8 fevral kuni Toshkent shahrida «Faol fuqarolar» umummilliy festivali boshlandi. Ushbu festivalga "Prezident Murojaatnomasi — O'zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning yangi bosqichi” mavzusida tashkil etilgan xalqaro konferentsiya doirasida start berildi.
Festival «Yuksalish» umumilliy harakati, Adliya vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi delegatsiyasi, Qozog'istonning fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi (AGRO) va qator hamkorlar ko'magida tashkil etilyapti, deb xabar tarqatdi kun.uz sayti.
Festivaldan maqsad – islohotlar jarayonlarining barcha ishtirokchilari sa'y-harakatlarini birlashtirish, O'zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo'yicha tavsiya va takliflar ishlab chiqishdan iborat.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov festivalning ochilish marosimida ta'kidlaganidek, festival doirasida 10 ta viloyat markazlarida 20 dan ortiq tadbir o'tkaziladi. Tadbirlar konferentsiya, taqdimot, mahorat darslari va davra suhbatlari shaklida tashkillashtiriladi. Bunday ko'lamdagi tadbir O'zbekistonda birinchi marta o'tkazilmoqda.
Besh kun davom etadigan festival nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimlik organlari, OAV vakillari va 2 mingdan ziyod ishtirokchilarni qamrab olishi rejalashtirilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 09.02.2021
- Ko'rishlar: 3699
- Chop etish