Kuni kecha, 8 fevral kuni mamlakatimizda “O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o'zgartishlar kiritish to'g'risida”gi Qonun qabul qilindi va matbuotda chop etildi. Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kirdi.
2021 yil 6 yanvar kuni bo'lib o'tgan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o'n birinchi yalpi majlisida qayd etilganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatda qonun ustuvorligini ta'minlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro'yobga chiqarish va jamiyatda adolatni qaror toptirishda odil sudlov alohida o'rin tutishini e'tiborga olgan holda so'nggi to'rt yilda sud-huquq sohasini tubdan isloh etishga qaratilgan keng qamrovli huquqiy-tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Sud-huquq sohasida yillar davomida yechim topmagan muammoli masalalarni hal qilish borasida Prezidentimizning o'ndan ortiq farmon va qarorlari hamda parlament tomonidan odil sudlov sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan uchta kodeks yangidan qabul qilinib, qator qonunlarga tegishli o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi.
Shu ma'noda, “O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o'zgartishlar kiritish to'g'risida”gi Qonun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining mantiqiy davomidir. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni sud-huquq islohotlarining yangi bosqichini amalga oshirishning huquqiy asosini yaratdi.
Farmon ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan Qonunga asosan sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini qayta ko'rib chiqish tartibini ilg'or xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda takomillashtirish, fuqarolar uchun odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida sud tizimida 2021 yil 1 yanvardan boshlab:
viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo'yicha, jinoyat ishlari bo'yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sud`yalarning qat'iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo'yicha alohida sudlov hay'atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiktsiya sudlarini tashkil etish;
ma'muriy tartib-taomillar va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko'rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma'muriy sudlarini tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) ma'muriy sudlarini tugatish. Bunda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma'muriy sudlari saqlab qolinishi nazarda tutilgan.
Shularga asosan, sud tizimida tashkiliy-tuzilmaviy o'zgarishlar amalga oshirilayotganini inobatga olib, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 107-moddasiga tegishli o'zgartishlar kiritildi.
Ya'ni, Konstitutsiya 107-moddasining birinchi qismi quyidagi yangi tahrirda bayon etildi:
«O'zbekiston Respublikasida sud tizimi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, harbiy sudlar, Qoraqalpog'iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma'muriy sudlari, fuqarolik ishlari bo'yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari, jinoyat ishlari bo'yicha tuman (shahar) sudlari, tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari va tumanlararo ma'muriy sudlaridan iborat».
Shuningdek, o'zgartirishga ko'ra, endilikda Konstitutsiyada «zakonodatel`stvo — qonunchilik», «akt zakonodatel`stva — qonunchilik hujjati», «zakonodatel`niy akt — qonun hujjati» ko'rinishida beriladi.
Shu munosabat bilan Konstitutsiyaning 7-moddasi ikkinchi qismiga, 33-moddasiga, 85-modda to'rtinchi qismi 8-bandiga, 86-modda beshinchi qismi 8-bandiga, 93-modda birinchi qismi 16-bandiga, 98-modda uchinchi qismiga, 100-modda sakkizinchi xatboshisiga, 117-modda sakkizinchi qismiga o'zgartirishlar kiritildi.
Mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi sud tizimini boshqarish masalalarining takomillashtirilishi, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarni tashkiliy, moliyaviy va moddiy-texnik jihatdan ta'minlashga erishish bilan bir qatorda, eng avvalo, fuqarolarning sudma-sud sarson bo'lib yurishiga barham berib, ularning muammosi bir joyda hal qilinishi imkonini beradi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.02.2021
- Ko'rishlar: 7970
- Chop etish