Proaktiv pensiya tayinlash ovoragarchilik va korrupsiyaga chek qo‘yadi

O‘zbekistonda ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2 baravarga oshib, kam ta’minlangan nafaqa oluvchi oilalar qamrovi 5 barobarga ko‘paydi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar va nogironligi bo‘lgan bolalarning parvarishi bilan band bo‘lganlar uchun yangi nafaqa turlari joriy etildi.

Aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda. 

2025 yil 20 mayda kuchga kirgan “Aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun soha rivojidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi. 

– Fuqarolarga to‘lanadigan to‘rt turdagi ijtimoiy to‘lovlarni ularning murojaatisiz proaktiv shaklda, ikki turdagi ijtimoiy to‘lovlarni kompozit shaklda hamda yana to‘rt turdagi ijtimoiy to‘lovlarni qo‘shimcha hujjatlar talab etmagan holda, birgina pasport asosida tayinlash amaliyoti joriy etilgan, – dedi Oliy Majlis Senati a’zosi A.Ko‘chimov. – Shu bilan birga, aholiga pensiya tayinlash tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini faol tatbiq etgan holda davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish hamda fuqarolarga qulaylik yaratish, ortiqcha ovoragarchilikka yo‘l qo‘ymaslik maqsadida pensiya tizimini yanada takomillashtirish zaruriyati yuzaga kelgan edi. Shu munosabat bilan “Aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. 

Mazkur hujjat bilan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, fuqarolardan pensiya yoshiga yetganda (erkaklar 60 yosh, ayollar 55 yosh) ulardan alohida murojaat talab etmagan holda proaktiv shaklda pensiya tayinlash tartibi  belgilandi.  

Bunda, fuqaroga pensiya tayinlash uchun zarur ma’lumotlar, ya’ni mehnat staji, ish haqi, o‘qish davri, oila a’zolari haqidagi ma’lumotlar davlat idoralari va tashkilotlarning axborot tizimlaridan elektron ma’lumot almashinuvi asosida olinadi.

Bungacha fuqarolar belgilangan pensiya yoshiga to‘lganidan so‘ng, pensiya tayinlashni so‘rab yashash joyidagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga, Davlat xizmatlari markaziga va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan ro‘yxatdan o‘tgan holda so‘rovnomani to‘ldirgan holda murojaat qilishi talab qilingan. 

Ushbu o‘zgartirish natijasida bir yilda o‘rtacha 250 ming nafar fuqaroning Pensiya jamg‘armasi va Davlat xizmatlari markaziga kelib ariza berishi yoki elektron murojaat qilish bilan bog‘liq vaqt va mablag‘ sarfi tejaladi.

Qonunda fuqaro mehnat faoliyatini davom ettirgan holda keyinchalik yoshga doir pensiyaga chiqish istagini bildirganida proaktiv shaklda tayinlangan yoshga doir pensiyani rad qilish huquqiga egaligi saqlab qolindi. 

Aytib o‘tish kerakki, pensiya miqdori fuqaroning ish staji va ish haqi miqdoriga bog‘liq. Bugungi kunda yurtimizda 500 mingga yaqin ishlovchi pensioner fuqaro mavjud.

Bundan tashqari, “Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida”gi qonunda vafot etgan shaxsning eri (xotini), ota-onasi, farzandlari va boshqa qarindoshlariga yoki qonuniy vakiliga, ular bo‘lmaganda esa dafn etishni amalga oshirish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan boshqa shaxsga dafn etish uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan nafaqa berish kafolatlangani bois qonunda dafn etish bilan bog‘liq tegishli norma chiqarib tashlandi. 

Qonunda ma’muriy islohotlardan kelib chiqib, “Davlat boji to‘g‘risida”gi va “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunlarga nafaqalarni tayinlash va to‘lash bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritildi. 

Ma’muriy islohotlarga muvofiq pensiya va nafaqaga oid ma’lumotlarni taqdim etish bo‘yicha vakolatli organlar vazifalariga aniqlik kiritildi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2023 yil 1 iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  farmoni asosida ijtimoiy nafaqalarni to‘lash Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakolatiga o‘tkazilgan. Shu bois, ushbu agentlikning tuman (shahar) «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlaridan qonunchilikda belgilangan nafaqalarni olmayotganlar tegishli ma’lumotnomani olishi mumkinligi qonunda aks etdi.   

Qonun aholi uchun pensiya tayinlash tizimiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni faol joriy etgan holda davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga yo‘l ochadi. Pensiya tayinlash yuzasidan davlat xizmati ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqish, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilishi natijasida tizimda inson omili kamayishi va korrupsiyaviy xavflarning oldini olishga xizmat qiladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech