11 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning ShHT sammitida bergan takliflari yuzasidan ommaviy axborot vositalari uchun brifing tashkil qilindi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Xitoy tajribasini o‘rganishini ma'lum qildi.
“Bu yerda [kambag‘allik darajasi yuzasidan] BMT ko‘rsatkichlari va indikatorlari bor. Lekin biz o‘zimizning ehtiyoj va manfaatlarimizdan kelib chiqishimiz kerak... Bilasizmi, o‘zbek oilasida nechta odam ishlaydi? Aksariyat bitta yoki ikkita. Masalan, Shveytsariyaga borganimda gaplashgandim. Bitta erkak uyda bolalarini boqadi, ayoli esa ishlarkan. Chunki ayoli ko‘proq maosh olarkan. Bu [ular uchun] tabiiy hol. O‘zbek oilalari shuni qabul qiladimi? O‘ylashimcha, juda qiyin bo‘lsa kerak.
Shuning uchun o‘ylaymanki, mana shu vazirlikning tuzilishi [kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha] hamda prezidentimiz ko‘p qaytaryaptilar, Xitoy tajribasining o‘rganilishi muhim. Xitoy 1,5 milliard aholisini boqa oldi va butun dunyoni guruchga to‘ldirib tashladi. Butun dunyodagi bolalarning qo‘g‘irchog‘i va eng zo‘r brend kiyimlar ham Xitoydan.
Xitoyga ko‘p borganman, u yerda turar joy yo‘qligidan odamlar navbat bilan uxlaydi. Oilada kimdir kunduzi ishlasa, kechasi uxlaydi, kechasi ishlaydigani o‘sha joyda kunduzi uxlaydi. Lekin hayot darajasining o‘sishi va kambag‘allikni bartaraf qilish borasida Xitoy juda katta yutuqlarga erishgan. Shuning uchun biz kambag‘allikka qarshi dasturni tayyorlashda bu davlat tajribasini e'tiborga olishimiz kerak deb o‘ylayman”, – dedi Akmal Saidov.
Manba: kun.uz
- Qo'shildi: 12.11.2020
- Ko'rishlar: 4319
- Chop etish