2025 yil 10 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonunda nimalar nazarda tutilgan? Propiska bilan bog‘liq qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov shu haqda so‘zlab berdi:
– Fuqarolarning doimiy yashash va vaqtincha ro‘yxatga olinganligi haqidagi ma’lumotlardan aholi soni statistikasini va hududlar infratuzilmasini shakllantirishda, fuqarolarni ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarida hamda ijtimoiy himoya sohasida qo‘llab-quvvatlashda, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish va unga qarshi kurashishda keng foydalaniladi.
Shuningdek, fuqarolarning saylov jarayonlarida ishtirok etish huquqidan foydalanishlarini ta’minlashda doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligi muhim ahamiyatga ega.
Biroq ayrim fuqarolarning doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmagani saylovchilarning aniq ro‘yxatlarini shakllantirish va saylov jarayonlarini boshqarishda muammolarni yuzaga keltirmoqda.
Bundan tashqari, so‘nggi vaqtlarda jahonda sodir etilayotgan turli qo‘poruvchilik harakatlari respublikamizning chegara zonalari, o‘ta muhim va toifalangan ob’ektlar, yopiq harbiy shaharchalar va yopiq ma’muriy-hududiy tuzilmalarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning erkin harakatlanishi, turar va yashash joyni tanlash bo‘yicha huquqlariga cheklovlar o‘rnatish zaruriyatini tug‘dirmoqda.
Ayniqsa, fuqarolarning mazkur hudud va ob’ektlarda erkin harakatlanishlariga cheklovlar o‘rnatilishi – chegara zonalari, o‘ta muhim va toifalangan ob’ektlar, yopiq harbiy shaharchalar va yopiq ma’muriy-hududiy tuzilmalar daxlsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Amaliyotda yuzaga kelayotgan mana shunday muammolar va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida 2023 yil 8 mayda Prezidentimizning “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Unda yangi tahrirdagi Konstitutsiyani amalga oshirish bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari oldida turgan birinchi galdagi vazifalar belgilab berildi va amalda ro‘yobga chiqarish va qonunchilikning unga zid qoidalarini bekor qilish bo‘yicha bir qator kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar nazarda tutildi.
Jumladan, mamlakatimiz fuqarolarining erkin harakatlanishlari, turar va yashash joyini tanlashga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarni ta’minlashga to‘sqinlik qilib kelayotgan “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi qonunni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish hamda fuqarolarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda xabardor qilishning yangi tartibini joriy etish belgilandi.
Shu munosabat bilan, Ichki ishlar vazirligi tomonidan migratsiya sohasidagi mavjud muammolardan kelib chiqib hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlashga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarni mustahkamlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonuni ishlab chiqildi.
Qonun bilan birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishlari va turar joyi bo‘yicha xabardor qilishlari hamda ularni yashash va turar joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish sohasidagi asosiy prinsiplar hamda tushunchalar belgilandi.
Ikkinchidan, Ichki ishlar vazirligining yashash joyi va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish sohasidagi vakolatlari belgilandi. IIV sohada yagona davlat siyosatini amalga oshiradi. Davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etishi, mutaxassislar tayyorlanishi, qayta tayyorlanishi hamda ularning malakasi oshirilishini ta’minlash, ro‘yxatdan o‘tkazishga doir uslubiy ko‘rsatmalarni, tavsiyanomalarni ishlab chiqish hamda joriy etishda ishtirok etadi.
Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasining chegara zonasida, yopiq harbiy shaharchalarda, yopiq ma’muriy-hududiy tuzilmalarda, tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar ro‘y bergan zonalarda, shuningdek, fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va xavfsizligiga tahdid soladigan boshqa joylarda, yuqumli kasalliklarning hamda yuqumli bo‘lmagan ommaviy kasalliklarning tarqalishi, odamlarning zaharlanish xavfi mavjud bo‘lganligi munosabati bilan aholining yashashi hamda xo‘jalik faoliyati uchun alohida shartlar va rejimlar joriy etilgan ayrim hududlarda hamda aholi punktlarida, o‘ta muhim va toifalangan ob’ektlarda, favqulodda yoki harbiy holat e’lon qilingan hududlarda fuqarolarining, chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqi cheklanishi belgilandi.
To‘rtinchidan, fuqarolarga hamda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish uchun o‘zlariga qulay bo‘lgan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari, davlat xizmatlari markazlari orqali shaxsan hamda yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn tarzda murojaat qilishlari imkoniyati yaratildi.
Beshinchidan, “Ye-xabar berish” tizimi joriy etilib, turar joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishga murojaat qilgan O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ularning hisobini yuritish mazkur tizim orqali amalga oshirilishi belgilandi.
Oltinchidan, fuqarolarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yilmasdan istiqomat qilish muddati 15 kundan 10 ish kunigacha qisqartirilib, fuqarolar va xonadon egalarining o‘z vaqtida yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish borasidagi mas’uliyati oshirildi.
Yettinchidan, prokuratura organlari vazirlik va idoralar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, doimiy yashash guvohnomasiga ega chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning doimiy yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish qoidalariga rioya etishlari faoliyati ustidan nazorat olib borishi ko‘zda tutilgan.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga hamda “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, aholi orasida ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga yengillik yaratish, huquqni qo‘llash amaliyotida hamda ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishda ortiqcha byurokratiya va korrupsiyaviy holatlarning oldini olishda mavjud tartiblar soddalashtirildi. Xususan, kodeksning 223-moddasi, ya’ni pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun belgilangan huquqbuzarliklarning ijtimoiy og‘irlik darajasidan kelib chiqqan holda jarimalar maqbullashtirilib, ularning qat’iy miqdori belgilandi.
Jumladan, pasportsiz yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasiz, amal qilish muddati tugaganligi sababli almashtirilishi lozim bo‘lgan pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta bilan yashaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida (amalda ikkidan bir qismidan uch baravarigacha); pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani yaroqsizlantirganlik yoki yo‘qotib qo‘yganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida (amalda ikkidan bir qismidan uch baravarigacha); yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish qoidalariga rioya etmaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima belgilandi.
Bundan tashqari, qonun bilan o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan va oltmish yoshdan oshgan shaxslarga pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortilmasligi to‘g‘risidagi yangi qoida kiritildi.
Shu bilan birga, pasportni yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani shaxslardan qonunga xilof ravishda olib qo‘yish huquqbuzarliklari uchun bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdordagi jarimalar ham belgilandi.
Qonun aholining erkin harakatlanishiga oid konstitutsiyaviy huquqi ta’minlanib, huquqni qo‘llash amaliyotida ortiqcha byurokratiyaning hamda korrupsion holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi. Faqat qonunning 26-moddasi birinchi qismi 1-bandining 1, 2, 3, 5 va 6-kichik bandlari ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran amalga kiritiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 25.07.2025
- Ko'rishlar: 191
- Chop etish