O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lishi – mamlakat tarixida yangi davrni boshlab bergan muhim voqea hisoblanadi. 1992 yil 2 mart kuni yurtimiz bayrog‘i BMT qarorgohi peshtoqida hilpirashi nafaqat yosh mustaqil davlatning xalqaro maydonda tan olinishi, balki dunyo hamjamiyatiga ochiq, tinchlikparvar va hamkorlikka tayyor sub’ekt sifatida e’lon qilinishi edi. Shundan buyon o‘tgan 33 yil davomida O‘zbekiston BMT bilan hamkorlikni izchil davom ettirib, global kun tartibidagi eng dolzarb masalalarda faol ishtirok etib kelyapti. Xavfsizlik, barqaror rivojlanish, inson huquqi, atrof-muhit muammosi kabi global masalalar bo‘yicha mamlakatimiz BMT minbaridan ilgari surgan tashabbuslar xalqaro maydonda keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Tarixiga nazar tashlar ekanmiz, O‘zbekistonning BMTdagi o‘rni oddiy a’zolik doirasidan chiqib, mintaqaviy va global jarayonlarda faol ishtirokchi, ishonchli sherik sifatida ko‘rilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Bu yurtimiz tashqi siyosatidagi eng muhim yutuqlardan biridir.
Islohotlar markazida – inson qadri
O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligida eng muhim yo‘nalishlardan biri – inson huquqi va erkinligini ta’minlash hisoblanadi. Mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab mamlakatimiz xalqaro hamjamiyat oldida inson qadr-qimmatini ulug‘lash, fuqarolik jamiyatini mustahkamlash hamda adolatli va ochiq davlat qurish yo‘lini tanlagan. So‘nggi yillarda bu boradagi islohotlarimiz keng qamrovli tus oldi. Sud-huquq tizimi liberallashuvi, ayollar va bolalar huquqi muhofazasi, yoshlar manfaati ta’minlanishi masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. BMT tarkibidagi Inson huquqlari kengashi, “UNDP”, “UNICEF”, “UN Women” kabi tuzilmalar diyorimizdagi o‘zgarishlarni kuzatib borib, ko‘plab qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda.
Xususan, “UNICEF” hamkorligida maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish dasturlari, “UNDP” yordamida ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslar, “UN Women” bilan gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. BMTning mamlakatimizdagi doimiy koordinatori Sabine Mahlning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning yangi islohotlari bosqichi inson huquqi va ijtimoiy adolatni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, bu borada xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik yanada chuqurlashmoqda.
O‘zbekiston global minbarda
O‘zbekistonning BMTdagi faoliyati so‘nggi yillarda sezilarli darajada kuchaydi. Mamlakat shunchaki a’zo sifatida emas, balki global qarorlar qabul qilinadigan minbarlarda tashabbuskor davlat bo‘lib maydonga chiqmoqda.
2024-2027 yillarda O‘zbekiston BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi — “ECOSOC” a’zoligiga saylandi. Bu iqtisodiy islohotlar, ijtimoiy rivojlanish va barqaror taraqqiyot masalalarida yurtimiz ovozi endi yanada baralla eshitilishini anglatadi. Yana bir muhim voqea – O‘zbekiston 2025-2028 yillarda Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi etib saylangani xalqaro hamjamiyat tomonidan Toshkent olib borayotgan islohotlarga bildirilgan yuksak ishonch sifatida baholandi. BMT Bosh Assambleyasining oxirgi sessiyalarida Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zlagan nutqlar alohida e’tiborga loyiq. Davlatimiz rahbari o‘z chiqishlarida mintaqaviy xavfsizlik, ekologiya, barqaror rivojlanish va inson huquqlari masalalarini global kun tartibiga olib chiqdi. Jumladan, Orol dengizi muammosi, Afg‘onistondagi vaziyat va Markaziy Osiyo hamkorligi masalalarida O‘zbekiston ilgari surgan tashabbuslar xalqaro maydonda keng qo‘llab-quvvatlandi. Xalqaro ekspertlar fikricha, O‘zbekiston bugun BMT minbarida faqat o‘z manfaatini himoya qiluvchi emas, balki butun mintaqa hamda global miqyosdagi muammolarga yechim taklif etuvchi davlat sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Atrof muhit va Orol dengizi bo‘yicha tashabbuslar
Orol dengizi fojiasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo uchun o‘ta jiddiy ekologik muammo sanaladi. Bir paytlar dunyodagi to‘rtinchi yirik ko‘l bo‘lgan Orolning qurishi mintaqadagi millionlab insonlar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi: ichimlik suvi tanqisligi, sog‘liq muammolari, migratsiya va ijtimoiy qiyinchilik ortib bordi.
Hukumatimiz bu masalani faqat milliy darajadagi muammo emas, balki butun insoniyat uchun global chaqiriq sifatida BMT minbariga olib chiqdi. 2018 yil BMT Bosh Assambleyasi “Orolbo‘yi hududi uchun ekologik innovatsiya va texnologiya zonasi” rezolyutsiyasini qabul qildi. Bu tashabbus O‘zbekistonning ekologik diplomatiyadagi yirik yutug‘i sifatida tarixga kirdi. Shuningdek, BMT ko‘magida “Multi-Partner Trust Fund” (MPTF) tashkil etildi. Ushbu fond orqali xalqaro hamjamiyat mablag‘lari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Orolbo‘yi aholisi hayotini yaxshilash, ichimlik suvi va sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, atrof-muhitni tiklashga yo‘naltirilmoqda. Bugun mazkur zonada barpo etilayotgan “yashil hududlar”, ichimlik suvi infratuzilmasi yangilanishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi BMT bilan birgalikdagi sa’y-harakatlarning amaliy natijasidir.
Kelajak istiqboli – yangi ufqlar sari
O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi sheriklik bugun yangi bosqichga chiqmoqda. Ya’ni, mamlakatimiz taraqqiyoti strategiyasi va BMT global kun tartibi uyg‘unlashmoqda.
“Yangi O‘zbekiston” taraqqiyot strategiyasida ijtimoiy adolat, barqaror iqtisodiy o‘sish, ekologik muvozanat va inson huquqlarini ta’minlash kabi bir qator ustuvor yo‘nalishlar belgilangan. Ushbu maqsadlar BMTning 2030 yil Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan bevosita uyg‘un. Shuning uchun ham BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va turli agentliklari islohotlarimizni izchil qo‘llab-quvvatlamoqda. Yaqin istiqbolda
O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligi uch asosiy yo‘nalishda yanada kuchayishi kutilyapti:
Inson kapitalini rivojlantirish – ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimini yanada takomillashtirish.
Ekologik barqarorlik – Orolbo‘yi hududini tiklash, yashil energetika va ekologik innovatsiyani joriy etish.
Mintaqaviy hamkorlik – Markaziy Osiyo xavfsizligi va iqtisodiy integratsiyasini mustahkamlash.
Xalqaro ekspertlar fikricha, O‘zbekiston BMT bilan hamkorlikda nafaqat milliy maqsadlariga erishadi, balki butun Markaziy Osiyo uchun barqaror taraqqiyot modelini yaratadi.
Xullas, 33 yillik hamkorlik yo‘li endi yangi ufqlar sari yetaklaydi. Toshkent BMT minbariga faqat bugungi muammolarni emas, balki kelajak avlodlar taqdirini ham o‘ylayotgan davlat sifatida chiqmoqda. E’tiborlisi, ayni mushtarak maqsadlar jadal bo‘y ko‘rsatmoqda. Bugun 33 yil oldingi tarixiy qadam tufayli O‘zbekiston nafaqat global zanjirning muhim halqasiga aylandi, balki mintaqaviy va xalqaro jarayonlarning faol ishtirokchisi sifatida ko‘p davlatlarga namuna. Eng muhimi, bunday hamkorlik kelgusi avlodlar uchun yanada mustahkam va barqaror poydevor yaratadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA
- Qo'shildi: 22.08.2025
- Ko'rishlar: 92
- Chop etish