Bugungi kunda pensiya tizimi bo‘yicha fuqarolar orasida turli savollar tez-tez uchrab turibdi.
Aksariyat hollarda rasmiy hujjatlardagi murakkab atamalar va hisob-kitoblar odamlarga tushunarsiz bo‘lib qolmoqda, natijada noto‘g‘ri talqinlar va tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Shu sababli, biz Pensiya jamg‘armasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga asosan, pensiya hisob-kitoblari va unga oid tartiblarni fuqarolarga yanada tushunarli va sodda tilda tushuntirishni maqsad qildik.
O‘zbekiston Respublikasida pensiya ikki xil yo‘l bilan beriladi:
- Davlat pensiyasi,
- Jamg‘arib boriladigan pensiya.
1. Davlat pensiyasi ("solidar" pensiya tizimi) — Bu pensiya fuqarolarning ishlagan yillari (ish staji) va olgan oyligi asosida belgilanadi. Bu Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari tomonidan moliyalashtiriladigan pensiya tizimi bo‘lib, unda ishlayotgan aholi (ya’ni faol mehnat faoliyatidagi shaxslar) tomonidan to‘lanadigan majburiy ijtimoiy soliqlar (pensiya badallari) evaziga pensiya yoshiga yetgan yoki nogironlik sababli mehnatga layoqatsiz bo‘lgan shaxslarga pensiya to‘lanadi.
2. Jamg‘arib boriladigan pensiya — bu esa xodimning oyligidan majburiy tarzda 0,1% ajratilib, ushbu ajratilgan mabag‘ Xalq bankida uning nomiga alohida jamg‘arib boriladi. Keyinchalik, xodim pensiyaga chiqqanidan so‘g ushbu jamg‘arilgan pullarini bir martada bo‘lib-bo‘lib olish huquqiga ega.
Shuningdek, har bir fuqaro istasa, o‘z xohishiga ko‘ra jamg‘ariladigan pensiyasiga ixtiyoriy mablag‘ ajratib, kelajakdagi mazkur pensiyasini ko‘proq qilib borishi mumkin.
Pensiya huquqiga kimlar ega?
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasiga ko‘ra, har bir fuqaro quyidagi holatlarda davlatdan ijtimoiy yordam (nafaqa yoki pensiya) olish huquqiga ega:
- qariyaga aylanganda,
- ishlay olmas darajada nogiron bo‘lib qolsa,
- ish topolmay ishsiz bo‘lib qolsa,
- oilaning boquvchisi vafot etsa,
- yoki boshqa qonun bilan belgilangan holatlarda.
Pensiyaning turlari:
1993 yilda qabul qilingan qonunga ko‘ra, fuqarolarga uch xil holatda pensiya tayinlanadi:
1. Yoshga doir pensiya
- • Erkaklar: 60 yoshga to‘lganda va kamida 25 yil ishlagan bo‘lsa.
- • Ayollar: 55 yoshga to‘lganda va kamida 20 yil ishlagan bo‘lsa.
- • Agar ish staji kamida 7 yil bo‘lsa, unda pensiya to‘liq bo‘lmagan miqdorda tayinlanadi.
2. Nogironlik pensiyasi
- Bu pensiya I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilgan fuqarolarga beriladi.
- Nogironlik belgilanganda, quyidagi ish staji bo‘lishi shart:
- 23 yoshgacha — kamida 2 yil,
- 23–26 yosh — kamida 3 yil,
- 26–31 yosh — kamida 5 yil,
- 31–36 yosh — kamida 7 yil,
- 36–41 yosh — kamida 9 yil,
- 41–46 yosh — kamida 11 yil,
- 46–51 yosh — kamida 14 yil,
- 51–56 yosh — kamida 17 yil,
- 56 yoshdan katta — kamida 20 yil.
Pensiya qanday hisoblanadi?
Pensiya miqdori 3 asosiy qismdan tashkil topadi:
Pensiyaning tayanch miqdori (PTM) – bu sizning o‘rtacha ish haqingizning 55 foizi.
Ortiqcha staj uchun qo‘shimcha (OS) – kerakli ish stajidan ortiq har bir yil uchun pensiyaga o‘rtacha ish haqining 1% miqdorida qo‘shimcha to‘lov qo‘shiladi. (Agar siz boquvchisiz qolgan bo‘lsangiz — 0,5%).
Ustama haqlar (PU) – agar sizda maxsus unvon (masalan, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi”) bo‘lsa, pensiyaga qo‘shimcha to‘lov beriladi.
Masalan: Fuqaro (erkak):
Ish staji – 40 yil
Oxirgi 10 yildagi eng yaxshi 5 yillik o‘rtacha oylik maoshi – 4,5 mln so‘m
Unvoni – “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi”
Pensiya quyidagicha hisoblanadi:
1. Tayanch miqdor:
4,5 mln so‘m × 55% = 2 475 000 so‘m
2. Ortiqcha staj uchun (25 yil talab qilingan, u esa 40 yil ishlagan):
15 yil × 1% = 15%
4,5 mln so‘m × 15% = 675 000 so‘m
3. Ustama haq (412 ming so‘m BHM × 160%) = 659 200 so‘m
Jami pensiya:
2 475 000 + 675 000 + 659 200 = 3 809 200 so‘m
Eslatma:
Pensiya hisoblashda ish haqining maksimal miqdori cheklangan: 5 652 000 so‘mdan ortiq hisobga olinmaydi.
Avvalgi yillarda olingan ish haqi inflyatsiya koeffitsiyenti asosida zamonaviylashtiriladi.
Eng kam pensiya – minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmasligi shart.
Ma’lumot uchun, joriy yil 1 iyul holatiga pensiya oluvchilar soni 4 202,5 ming nafarni tashkil etadi. Shundan, Yoshga doir pensiya – 3 477,9 ming nafar;
Nogironlik pensiyasi – 475,5 ming nafar;
Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi – 249,1 ming nafar.
Bu jami aholining 11 foizini tashkil etadi.
Pensionerlar soni 2025 yil 1 iyul holatiga o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 98,1 mingta (yoki 2,4 foizga)ga oshgan. 2024 yilda jami 306,0 mingta pensiya yangi tayinlangan.
Shundan, Yoshga doir pensiya – 242,7 ming nafar;
Nogironlik pensiyasi – 44,5 ming nafar;
Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi – 18,8 ming nafarni tashkil etgan.
M.Eshmirzayeva, O‘zA
- Qo'shildi: 31.07.2025
- Ko'rishlar: 252
- Chop etish