Shu yil 16 mayda Islom hamkorlik tashkiloti mamlakatlari axborot agentliklari uyushmasining “Koronavirusga qarshi choralarni qo'llab-quvvatlashda axborot agentliklarining o'rni” mavzuidagi birinchi virtual forumi o'tkazildi. Ushbu onlayn-yig'inda IHTga a'zo mamlakatlarning 50 dan ortiq milliy axborot agentliklari qatori O'zbekiston Milliy axborot agentligi – O'zA mas'ullari ham qatnashgani alohida diqqatni tortadi.
Chunki Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) dunyodagi nufuzli xalqaro tashkilotlardan biri va eng yirik xalqaro islom tashkilotidir. IHT 1969 yil 25 sentyabrda Marokash poytaxti Robotda o'tkazilgan islom davlatlari rahbarlarining birinchi yig'ilishida tashkil etilgan.
IHT qarorgohi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan. Dastlab Islom konferentsiyasi tashkiloti (IKT) deb yuritilgan ushbu xalqaro tashkilot hozirgi nomini 2011 yilda olgan. IHTda ingliz, arab va frantsuz tillari rasmiy ish tili hisoblanadi.
IHTning asosiy maqsad va vazifalari:
a'zo davlatlar o'rtasida do'stlik va birdamlik rishtalarini uyg'unlashtirish;
islom olamida yuzaga kelgan muammolarni hal etish;
davlatlar ichki qonunlariga hurmat bilan yondashish;
inson huquqlarini himoya qilish;
a'zo davlatlarning iqtisodiy jihatdan rivojlanishiga ko'maklashish;
islom dini haqida ayrim nohaq va nojo'ya ma'lumotlarni bartaraf qilish;
turli sohalarda mamlakatlardagi institutlar bilan ilmiy izlanishlarni tashkil qilishdan iborat.
Bugungi kunda qariyb 2 milliard nafar aholiga ega 57 davlat IHTga a'zodir. Bu keng miqyosdagi hamkorlik muqaddas islom qadriyatlarini asrab-avaylash va rivojlantirish, musulmon xalqlari o'rtasida hamjihatlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyotni ta'minlash, tashkilotga a'zo mamlakatlar xalqlarining rivojlanishi va farovonligiga ko'maklashishdek ezgu maqsadlarga erishish yo'lida muhim o'rin tutib kelmoqda.
IHTda BMT, Rossiya, Bosniya va Gertsegovina, Markaziy Afrika Respublikasi kuzatuvchi maqomiga ega. O'zbekiston 1995 yil oktyabr oyida mazkur tashkilotga kuzatuvchi, 1996 yil 2 oktyabrdan boshlab to'laqonli a'zo sifatida qabul qilingan.
O'zbekiston 2015 yil 14 dekabrda IHTning yangi Nizomiga qo'shilganini ta'kidlash lozim. IHT Nizomi 2016 yil aprelida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilingan.
O'zbekiston tomoni IHTni muqaddas dinimizni tinchlik va taraqqiyot omili sifatida e'tirof etadigan islom dunyosi mamlakatlarining nufuzli va samarador forumi sifatida e'tirof etadi. Shu bois mazkur Tashkilotning mustahkamlanishi va o'zaro munosabatlarimiz izchil ravnaq topishidan manfaatdormiz.
IHT sammitlari va IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining yillik sessiyalarida mamlakatimiz rasmiy delegatsiyalari muntazam qatnashib kelmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda O'zbekistonning IHT bilan hamkorligi faollashdi va o'zaro munosabatlarning yangi bosqichiga ko'tarildi.
Bunda 2016 yil 18-19 oktyabr` kunlari Toshkent shahrida bo'lib o'tgan IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi alohida ahamiyat kasb etdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ushbu sessiyaning ochilish marosimidagi nutqida O'zbekiston IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raislik qiladigan davrdagi (2016 yil oktyabr oyidan – 2017 yil iyul oyigacha) ustuvor vazifalarga e'tibor qaratdi.
Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, «Ta'lim va ma'rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo'l» mavzusi 43-sessiya kun tartibining asosiy g'oyasi etib belgilangani chuqur ramziy ma'noga ega. Bu g'oya «Beshikdan qabrgacha ilm izla» degan mashhur hadisga hamohang. Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston tomoni ilgari surgan tashabbuslar bevosita ilm-fan va ma'rifat rivoji bilan uzviy bog'liqdir.
O'zbekiston Prezidenti, shuningdek 2017 yil 10 sentyabrda Astana shahrida (Qozog'iston) bo'lib o'tgan IHTning Fan va texnologiyalar bo'yicha birinchi sammitida so'zlagan nutqida ham ilm-fan, ma'naviyat va ma'rifatni rivojlantirishga doir amaliy takliflarni kun tartibiga qo'ydi. Ayni paytda mamlakatimiz rahbari IHT yuksak minbarlaridan turib e'lon qilgan ezgu tashabbuslar hayotga keng tatbiq etilmoqda.
Ma'lumki, 2019 yil 7-8 oktyabr` kunlari poytaxtimizda IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi yillik 6-seminari bo'lib o'tdi. Xalqaro anjuman ishtirokchilari O'zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilgari surgan BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasini qabul qilish to'g'risidagi tashabbusini qo'llab-quvvatladilar.
IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi o'zining yirik xalqaro anjumaniga aynan yoshlar huquqlari masalasini tanlagani bejiz emas. Negaki, bugungi kunda yoshlar aksariyat mamlakatlarda, ayniqsa, IHTga a'zo davlatlarda aholining katta qismini tashkil etadi. Bizning ushbu aholi qatlamiga nisbatan befarq yondashuvimiz jamiyatlarimizdagi barqarorlik va tinchlik-osoyishtalikni tahdid ostiga qo'yishi muqarrar.
Toshkent anjumani ishtirokchilari yakunlovchi hujjat – Islom hamkorlik tashkiloti a'zo mamlakatlarida yoshlar huquqlari to'g'risidagi Toshkent Deklaratsiyasini qabul qildilar. Deklaratsiyada xalqaro darajada va IHTga a'zo mamlakatlar tomonidan yoshlar huquqlarini to'la ta'minlash yo'lida kelgusida amalga oshiriladigan muhim tashabbuslar bayon etilgan.
Bugungi kunda O'zbekiston bilan IHT o'rtasidagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanmoqda. Bunda, jumladan, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi o'rtasida yo'lga qo'yilgan o'zaro yaqin munosabatlar alohida o'rin tutadi.
Shu ma'noda, O'zA vakillari ishtirok etgan IHT mamlakatlari axborot agentliklari uyushmasining onlayn-forumi muhim ahamiyatga ega, deb o'ylaymiz. Mazkur virtual-anjuman davomida Saudiya Arabistoni qirolligi axborot vaziri, Milliy axborot agentliklari uyushmasi Ijroiya kengashi raisi Majid bin Abdulloh al-Qasabi boshchiligida o'tkazilgan muhokamalarda qayd etilganidek, pandemiya sharoitida axborotga bo'lgan ehtiyoj keskin ortmoqda.
Bunday murakkab sharoitda, Majid bin Abdullohning fikricha, IHT mamlakatlari axborot agentliklari uyushmasi a'zolari o'rtasida hamkorlikni kuchaytirish har qachongidan ko'ra dolzarb ahamiyat kasb etayotgani ta'kidlangani bejiz emas. Binobarin, ommaviy axborot vositalari soni juda ko'p bo'lsa-da, bugun axborot agentliklari mavzuni haqqoniy yoritishi bilan ajralib turibdi.
Chindan ham, koronavirus pandemiyasi aynan haqqoniy axborot jamiyat hayotida qanday muhim rol o'ynashini yana bir bor ko'rsatdi. Forum ishtirokchilari ta'biri bilan aytganda, har qanday qaltis vaziyatda ham yolg'on ma'lumotlarni fosh etish, uydirmalar tarqalishining oldini olish, odamlarga foydali va uzluksiz xabar berish milliy axborot agentliklarining doimiy maslagiga aylandi.
Onlayn-forum yakunida Qo'shma bayonot qabul qilinib, unda milliy axborot agentliklari tezkor axborot yetkazish va aholining kasallik bilan bog'liq ma'lumotlardan xabardorligini oshirishda bundan buyon ham faol bo'lishi alohida qayd etilgani diqqatga loyiqdir. Bu borada o'zaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida IHT mamlakatlari axborot agentliklari uyushmasi agentliklarga o'z dasturlarini taklif etdi.
Kelgusida O'zbekiston Milliy axborot agentligi ham ushbu loyihalarda ishtirok etishi kutilmoqda. Bu juda muhim. Negaki, O'zAning professional jurnalistlari koronavirus inqirozi haqida aniq, haqqoniy dalillarga asoslangan axborotlarni tarqatish orqali har xil yolg'on-yashiqlarni fosh etishda katta rol` o'ynamoqda. Ayni yo'nalishda tajriba almashish va malaka oshirish, albatta, foydalidir.
Xulosa qilib aytganda, ommaviy axborot vositalari fuqarolarning ishonchini qozonishi uchun, birinchidan, o'z faoliyatiga o'ta mas'uliyat bilan yondashishi, ikkinchidan, hamisha ishonchli axborotga tayanishi zarur. Hozirgi inqirozni yengib o'tishda o'zaro hurmat va inson huquqlariga amal qilish mezonlari barchamiz uchun yo'lchi yulduz vazifasini o'tashi lozim.
Bu, o'z navbatida, ijtimoiy tarmoqlardagi COVID-19 pandemiyasi bilan bog'liq adovatli va zararli bayonotlarga yanada qat'iyatliroq qarshi turib, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning ta'kidlaganidek, "Internetni aniq dalillar va ilmiy asoslangan ma'lumotlarga to'ldirib tashlash"ni taqozo etadi. Shundagina dunyo miqyosida pandemiyadan ham xatarliroq tus olgan «dezinformatsiya to'lqini»ga bas kelish mumkin.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 20.05.2020
- Ko'rishlar: 6316
- Chop etish