Parlamentlararo muloqot – dunyoda tinchlik va ishonchni ta’minlashning muhim vositasi

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Betaraflik do‘stlari guruhiga a’zo mamlakatlar parlamentlari rahbarlarining ikkinchi uchrashuvida ishtirok etdi.

Videokonferensaloqa formatida o‘tgan tadbir Turkmaniston Milliy kengashi Majlisi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, “Parlamentlararo muloqot – dunyoda tinchlik va ishonchni ta’minlashning muhim vositasi” mavzusiga bag‘ishlandi.

Uchrashuvda Betaraflik do‘stlari guruhiga a’zo mamlakatlar parlamentlari, parlamentlararo tashkilotlar, Parlamentlararo Ittifoq va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar Parlamentlararo assambleyasi rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

Parlamentarizmning zamonaviy global chaqiriqlar sharoitidagi roli, parlamentlar o‘rtasida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada chuqurlashtirish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or tajribalar va milliy amaliy yondashuvlarni almashish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Senati Raisi geosiyosiy ziddiyatlar, xavfsizlik tahdidlari, ijtimoiy inqirozlar ortib borayotgan bir paytda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining qat’iy irodasi tufayli bugun mintaqamizda do‘stlik, ochiqlik va hamjihatlik muhiti qaror topayotganini ta’kidladi.

BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Yopiq chegaralar va hal etilmagan nizolar davri ortda qoldi, mintaqada Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi” degan fikrlari bunga misoldir.

Bugun Markaziy Osiyo – bu yangi sifatdagi mintaqaviy birlik, tinchlik va barqarorlik timsoli ekani, parlamentlar esa bu jarayonda muhim ko‘prik vazifasini bajarayotgani qayd etildi.

–Biz qonunchilik orqali nafaqat ichki siyosatni, balki mintaqaviy hamkorlik va ishonch muhitini ham mustahkamlaymiz. Hozirgi zamonaviy sharoitda parlamentlar xalqlar manfaatlari yo‘lida tinchlik, ishonch va adolatni mustahkamlashda tobora muhim rol o‘ynamoqda, – dedi T. Norboyeva.

Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo muloqotni yanada faollashtirish va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga oid kelishuv va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech