«Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmini yanada takomillashtirish munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo'yildi
Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmini yanada takomillashtirish, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishini ta'minlash va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarning samarali va o'z vaqtida bajarilishini ta'minlash maqsadida 2020 yil 22 iyunda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida»gi Farmoni qabul qilindi.
Ushbu Farmon va O'zbekiston Respublikasining Inson huquqlari bo'yicha Milliy strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish uchun O'zbekiston Respublikasining inson huquqlari kafolatlarini mustahkamlash bilan bog'liq ma'muriy-huquqiy munosabatlarni ta'sir qiluvchi bir qator qonun hujjatlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish talab etiladi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosini ta'minlash maqsadida Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz «Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmini yanada takomillashtirish munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqdi.
Ushbu qonun loyixasi 12 moddadan iborat bo'lib, O'zbekiston Respublikasining quyidagi qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritishni nazarda tutadi:
O'zbekiston Respublikasining «O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to'g'risida»gi Qonuniga o'zgartirish va qo'shimcha kiritilmoqda, unga muvofiq Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlislarida inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini bajarish bilan bog'liq masalalar ko'rib chiqiladi. Bundan tashqari, ushbu qonun Vazirlar Mahkamasining Markaz bilan o'zaro aloqalarini tartibga soluvchi norma bilan to'ldirilmoqda;
O'zbekiston Respublikasining «Mahalliy davlat hokimiyati to'g'risida»gi Qonuniga o'zgartirish kiritilmoqda, unda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari tomonidan vazirlik va idoralarning hududiy bo'linmalari rahbarlarining inson huquqlariga rioya etish bo'yicha milliy dasturlarning bajarilishi to'g'risidagi ma'lumotlarini eshitish tartibi belgilab berilmoqda;
O'zbekiston Respublikasining «Sudlar to'g'risida»gi Qonuniga qo'shimcha kiritilmoqda, unga muvofiq Markaz direktoriga Oliy sud Plenumi majlislarida qatnashish huquqi beriladi;
Jinoyat-protsessual kodeksiga shaxsning tegishli xabarnomasini Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo'yicha ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalarining ko'rib chiqishi natijasida yangi ochilgan holatlarni hisobga olgan holda ishni qayta boshlash uchun asoslar kiritilmoqda;
Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks Markaz direktorining qonuniy faoliyatiga to'sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni belgilaydigan qoidalar bilan to'ldirilmoqda;O'zbekiston Respublikasining «O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to'g'risida»gi Konstitutsiyaviyqonuniga qo'shimcha kiritilmoqda, unga ko'ra Markaz direktori Senat majlislarida ishtirok etish huquqini oladi. Bundan tashqari, Senat qo'mitalari O'zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirish bo'yicha milliy hisobotlarni tayyorlash to'g'risidagi ma'lumotlarni eshitish tartibi joriy etiladi;
O'zbekiston Respublikasining «O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to'g'risida»gi Konstitutsiyaviy qonuniga qo'shimcha kiritilib, unga muvofiq Markaz direktori Qonunchilik palatasi majlislarida ishtirok etish huquqiga ega bo'ladi. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi qo'mitalari inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish bo'yicha milliy ma'ruzalar tayyorlash to'g'risidagi axborotni eshitishlari tartibi joriy etiladi;
O'zbekiston Respublikasi «O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to'g'risida»gi qonuniga, qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritishda fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga rioya qilish va cheklash to'g'risidagi qonun loyihalariga Markazning xulosasi kiritilishi lozim bo'lgan tartib joriy etilmoqda;
O'zbekiston Respublikasining «Qonun loyihalarini tayyorlash va ularni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to'g'risida»gi qonuniga qo'shimcha kiritilmoqda, unga muvofiq fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etish va cheklash masalalari bo'yicha qonunlar loyihalari Markaz bilan majburiy ravishda kelishilishi lozim;
O'zbekiston Respublikasining «Parlament nazorati to'g'risida»gi qonuni parlament nazorati shakllari bilan to'ldirilmoqda.
Bundan tashqari, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga rioya qilish holati to'g'risida, shuningdek xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish sohasida parlament nazoratini amalga oshirish tartibini belgilash tartibi to'g'risida Markazdan ma'lumotlarni eshitish to'g'risidagi normalar bilan to'ldiriladi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi O'zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish mexanizmini takomillashtiradi.
Qonun loyihasi davlat organlari va idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari tarafidan muhokama qilindi. Shuningdek, loyiha O'zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari
portaliga jamoatchilik muhokamasidan o'tkazish uchun (regulation.gov.uz ID-22647) hamda Inson huquqlari bo'yicha milliy markazning rasmiy saytida joylashtirildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 28.09.2020
- Ko'rishlar: 4579
- Chop etish