu cheklovlar bekor qilindi va yo‘l yana ochildi. Chegaradan o‘tish tartibining tiklanishi eksport qiluvchi korxonalar uchun katta qulaylik yaratadi.
Afg‘onistonga eksport hajmi oxirgi yillarda barqaror o‘smoqda va ayniqsa, bu yo‘lning ochilishi bilan 2026 yilda eksport hajmini 2,5 mlrd. dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolarining Afg‘onistonga o‘tishini yengillashtirish bilan birga u yerda biznes yuritishlari uchun qulaylik yaratishga qaror qildi. Endi Afg‘onistonning Hayraton yoki Mozori Sharif shaharlarida ombor ochgan o‘zbekistonlik tadbirkorning omborni saqlash bilan bog‘liq xarajatlari 100 foiz davlat tomonidan qoplab beriladi. Agar o‘zbekistonlik tadbirkor o‘z mahsulotini Afg‘oniston ommaviy axborot vositalari yoki billbordlarda reklama qilishni istasa, Afg‘onistonning 34 viloyatida reklama qilish xarajatlari ham to‘liq O‘zbekiston hukumati tomonidan qoplab beriladi. Yana bir e’tiborli jihat, 2024 yilning avgustida Termiz xalqaro savdo markazi faoliyatini boshladi. Bu markazning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov, Afg‘oniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Qozog‘iston hukumatlari rasmiylari ishtirok etdi. Bu markaz ichida savdo do‘konlari, banklar filiallari, xizmat ko‘rsatish va ovqatlanish muassasalari, mehmonxonalar barpo etilgan, aksar afg‘on tijoratchilari o‘z do‘konlarini ochgan. Termiz xalqaro savdo markazida chet el fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekistonga kirish vizasini rasmiylashtirmasdan, chegara va bojxona nazoratidan o‘tgan holda maxsus yo‘lak orqali kirishi (chiqishi) hamda 15 kun muddatgacha markaz hududida bo‘lishi tartibi joriy etilgan. Shuningdek, 2022 yili "Termez Cargo Centre" ochilgan, unga xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabi maqomi berildi. Bugungi kundagi tadbirkorga eng qulayliklaridan biri – hujjatlar hammasi elektron shaklda amalga oshiriladi. Ya’ni, tadbirkorning o‘zi bizga kelib, uchrashib, bu yerga kelib vaqt sarflamaydi. Mahsulotini turgan joyidan – o‘zining omboridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuklab, elektron tarzda murojaat qiladi. Ya’ni, ombordan yuklangan yuk to‘g‘ridan-to‘g‘ri chegaraga ketadi.
Taxminan 40 million aholiga ega va uning qariyb 45 foizi qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan Afg‘oniston bugun ko‘plab davlatlar uchun jozibali bozor hisoblanadi. Uzoq yillik notinchliklardan so‘ng dunyoga ochilish, savdo-sotiqni rivojlantirish afg‘onlarning o‘zi uchun ham muhim, albatta. Ammo bu yurtda hali sanoat rivojlanmagan, 20-30 milliard dollarlik iqtisodiyotga ega katta bir mamlakat hozir asosan importga bog‘lanib qolgan. Eksportga quritilgan meva, dorivor o‘tlar, foydali qazilmalar, sabzavotlar, jun, paxta va boshqa sanoqli mahsulotlar chiqariladi, xolos. Ma’lumotlar keyingi yillarda mamlakatning asosiy savdo hamkorlaridan biri – Pokiston bilan o‘zaro savdo hajmi pasayganini ko‘rsatmoqda. Bu esa yangi yo‘nalish – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Hindiston va Xitoy bilan savdo aloqalarini kengaytirishni taqozo etadi. Xususan, O‘zbekiston bugun Afg‘onistonga asosan maishiy texnika, oziq-ovqat (ayniqsa, tuxum), turli sanoat mahsulotlari, un, bug‘doy va sement yetkazib bermoqda. Bu hamkorlikda O‘zbekistonning eksport ulushi 90 foizdan oshdi. Ya’ni, importyor Afg‘oniston hisoblanadi. Shunga qaramay, afg‘on bozori hali ham to‘g‘ri ma’noda “och” deyish mumkin. Bu bozordan muqim o‘rin olish endi avjiga chiqmoqda. Shularni tahlil qilsak, Termizdagi bozorning har ikki tomon uchun ham nechog‘lik ahamiyatli ekanligini anglaysiz. Bunday savdo yo‘nalishlarini yanada kengaytirish zarurligini tushunasiz. Aytish joizki, afg‘on xalqi dunyoga ochilishga harakat qilar ekan, kommunikatsiya tarmoqlari ham kengayib boraveradi. Jarayonda o‘z muqim o‘rnimizga ega bo‘lishimiz esa nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy jihatdan muhim hisoblanadi. Buni raqobatchilarimiz yaxshi bilishadi. Shu bois ham O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida qurilishi kerak bo‘lgan transafg‘on temir yo‘li loyihasi necha yillardan beri dunyo diqqat markazida turibdi. Agar bu loyiha amalga oshsa, o‘zaro savdo hajmi hozirgidan yuzlab baravarga ortishi mumkin.
O‘zbekistonning Afg‘oniston muammosiga katta ahamiyat qaratishi chuqur geosiyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik va insoniy asoslarga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan olis istiqbolni ko‘zlagan umuminsoniy manfaatlar atrofida birlashish g‘oyasi Afg‘oniston misolida namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekistonning maqsadi – Afg‘onistonni mintaqaviy xavfsizlik tahdidi manbaidan Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi ko‘prikka, tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot makoniga aylantirishdir. Amalga oshirilayotgan transport, energetika, ta’lim va gumanitar loyihalar mana shu strategik maqsadga erishishga qaratilgan bo‘lib, ular Afg‘onistonning o‘ziga, Markaziy Osiyoning barqarorligiga va umuman, global xavfsizlikka bebaho hissa qo‘shmoqda. O‘zbekistonning bu boradagi pragmatik va konstruktiv yondashuvi xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilib, Afg‘onistondagi murakkab vaziyatni hal etishda muhim o‘rnak bo‘lib xizmat qilmoqda.
Darhaqiqat, O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyatni faqat tinch, siyosiy-diplomatik yo‘llar bilan hal etishni izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda, uning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilish, qo‘shni mamlakatning tinch, bo‘linmas, mustaqil, iqtisodiy rivojlanayotgan davlat sifatida shakllanishini qo‘llab-quvvatlash zarurligi tamoyiliga qat’iy amal qilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston barqarorlashuviga nisbatan qat’iy yondashuvi – “beqarorlik va vayronagarchilikdan – tinchlik va yaratuvchanlik sari” tamoyili Afg‘oniston yo‘nalishidagi qo‘shma mintaqaviy hamkorlikning mantig‘ini belgilaydi.
Prezidentimizning tashabbuslari Afg‘onistonga Markaziy va Janubiy Osiyoga xavf soladigan davlat sifatida emas, balki mintaqalarni, davlatlarni umumiy manfaat atrofida birlashtirishga, teng huquqli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga va Yer sharining katta hududida barqarorlik, o‘zaro ishonch, bir-birini tushunish va hurmat qilish singari sharqona siyosiy madaniyat ustuvorligini ta’minlashga imkon yaratdi. Kun tartibidagi bunday jiddiy masalalar Afg‘onistonda bir necha minglab ish o‘rinlari ochilishiga, uning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari hal etilishiga, eng muhimi, buyuk sivilizatsiyalarga guvoh bu mo‘’tabar makonda uzoq kutilgan tinchlik, barqarorlik, baxtli-saodatli hayot o‘rnatilishiga xizmat qiladi.
Prezidentimizning Afg‘onistonga doir kelishuvchilik va yaqin qo‘shnichilik siyosati o‘zining siyosiy va tarixiy mohiyati bilan jahon hamjamiyatini, davlat va siyosat arboblarini, xalqaro tashkilotlarni afg‘on muammosiga insonparvarlik nuqtai nazaridan munosabatda bo‘lishga chaqiradi. Afg‘onistonning xavfsizligi va barqaror iqtisodiy taraqqiyoti uni nafaqat ichki muammo, balki ulkan mintaqaviy va umumsayyoraviy, butun insoniyat taqdiri va istiqboliga daxldor masala sifatida baholashga da’vat etadi.
Toshpo‘lat Matibayev,
sotsiologiya fanlari doktori, professor,
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский