Parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlari kengaytirilmoqda

Avval xabar berilganidek, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilib, birinchi o‘qishda qabul qilingan edi.

Parlamentdagi muxolifatning huquqlarini kengaytirishga qaratilgan mazkur hujjat loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishlarda qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilgan siyosiy partiya fraksiyasiga qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilguniga qadar o‘sha masalaga doir qonun loyihasi, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qarori loyihasining muqobil tahririni kiritish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, muxolifat fraksiyaga Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir nafar qo‘mita raisi va ikki nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli egallash, har chorakda «Hukumat soati» doirasida hamda parlament so‘rovini yuborish to‘g‘risida kamida bitta masala kiritish kabi qo‘shimcha huquqlar berilmoqda.  

Qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalarining tashabbuskorlik huquqi kafolatini mustahkamlashda, elektorat manfaatlari himoyasi nuqtai nazaridan pozitsiya bildirish imkoniyatlarini kengaytirishda alohida ahamiyat kasb etadi.

Muhtarama Komilova, O‘zA

Powered by GSpeech