2025 yil 7-11 iyul kunlari Shveysariyaning Jeneva shahrida Axborot jamiyati bo‘yicha Butunjahon sammiti – “WSIS+20” o‘tkazilmoqda. Tadbirda ilk bor O‘zbekiston Progressiv islohotlar markazi vakillari ishtirok etmoqda.
Anjuman Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘magida o‘tkaziladigan, raqamli rivojlanish, AKT siyosatidagi yutuqlar va inklyuziv muloqotni ilgari surishga qaratilgan global platformadir. Joriy yilgi forum dunyo miqyosidagi hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar va xususiy sektor vakillarini birlashtirmoqda.

10 iyul kuni sammitda Progressiv islohotlar markazi tomonidan “O‘zbekistonda media va AKTni rivojlantirish: Raqamli inklyuziya va infratuzilmani kuchaytirish” mavzusida maxsus panel sessiyasi tashkil etiladi. Bu haqda Progressiv islohotlar markazi Media va axborot yetkazish bo‘limi ma’lum qildi.
Sessiyada raqamlashtirish sohasidagi yutuqlar, kuchli axborot jamiyatini shakllantirish hamda O‘zbekistonning bu boradagi milliy tajribasi muhokama qilinadi. Markaz direktori Mirshohid Aslanov, direktor o‘rinbosari Qadambay Sultonov va “Digital Generation Uzbekistan” koordinatori Ummatoy Yo‘ldosheva ushbu panel sessiyasida o‘z taqdimoti bilan ishtirok etishi kutilmoqda.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda inson manfaatlariga yo‘naltirilgan elektron boshqaruv tizimini joriy etish, raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtiriladi.
Sammit doirasida aholining barcha qatlamlari uchun raqamli infratuzilmaning ochiqligi va qulayligini ta’minlash, shuningdek, axborotdan foydalanish huquqini kafolatlovchi inklyuziv va ishonchli media ekotizimini shakllantirish yo‘nalishidagi tashabbuslar muhokama qilinmoqda.
– “WSIS+20” singari xalqaro platformalar mustaqil institutlarga tajriba almashish, dolzarb masalalarni muhokama qilish va raqamli o‘zgarishlarni shaffof va inklyuziv tarzda olib borish imkonini beradi, – dedi Progressiv islohotlar markazi direktori Mirshohid Aslanov. Delegatsiyamiz vakillarining sammitdagi ishtiroki O‘zbekiston fuqarolik jamiyatining global raqamli siyosatdagi faolligini aks etttiradi.
Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA
- Qo'shildi: 08.07.2025
- Ko'rishlar: 135
- Chop etish