O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2020 yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomasini taqdim etdi. Mamlakatimiz siyosiy hayotida yangilik bo'lgan bunday tadbir ilk bor 2017 yil 22 dekabrda o'tkazilgan edi. 2018 yilning 28 dekabrida esa ikkinchi Murojaatnoma taqdim etildi. Mazkur dasturiy ma'ruzalar chuqur mazmun va katta ahamiyatga egaligi, barcha sohalarga aloqadorligi bilan xalqimizda va hamkor mamlakatlar jamoatchiligida katta qiziqish uyg'otgan.
Bu galgi Murojaatnomada ham o'tgan yil davomida amalga oshirilgan ishlar, joriy va kelgusi yillarga mo'ljallangan ustuvor yo'nalishlar, davlatimiz ichki va tashqi siyosati uchun asosiy vazifalar bayon etilib, dolzarb qonunchilik tashabbuslari ilgari surildi.
Shu kunlarda Murojaatnoma joylarda keng jamoatchiligimiz tomonidan qizg'in o'rganilmoqda.
Akmal SAIDOV,
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari:
– Davlatimiz rahbari O'zbekiston taraqqiyotining eng muhim ustuvor vazifalari to'g'risidagi uchinchi Murojaatnomasini taqdim etgan nufuzli majlis O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 4 ta teleradiokanali, 5 ta telekanali hamda 12 ta hududiy teleradiokompaniya, shuningdek, 5 ta nodavlat telekanal hamda Prezidentning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, internetdagi tegishli saytlar orqali to'g'ridan-to'g'ri namoyish qilindi.
Aholining barcha qatlamlarini qamrab olish maqsadida Murojaatnoma surdo tarjima bilan, shuningdek, rus va ingliz tilidagi tarjimalari bilan efirga uzatildi.
Bularning barchasi O'zbekistonda qisqa muddat – atigi 3 yil ichida davlat boshlig'ining parlamentga Murojaatnoma taqdim etish amaliyoti eng ilg'or xalqaro tajribalarga xos va mos ravishda yo'lga qo'yilganidan dalolatdir.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis palatalariga taqdim etgan navbatdagi Murojaatnomasining quyidagi o'ziga xos xususiyatlarini ko'rsatish mumkin.
Birinchi xususiyati: ushbu muhim ijtimoiy-siyosiy voqeaning avvalgilaridan farqli jihati shundaki, mamlakatimiz rahbari bu galgi Murojaatnomani milliy parlamentning yangilangan tarkibiga taqdim etdi. Qo'shma majlisda oldingi chaqiriq deputatlari ham qatnashdi.
Ikkinchi xususiyati: Murojaatnomada dastavval 2019 yil 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatligiga bo'lib o'tgan saylovlar haqida so'z bordi.
Prezidentimiz mamlakat tarixida ilk bor qabul qilingan Saylov kodeksi asosida, “Yangi O'zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida o'tgan bu muhim siyosiy tadbir jarayonlarini xolis, haqqoniy baholab, fuqarolik jamiyati qurish yo'lida bergan tavsiyalari uchun xalqaro kuzatuvchilarga butun xalqimiz nomidan minnatdorlik bildirdi. Nufuzli xalqaro tashkilotlarning taklif va tavsiyalaridan keyingi saylovlarda albatta foydalanamiz, dedi davlatimiz rahbari.
Uchinchi xususiyati: Murojaatnomada 2019 yil – “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” yakunlari sarhisob qilindi. Shu bilan birga, Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha keyingi uch yil davomida amalga oshirilgan asosiy ishlar haqida ham atroflicha so'z yuritildi.
Bunga qadar birinchi Murojaatnomada 2017 yil – “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, Ikkinchi Murojaatnomada esa 2018 yil – «Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili» yakunlari chuqur tahlil qilingan.
To'rtinchi xususiyati: mamlakatimizni 2020 yil va kelgusi 5 yilda rivojlantirish bo'yicha ustuvor yo'nalish va vazifalar belgilab olindi.
Bungacha Murojaatnomada Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosan yaqin bir yillik eng muhim vazifalarini belgilash amaliyoti qo'llanilgan.
Dunyo tajribasi bilan qiyoslaganda, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis palatalariga Murojaatnoma taqdim etishi timsolidagi mazkur siyosiy-huquqiy tadbir bu boradagi eng ilg'or xorijiy amaliyotga nafaqat mos va mutanosib, balki namuna bo'ladigan yaxshi an'anaga aylandi, deyishga barcha asoslarimiz bor.
Ma'lumki, 2019 yil sentyabrda BMT Inson huquqlari kengashining sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan yurtimizda rasmiy tashrif bilan bo'ldi. O'shanda Diego Garsiya-Sayan dastlabki tavsiyalarini berdi.
Ushbu tavsiyalar sudyalarni saylash va tayinlash;
sudyalarning lavozimida ishlab qolishini kafolatlash;
sudyalarni professional asosda tayyorlash;
sud raislarini tayinlash tartibi va ularning vakolatlari ko'lamini qayta ko'rib chiqish;
sudyalarga intizomiy chora ko'rish tartib-taomillarini mukammallashtirish;
Oliy sud kengashi a'zolarini saylash va tayinlash tizimini takomillashtirish; prokuratura tizimi vakolatlarini qisqartirish;
advokatlar sonini oshirish va yosh huquqshunoslarni ushbu kasbga qiziqtirish uchun targ'ibot ishlarini kuchaytirish istiqbollari bilan bog'liq.
Prezidentimiz parlamentning xalqaro aloqalarini rivojlantirish istiqbollari xususida ham atroflicha to'xtaldi. Avvalo, parlamentimiz O'zbekiston Prezidentining xalqaro tashabbuslarini amalga oshirishda faol ishtirok etishi kerak.
Davlatimiz rahbari so'nggi uch yilda turli nufuzli xalqaro tashkilotlarda qariyb 30 ta tashabbus bilan chiqdi. Jumladan, Prezidentimiz BMT darajasida ilgari surgan 7 ta tashabbus bo'yicha BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyalari qabul qilindi.
SHHT doirasida O'zbekiston Prezidentining 8 ta xalqaro tashabbusi amalga oshirildi. Xuddi shunday 10 dan ziyod muhim tashabbuslar YUNESKO, MDH, IHT, TURKSOY, Markaziy Osiyo mintaqasi miqyosida ilgari surildi.
Davlat rahbari ta'kidlaganidek, biz O'zbekiston tashqi siyosatini faollashtirish yuzasidan boshlagan keng ko'lamli ishlarni, milliy manfaatlarimizga javob beradigan, ochiq, pragmatik va chuqur o'ylangan tashqi siyosat kursini davom ettiramiz. Olis va yaqindagi barcha davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini, uzoq muddatli va ko'p qirrali sheriklikni yanada kuchaytiramiz.
Muzaffarjon MAMASIDDIQOV,
Bosh prokuratura Akademiyasi Markazi boshlig'i, yuridik fanlar doktori, professor:
– Davlatimiz rahbari 2020 yilga “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nom berishni taklif etganligi bejiz emas. Zero, shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi davr insonga moddiy ehtiyojlarini qondirishdek birlamchi ehtiyojlar qatoriga suv va havodek zarur – ilmni ham qo'shdiki, shu tufayli u o'zligini anglab, taraqqiyot sari dadil qadam qo'ymoqda.
Ma'lumki, hozirgi kunda ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini jadal rivojlantirish va sifatini oshirish, oliy ta'lim va ilmiy tadqiqot muassasalarining ilmiy salohiyatini mustahkamlash jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini izchil va barqaror rivojlantirishning muhim omiliga aylandi.
Ilg'or xorijiy tajriba, jahon fanining zamonaviy yutuqlari, innovatsion g'oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar asosida iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal innovatsion rivojlantirishni ta'minlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish va novatorlik g'oyalarini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi tashkil etildi.
Biroq bugungi kunda zamon talablaridan kelib chiqib, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimining sifati va samaradorligini tubdan oshirish, oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim sohasini yanada takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatida yoshlarning intellektual salohiyatini har tomonlama namoyon etish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida ilg'or xorijiy mamlakatlarning mazkur sohadagi amaliyotini hisobga olgan holda amaldagi qonun hujjatlarini takomillash-tirish zarurati tug'ilmoqda.
Zero, davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham ilm-fan yutuqlarining elektron platformasi, mahalliy va xorijiy ilmiy ishlanmalar bazasini shakllantirish lozimligini, har bir oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot dargohi nufuzli chet el universitetlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlikni yo'lga qo'yishi shartligini alohida ta'kidladi.
Darhaqiqat, xorijiy davlatlarning ilg'or tajribasini chuqur o'rganmay turib, ushbu sohani yanada takomillishtirish, ta'lim – fan – amaliyotning uyg'unligini ta'minlash qiyin kechadi.
Murojaatnomada oliy ta'limda o'quv jarayonini kredit-modul tizimiga o'tkazish talab etilishi, joriy yildan pedagogik ta'limning 6 ta yo'nalishi bo'yicha o'qish muddati 3 yil qilib belgilanishi, bu ishlar boshqa yo'nalishlarda ham davom ettirilishi ta'kidlangani bejiz emas.
Bundan tashqari davlatimiz rahbari mamlakatimiz uchun ilm-fan sohasidagi ustuvor yo'nalishlarni aniq belgilab olishimiz kerakligini alohida ta'kidladi. Binobarin, hech bir davlat ilm-fanning barcha sohalarini biryo'la taraqqiy ettira olmaydi.
Murojaatnomada biz ham har yili ilm-fanning bir nechta ustuvor yo'nalishini rivojlantirish tarafdori ekanligimiz, joriy yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yo'nalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlar faollashtirilib, olimlarga barcha shart-sharoitlar yaratib berilishi, shuningdek, ilm-fan sohasida fundamental va innovatsion tadqiqotlar uchun maqsadli grant mablag'larini ajratish mexanizmini tubdan qayta ko'rib chiqish kerakligi ta'kidlandi.
Shunday qilib, joriy yilga “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nom berilishi timsolida mamlakatimizda ilmiy-tadqiqot faoliyati, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o'tkazish tizimining samaradorligini oshirish, mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotida ilm-fanning rolini yanada kuchaytirish, shu maqsadda rivojlangan davlatlarning ilg'or tajribalarini o'rganish hamda amaliyotga joriy etish ustuvor vazifa etib belgilab berilgani e'tiborga sazovordir.
Rahimqul TOSHBOEV,
Jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent viloyat sudining sudyasi:
– Prezidentimiz har gal Konstitutsiya kuniga bag'ishlangan anjumanda va Oliy Majlisga Murojaatnomasida jamiyatda qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq sohasini takomillashtirish masalalariga alohida to'xtalib o'tadilar.
Bu bejiz emas, albatta. Chunki, jamiyat taraqqiyoti qonun ustuvorligi va sud hokimiyatining mustaqilligi bilan chambarchas bog'liqdir.
Shu ma'noda davlatimiz rahbarining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida bugungi kunda islohotlarimiz samarasi ko'p jihatdan to'rtta muhim omilga, ya'ni qonun ustuvorligini ta'minlash, korruptsiyaga qarshi qat'iy kurashish, institutsional salohiyatni yuksaltirish va kuchli demokratik institutlarni shakllantirishga bog'liqligi ko'rsatib o'tildi.
Shu bilan birga, Murojaatnomada sud mustaqilligini to'liq ta'minlash eng muhim vazifalarimizdan biri bo'lishi zarurligi va sudlar mustaqilligini ta'minlash masalasi bundan buyon ham shaxsan Prezidentning qattiq nazoratida bo'lishi alohida ta'kidlandi.
Prezidentimizning ushbu gaplari meni nafaqat sud hokimiyatining vakili sifatida, balki jamiyatimizning oddiy a'zosi sifatida ham juda quvontirdi. Sababi, qaysi jamiyatda adolat oyoqosti bo'lsa, odamlarda qonun ustuvorligiga ishonchsizlik paydo bo'lsa, adolat posboni bo'lmish sud`ya qo'rqoq va kimgadir tobe bo'lsa, shu jamiyat asta-sekin tanazzulga uchrashi barchaga ayon.
Sudning faoliyati qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta'minlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur qoidalarni ro'yobga chiqarish sud`yalar zimmasiga yuklatilgan o'ta muhim vazifa – odil sudlovni og'ishmay amalga oshirishda ifodalanadi.
Sud hokimiyatining, sud`yaning mustaqilligi esa odil sudlovni amalga amalga oshirishning eng muhim shartlaridan biridir.
Mamlakatimizda sudyalarning mustaqilligi asosan O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Sudlar to'g'risidagi” hamda “O'zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashi to'g'risida”gi qonunlar bilan kafolatlangan. Konstitutsiyamizning 106-moddasiga muvofiq O'zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi.
Davlat organlari, boshqa institutlar va xususiy shaxslar sud`yalarni majburlash yoki ularni muayyan qarorlar chiqarishga og'dirish yo'lida bosim ko'rsatishdan tiyilishlari kerak. Shu ma'noda, Murojaatnomada sud qarorlarini prokuratura tomonidan chaqirib olib, o'rganish amaliyotini cheklash lozimligi, ish yuzasidan shikoyat kelib tushgan holdagina prokuror sud qarorini olib o'rganishi mumkinligini belgilash yuzasidan berilgan taklif sudlar mustaqilligini kuchaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Chunki, amaliyotda u yoki bu sabablarga ko'ra prokuratura organlari tomonidan aynan shu yo'l orqali sud`yaga bosim o'tkazishga urinishlar uchrashi hech kimga sir emas. Endilikda bunday holatlarga barham berilishi sud`yalarning faqatgina qonunga bo'ysungan holda, tashqi ta'sirlarsiz qarorlar chiqarishini ta'minlaydi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 27 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimda sudlarning chinakam mustaqilligini ta'minlash biz uchun eng ustuvor vazifa ekanligi, ayniqsa sud biron-bir mansabdor shaxsning qo'li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo'l qo'ymaslik shartligi, shu sababli sud ishlariga aralashgani yoki sudga bosim o'tkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozimligini alohida ta'kidlangandi.
Shuningdek, ushbu ma'ruzada fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini yanada kuchaytirish borasida o'ta muhim taklif – kelgusi yildan boshlab surishtiruv va dastlabki tergov jarayoni ustidan sud nazoratini o'rnatish, ya'ni prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish tartibini joriy etish taklifi bildirildi.
Ahamiyatli tomoni shundaki, ushbu takliflarning amalga oshirilishi kelgusida jinoyat ishini qo'zg'atish bosqichidan boshlab tergovda yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklarni barvaqt aniqlash va ularni zudlik bilan bartaraf etish, fuqarolarni asossiz ayblash, huquq va erkinliklarini noqonuniy cheklashga yo'l qo'ymaslikni kafolatlaydi.
Jahongir SHIRINOV,
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati:
– Davlatimiz rahbari milliy parlamentga uchinchi marotaba Murojaatnoma bilan chiqayotgan bo'lsa-da, yangi tarkibdagi parlament uchun bu birinchi hamda tarixiy Murojaatnoma bo'ldi. Murojaatnomada nafaqat 2020 yilda, balki kelgusi 5 yilda mamlakatimizni rivojlantirish bo'yicha ustuvor yo'nalish va vazifalar belgilab berildi.
Murojaatnomani taqdim etish jarayonining o'ziga e'tibor qaratadigan bo'lsak, undagi auditoriyada nafaqat amaldagi Oliy Majlis deputatlari va senatorlari, hukumat a'zolari, diplomatik korpus hamda nodavlat tashkilotlar vakillari, balki oldingi chaqiriq parlament a'zolari ham ishtirok etdi. Bu avvalambor mamlakat Prezidentining parlament va uning a'zolariga bo'lgan hurmatini yaqqol namoyon etadi.
Yaqinda o'tgan saylovlar davomida xalqimiz tomonidan bir qator dolzarb masalalar ko'tarildi. Saylovlardan so'ng ularni hal etishga bel bog'lanmas ekan, saylovchilar oldida deputatning obro'si ham bo'lmaydi.
Shu sababli davlatimiz rahbari deputatlarga murojaat qilib, saylovoldi uchrashuvlarida aholi tomonidan ko'tarilgan dolzarb masalalarni hal etish bo'yicha aniq dastur va “yo'l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda ularni mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda to'liq amalga oshirish zarurligini taklif qildi. Ayni paytda Qonunchilik palatasining har bir deputati mazkur masala ustida ishlab, saylovchilarning roziligini ta'minlash uchun o'z vazifalarini belgilab olmoqda.
Murojaatnomada belgilanganidek, tadbirkorlik sohasida ijtimoiy xavfi katta bo'lmagan ayrim jinoyat turlarini jinoyat toifasidan chiqarish siyosati izchil davom ettiriladi. Jumladan, soxta tadbirkorlik, raqobatchining obro'sini tushirish kabi qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik bekor qilinadi.
Shuningdek, bojxona qonun hujjatlarini buzish bilan bog'liq jinoyatni birinchi marta sodir etgan, lekin to'lovlarni to'lagan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish belgilandi. Demak, parlament xususan, Qonunchilik palatasi deputatlari oldida amaldagi qonun hujjatlariga tegishli o'zgartishlar kiritish vazifasi turipti.
Yana bir masala: amaliyotda aynan bir tadbirkorlik sub'ekti a'zolari tomonidan jinoyat sodir etilsa uni “jinoiy uyushma” tomonidan sodir etilgan jinoyat sifatida kvalifikatsiya qilinadi. Vaholanki, bunday tadbirkorlar aynan jinoyat sodir etish uchun birlashmaydilar, balki o'zlarining tadbirkorlik maqsadlari nuqtai nazaridan uyushadilar.
Murojaatnomada ushbu “huquqiy muammo”ning ijobiy yechimi berildi. Xususan, yuridik shaxs bo'lgan tadbirkorlik sub'ekti a'zolariga “jinoiy uyushma” degan ayblov qo'yib, ularga og'ir jazo tayinlash kabi tartibni bekor qilish taklif etildi.
Ma'lumki, xalq tomonidan shakllantirilgan vakillik organi sifatida parlament bugungi kunda ijro hokimiyati ustidan nazorat o'rnatib kelmoqda. Hukumat rahbaridan boshlab barcha hukumat a'zolari va viloyat hokimlari ham parlamentga hisobot beradi.
Biroq, mahalliy vakillik organlarida-chi? Nega viloyat va tumanlardagi rahbarlar o'z faoliyati haqida mahalliy Kengashlarga hisobot bermasligi kerak?
Shu sababli Prezidentimiz viloyat va tuman hokimlari o'z dasturlari va ularning ijrosi to'g'risida viloyat Kengashlarida hisobot beradigan tizimni joriy qilishni ta'kidladi. Endilikda quyi mahalliy vakillik organlari ham xuddi parlament so'rovi kabi nazorat shaklidan foydalanadi, aniqrog'i, Kengash so'rovi instituti joriy etiladi. Bu, o'z navbatida, joylarda amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqchilligini ta'minlashga xizmat qiladi.
Parlament yaqin yillarda Fuqarolik, Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijro, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodekslarni yangitdan qabul qilishi taklif etildi. Bunda biz, parlament a'zolari avvalo tergov va sud amaliyotiga inson huquqlari sohasidagi ilg'or standartlarni joriy etishga alohida e'tibor qaratishimiz lozim.
O'zbekiston 2008 yilda BMTning Korruptsiyaga qarshi konventsiyasiga qo'shilgani korruptsiyaga qarshi kurashning huquqiy asoslarini takomillashtirishda muhim qadam bo'ldi. 2017 yilda “Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi qonunning qabul qilinishi davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining korruptsiyaga qarshi kuch
va imkoniyatlarini birlashtirib, yaxlit tizimni yaratish imkonini berdi.
Biroq, Murojaatnomada qayd etilganidek, tadbirkorlar hanuzgacha yer ajratish, kadastr, qurilish, litsenziya, bojxona, bank, davlat xaridlari kabi sohalarda korruptsiyaga duch kelmoqda. Korruptsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o'tish hamda ana shu vazifalar ijrosini tizimli tashkil etish maqsadida parlament va Prezidentga hisob beradigan, korruptsiyaga qarshi kurashishga mas'ul bo'ladigan alohida organni tashkil etish taklif etildi.
Umuman olganda, Murojaatnoma parlament a'zolarining saylovchilar oldidagi mas'uliyatini oshirishga, mehnatkash va bag'rikeng xalqimizga munosib vakil bo'lib xizmat qilishlari uchun muhim dasturilamaldir.
Xusan TURSUNOV,
Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudi sud`yasi:
– Davlat rahbarining Murojaatnomadagi: “oqlov hukmlari chiqarilayotgani sudlarning mustaqilligi, sudyalarning qat'iyati natijasidir, sudlar mustaqilligini ta'minlash masalasi bundan buyon ham shaxsan Prezidentning qattiq nazoratida bo'ladi, sud ostonasiga qadam qo'ygan har bir inson O'zbekistonda adolat hukm so'rayotganiga to'la ishonch hosil qilishi kerak, sudyalarimizning adolatni va qonun ustuvorligini ta'minlash borasida oqlov hukmlarini chiqarayotgani, hech shubhasiz, sud-huquq sohasidagi eng katta yutug'imizdir, men Prezident sifatida sudyalarning bunday jasorati va qat'iyatini bundan keyin ham to'liq qo'llab-quvvatlayman”, degan e'tirof va ishonch to'la fikrlari biz, sud`yalarga ayniqsa katta ruhiy madad bo'ldi.
Bunday yuksak baho va natijaga o'z-o'zidan erishilgani yo'q. Avvalambor, bu shaxsan davlatimiz rahbarining bevosita sa'y-harakatlari va tashabbuslari bilan oxirgi uch yilda sud-huquq tizimida amalga oshirilgan izchil islohotlarning mevasidir.
Hech mubolag'asiz aytish mumkinki, bugun sud idoralari o'zining mustaqilligini, xolisligini faqat qonunlarda yozilganidek emas, balki amalda o'z faoliyatida ko'rmoqda. Shu bois sudga murojaat qilayotgan tadbirkorlar va fuqarolarning ishonchi tobora ortib bormoqda.
Sud qarorlarining sifati va barqarorligi sezilarli darajada oshmoqda, sud muhokamalarida oshkoralik va shaffoflik ta'minlanmoqda, xolis va ob'ektiv o'tkazilmagan soliq tekshiruvlari tadbirkorlar foydasiga hal etilmoqda. Qonun hujjatlaridagi bartaraf etib bo'lmaydigan barcha ziddiyat va noaniqliklar tadbirkorlar manfaatiga talqin qilinmoqda, nizolarni o'zaro murosa yo'li bilan hal etishga qaratilgan zarur choralar ko'rilmoqda.
Bir so'z bilan aytganda, iqtisodiy nizolarni ko'rib chiqishda tadbirkorlik faoliyati ustuvorligi ta'minlanmoqda. Eng muhimi, bugun sud tizimida dunyoqarashi keng, zamonaviy chuqur bilim va tajribaga ega, yuksak ma'naviyatli, adolat yo'lida sodiq turadigan yangi avlod sudyalar korpusi shakllanmoqda.
Tabiiyki, Prezidentimiz va xalqimizning bunday yuksak ishonchi va e'tirofi qonun ustuvorligini ta'minlash va adolat yo'lida katta mas'uliyat va qat'iyat bilan tinimsiz mehnat qilishimizni talab etadi. Ayniqsa, sud biron-bir mansabdor shaxsning qo'li yetadigan idoraga aylanib qolishiga yo'l qo'ymaslikda, eng avvalo, biz sobitqadamlik bilan murosasiz bo'lishimiz lozim.
Bunda sud`yalik qasamyodiga har daqiqa va har qadamda sodiq qolishimiz, “halollik vaktsinasi”ni ich-ichimizga singdirishimizda, davlat rahbari tomonidan Murojaatnomada belgilab berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda bor kuch-g'ayratimizni xalqimizni sud idoralaridan rozi bo'lishiga erishish yo'lida sariflashimiz va bu borada birinchilar qatorida tashabbuskor bo'lishimiz talab etiladi.
Zamira ESONOVA,
yuridik fanlar doktori professor:
– Murojaatnomada belgilab berilgan dasturilamal g'oyalar va muhim vazifalar hayotimizning barcha sohalari, jumladan, ilm-fanni izchil rivojlantirish yo'lidagi ishlarimizga kuchli ijobiy turtki beradi.
Chunki ayni kunlarda oldimizda yuridik fanni rivojlantirish, uning ilmiy asoslarini kuchaytirish, yuridik fanlarni takomillashtirishga doir kontseptsiyani yaratish, nazariya va amaliyot birligini uyg'unlashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish orqali ilmiy asoslangan xulosalar berish, o'quv va ilmiy ishlanmalar yaratish, ularning aholiga zarur va ehtiyojmand qismini tijoratlashtirish, islohotlarga hamohang, davlatimiz va jamiyatimizga foyda keltiradigan strategik, uzoqni ko'ra oladigan g'oyalar yaratish vazifalari qo'yilgan.
Hozirgi vaqtda yurtimizda ilm-fanni rivojlantirish, tadqiqotlarni ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish, ilmiy faoliyat natijadorligini oshirish, iqtidorli talabalar ilmiy izlanishlar olib borishlari uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Eng asosiysi, ushbu sohada ta'lim jarayoniga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, o'quv dasturlarining ishlab chiqarish bilan hamohangligini ta'minlash va professor-o'qituvchilar malakasini oshirish ishlariga yangicha yondashuvlar kuzatilmoqda.
Mamlakatimizda ta'lim-tarbiya sohasining barcha bo'g'inlari – maktabgacha ta'lim, maktab ta'limi, o'rta maxsus va oliy ta'lim tizimlarini takomillashtirish, yangi muassasalar bunyod etish va mavjudlarini qayta ta'mirlash bo'yicha olib borilayotgan ishlar yoshlar kamolotida o'z samarasini bermoqda.
Ilm-ma'rifat deganda, avvalo ta'lim olish va ta'lim berish, ilmiy-tadqiqotlar o'tkazish, ustoz-shogird an'analarini yo'lga qo'yish, ma'rifatli bo'lish va ma'rifatli bo'lishga undash, ana shu ilm-ma'rifat bilan el-yurt koriga yarash, davlat va jamiyat ishiga ulush qo'shish bilan bog'liq fidokorona faoliyat tushuniladi.
Tarixdan ma'lumki, barcha zamonlarda ilm orqali amaliyot, soha, tarmoq rivojlangan, chunki kontseptsiyalar, g'oyalar, strategik ahamiyatga ega vazifalar avvalo, ilm-fanda vujudga kelgan, keyin amaliyotga joriy etilgan. Ilmiy taklif va xulosalarga hamma joyda va hamma davrda tayanilgan, asosiy ustqurma (bazis) sifatida e'tirof etilgan. Chunki ilmdagi takliflar ilmiy asoslanganligi bilan e'tiborga molik bo'lgan.
Prezientimiz ta'kidlaganidek, eng muhimi, islohotlarimiz samarasini yurtimizda yashayotgan har bir inson, har bir oila bugun o'z hayotida his etishi kerak. Murojaatnomada belgilangan ustuvor maqsad va vazifalar esa bizga yuksalishning eng qisqa yo'lidan borish imkoniyatini bermoqda.
Davra suhbatini G'ulom Mirzo tayyorladi
Manba: «Kuch – adolatda» gazetasi
- Qo'shildi: 03.02.2020
- Ko'rishlar: 6350
- Chop etish