Axborot texnologiyalarining rivojlanishi jurnalistika sohasida yangi yo‘nalishlarning shakllanishiga turtki bo‘lmoqda. Ana shunday zamonaviy media formatlaridan biri bu – podkastlar. So‘nggi yillarda butun dunyoda, xususan O‘zbekistonda ham bu janr ommalashib bormoqda. Endilikda jurnalist faqat gazeta yoki televideniye orqali emas, balki qulay va ixtiyoriy eshitiladigan audio platformalar orqali ham o‘z fikrini yetkazishi mumkin.
Bu kontent turi avvaliga ko‘ngilochar yo‘nalishda shakllangani bilan, keyinchalik jurnalistik tahlil, intervyular, hujjatli hikoyalar, yangilik sharhi kabi shakllarda rivoj topdi. Podkastlarning jurnalistik ahamiyati shundaki, ular aniq auditoriyaga qaratilgan bo‘ladi. Masalan, yoshlar, ayollar, siyosatshunoslar va boshqalar.
Erkinlik darajasi yuqoriligi – muallif o‘z pozitsiyasidan kelib chiqib mavzu yuzasidan fikrlarini ochiq bayon qiladi. Bu esa podkastlar jurnalistikaning asosiy tarmoqlaridan bir bo‘lib borayotganidan dalolat beradi. Sifatli tahlil va chuqur suhbatlar uchun imkoniyat yaratib beradi. Aniq vaqt va joyga bog‘liq bo‘lmagan holda eshitilishi mumkin. Ya’ni, foydalanuvchi uchun juda qulay.

Ayrim mutaxassislar podkastni “audio maqola” deb ham ataydi. Bu jihat ularni bloglar va an’anaviy maqolalarga yaqinlashtiradi. Shunday bo‘lsa-da, professional tahrir va ovoz sifati podkastlarni mustaqil media mahsulot sifatida ko‘rishga asos bo‘ladi.
Podkastlarning saviyasi ularning g‘oyasi, olib boruvchilar tili, ovoz sifati va eng muhimi – mazmuniga bog‘liq. Yaxshi podkast tinglovchilarga yangi bilimlar beradi. Dolzarb hayotiy muammolarni yoritadi. Shuningdek, auditoriyaga tanish ovoz va do‘stona ohang orqali ta’sir qiladi.
Masalan, huquqiy savodxonlik, ruhiy salomatlik, ayollar huquqi, ta’limdagi islohotlar, tadbirkorlik va shaxsiy rivojlanish kabi mavzulari eng ko‘p eshitiladigan yo‘nalishlardan biri bo‘lib bormoqda.
Podkastlar ayniqsa yoshlar orasida mashhur. Ular YouTube, Instagram, Spotify platformalarda istalgan payt eshitilishi, ko‘pincha interaktiv shaklda jalb qilishi, auditoriya bilan yaqin aloqaga kirisha olishi bilan ommalashmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda podkast yo‘nalishida sezilarli o‘sish kuzatilmoqda. Dastlab, bu faqat blogerlar yoki muqobil media vakillarining tashabbusi bo‘lsa, hozirda yirik OAV ham podkastlar orqali faoliyat yurita boshladi. Xususan, “Lolazor”, “Kun podkasti”, “Daryo” podkastlari shular jumlasidan. Podkastlar orqali ham ijtimoiy muammolar, dolzarb mavzular, shaxsiy hikoyalar va ekspert tahlillar keng yoritilmoqda. Bu – media maydonining yangi bosqichga o‘tganini anglatadi.
Bundan tashqari, ko‘plab shaxsiy brendlar, startaplar va blogerlar ham o‘z auditoriyasiga mos podkastlar yaratmoqda. Bu esa media bozoridagi raqobat olib kiradi va sifatni oshiradi. Podkastlarda yo‘nalish nuqtai nazari ham turlicha. Misol uchun, ba’zi podkastlarda korrupsiya, ishsizlik, ta’limdagi muammolar, sog‘liqni saqlashdagi og‘riqli nuqtalar tahlil qilinadi. Bu turdagi podkastlar rasmiy manbalar va ekspertlar fikri asosida tayyorlanib, tinglovchiga xolis va chuqur tahlil taqdim etadi.
Shaxsiy hayotdagi muvaffaqiyat hikoyalari ham tinglovchilar uchun juda qiziqarli yo‘nalish. Ushbu podkastlarda san’atkorlar, sportchilar, tadbirkorlar va mutaxassislar ishtirok etib, o‘z hayoti, yutuqlari va qiyinchiliklari haqida so‘z yuritadi. Bu turdagi kontent motivatsion ruhda bo‘lib, yoshlar orasida juda ommabop.
Podkastlarning borligi yaxshiku-ya, ammo ba’zi bir ko‘ngilochar podkastlarning ma’no-mazmuni va ularda yoritilayotgan mavzular kishini o‘yga toldiradi. Bu maydonda bir xavfli tendensiya kuzatilmoqda. Har qanday shaxsni yoki qadriyatni targ‘ib qilmasin, podkastlarga taklif qilish urf bo‘lib qolgandek.
Bugun ba’zi podkastlar “eshituvchilar soni”, “mavzu shov-shuvli chiqsin” degan niyatda shaxsiy hayotini ijtimoiy tarmoqlarda ko‘z-ko‘z qilib yurgan, tarbiyasiz gap-so‘zlardan tab tortmaydigan, yengil-yelpi hayot tarzini ochiqchasiga targ‘ib qiladigan shaxslarni studiyaga chorlamoqda. Eng achinarlisi, bu mehmonlar o‘zlarining bu kabi hayotiy yo‘llarini “orzu”, “maqsad”, “erkinlik” deb talqin qilishadi va aynan shu nuqtada inson ongida noto‘g‘ri tasavvurlar shakllanishi mumkin.
Afsuski, bugungi kunda “mashhurlik” axloqiylik, ziyolilik yoki yutuqlar bilan emas, ko‘proq shov-shuv, bahsli postlar va ijtimoiy tarmoqlardagi faol “kontent” bilan o‘lchanmoqda. Shuning natijasida podkast mezbonlari ham mehmon tanlashda “kim ko‘proq ko‘riladi?” degan savolga bog‘lanib qolmoqda. Natijada mikrofon ortida ijtimoiy mas’uliyatni his qilmaydigan insonlar o‘tirib, ularni tinglayotgan minglab insonlar qalbida chalkashliklar yuzaga kelmoqda.
To‘g‘ri, so‘z erkinligi – demokratik jamiyat belgisi. Lekin erkinlik hech qachon tarbiyasizlikka, axloqiy me’yorlarni buzishga bahona bo‘la olmaydi. Ayniqsa, media olamida, ko‘p sonli auditoriya oldida gapirayotgan har bir inson – jurnalist, bloger, podkastchi bo‘lsin, o‘z so‘zining oqibatini chuqur anglashga majbur.
Podkastlar madaniyat, ma’rifat, tafakkur maydoni bo‘lishi kerak. U yerga taklif etilgan har bir mehmon yoshlar uchun namunali shaxs, ibratli tajriba egasi, ijtimoiy mas’uliyatni his qiladigan inson bo‘lishi lozim. Aks holda, ijtimoiy ongda noto‘g‘ri qadriyatlar ildiz otishi va jamiyatni ichkaridan yemirishi hech gap emas.
Zamonaviy auditoriyaga erishish, tinglovchi bilan bog‘lanish va jurnalistikaning yangi imkoniyatlarini sinab ko‘rish uchun podkastlar ayni muddao. Ushbu maqsad yordamida ham ruhiyatga, ham jamiyatga ta’sir ko‘rsatish mumkin. Uni qanday ishlatish esa biz – media vakillari, ijodkorlar, kontent yaratuvchilarning axloqiy tanloviga bog‘liq. Mas’uliyatli bo‘laylik. Chunki har bir efir kimningdir hayotini o‘zgartiradi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA
- Qo'shildi: 23.07.2025
- Ko'rishlar: 429
- Chop etish